Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448

Qur’on dardlarga davodir

07.02.2018   24215   9 min.
Qur’on dardlarga davodir

Qur’on – shifo: ham ma’naviy, ham moddiy illatlarga davodir. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Fotiha (surasi) har qanday dardga shifodir”, deganlar (Dorimiy rivoyat qilgan. Hadis sanadi sahih). Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Eng yaxshi davo Qur’ondir”, deb marhamat qilganlar (Ibn Moja va Abu Nuaym rivoyati). 

Abdulloh ibn Jobirdan rivoyat qilinishicha, “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam unga:

 – Qur’ondagi eng yaxshi sura qaysiligini aytaymi?” – dedilar. Shunda u:

– Ha, ey Rasululloh, ayting!” – dedi.

Habibimiz:

– Fotiha surasi. Unda har qanday dardning davosi bor”, dedilar. (Ahmad “Musnad”da, Bayhaqiy “Shuabul imon”da jayyid sanad bilan rivoyat qilgan).

Hadisi sharifda shunday deyilgan: “Allohning Kitobida ko‘z tegishiga qarshi 8 ta oyat bor: Fotiha surasi (7 oyat) va Oyatul kursiy” (Suyutiy naql qilgan. Rivoyat sanadi zaif). Talha ibn Musarrifdan rivoyat qilinadi: “Aytilishicha, bemorning oldida Qur’on o‘qilsa, o‘zini yengil his qilarkan. Men Xaysamaning yoniga bordim. Uning tobi yo‘q edi. “Bugun ancha yaxshisan!” deb ko‘nglini ko‘tardim. Shunda u: “Ha, bugun o‘zimizni yaxshi his qilyapman. Oldimda Qur’on o‘qilgan edi”, deb aytdi” (Bayhaqiy “Shuabul imon”da rivoyat qilgan. Suyutiy bu rivoyatni tafsirda keltirgan). 

Olimlar aytishicha, Qur’on eshitish salbiy his-tuyg‘ulardan (stresslardan) xalos etadi, asabiy taranglikka barham beradi, saraton kabi surunkali kasalliklardan himoyalanish, ularga qarshi kurashishda yordam beradi, uyqusizlik, parishonxontirlik, behuda g‘azablanishga shifo bo‘ladi. Xotira sustligidan shikoyat qiladiganlarga ko‘proq Qur’on o‘qish yoki eshitish tavsiya etiladi.. Tilovatning ovozli to‘lqini asab tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qur’on eshitish bilan yurak kasalliklarini ham davolash mumkin. 

Qur’on bilan davolanishda mustahkam e’tiqod va ixlosning o‘rni juda katta. Shu bilan birga, kasallikni tibbiy muolajalar bilan ham davolanadi

Alloh taolo aytadi: “Biz mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan Qur’on oyatlarini nozil qilamiz. (Lekin bu oyatlar) zolim-kofir kimsalarga faqat ziyonni ziyoda qiladi” (Al-Isro, 82).

Ya’ni, Biz sizga Qur’onni nozil qilamiz. U jaholat va zalolatga davodir. Qur’on mo‘minlar qalbidagi ma’naviy illatlar, nifoq, shikr va haqdan toyilish kabilarni bartaraf qiladi. U mo‘minlar uchun rahmatdir. Ammo Allohga kufr keltirish bilan nafslariga zulm qilganlar Qur’on eshitganlari zahoti imondan yiroqlashadilar va bu narsa ularga ziyon keltiradi, xolos.

Boshqa oyatda Alloh taolo shunday degan: “(Ushbu Qur’on) imon keltirgan zotlar uchun hidoyat va shifodir”, deb ayting (Fussilat, 44).

Ushbu oyatda Qur’on mo‘minlar uchun hidoyat manbai, shifo xazinasi ekani aytilmoqda. Mo‘min bandalar Qur’on bilan to‘g‘ri yo‘lni, ezgulik, yaxshilikka olib boruvchi yo‘lni taniydilar, Qur’on bilan halolni haromdan, oqni qoradan ajrata biladilar. Qur’on, shuningdek, mo‘minlarning qalbi va tanasidagi dardlarga shifodir.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Sizlar o‘zingizga ikki shifo – Qur’on va asalni lozim tutinglar!” (Bayhaqiy va Hokim rivoyati. Hadis lafzi Hokimga tegishli va u: “Bu sanad ikki shayx shartiga ko‘ra sahih, ammo uni ikkisi ham rivoyat qilmagan”, degan).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni asal va Qur’on bilan davolanishga buyurganlar. Bu ikkisi qanday kasalliklarga davo ekani quyidagi rivoyatda aytiladi.

Abul Ahvas Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Qur’onda ikki shifo bor: Qur’on va asal. Qur’on qalbdagi kasalliklarga shifo, asal esa tanamiz dardiga shifodir” (Bayhaqiy “As-sunanul kubro”da rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih).

Bu haqda boshqa rivoyatlar ham kelgan. Xaysama va Asvad Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Sizlar o‘zingizga ikki shifo – Qur’on va asalni lozim tutinglar!” (Hokim va Ibn Abu Shayba rivoyati).

Abul Ahvas Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Qur’on va asal ikkisi shifodir” (Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan).

Demak, Qur’on ma’naviy kasalliklarga, qalbdagi illatlarga, asal esa tanadagi dardlarga malham bo‘ladi.

Abdulmalik ibn Umayr rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Fotiha (surasi) har bir dardga shifodir”, deganlar” (Dorimiy rivoyati. Hadis sanadi sahih).

Fotiha surasi, avvalo ma’naviy kasalliklarga, e’tiqoddagi toyilish va zalolatga shifo, qalb illatlariga davodir. Qolaversa, u tanadagi kasalliklarni ham davolovchidir.

Vosila ibn Asqo’dan rivoyat qilinishicha, bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzuriga tomoq og‘rig‘idan shikoyat qilib kelganida, u zot: “Sen Qur’on o‘qishing kerak”, deganlar. (Bayhaqiy “Shuabul-iymon”da rivoyat qilgan).

Aniqlanishicha, Qur’on harflarini (ayniqsa hoyi hutiy va aynni) talaffuz qilish tomoqdagi kasalliklarni bartaraf etar ekan. Shu sabab bo‘lsa kerak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga tomoq og‘rig‘idan shikoyat qilib kelgan kishini Qur’on o‘qishga buyurganlar.

Abu Said roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan bir nechtasi safarga chiqdi va arablar turarjoyidan birida qo‘nib topib, ulardan mehmon qilishlarini so‘rashdi. Ammo (qabiladagilar) bundan bosh tortishdi. Shu orada o‘sha qabila boshlig‘ini (chayon) chaqib oldi. Ular qo‘llaridan kelgan barcha choralarni ishga solsalar-da, biron naf chiqmadi.

Shunda ulardan biri: “Anavi guruh oldiga boringlar. Shoyad ularda naf beradigan biron narsa bo‘lsa!” dedi. Bas, ular sahobalar oldiga borishdi va: “Ey sizlar, qabila boshlig‘imizni (chayon) chaqib oldi. Harchand urinsak ham, biron natija chiqmadi. Sizlardan birortangiz bunga davo topa olasizmi?” dedi. Sahobalardan birlari: “Ha, Allohga qasamki, men dam solaman. Lekin, Allohga qasamki, biz sizdan mehmon qilishingizni so‘raganimizda, bosh tortdinglar. Endi biron mukofot tayin qilmaguningizcha hargiz dam solmayman!” dedi. Bas, ular bir to‘da qo‘ylar evaziga kelishib olishdi. Haligi kishi “alhamdu lillaahi robbil-’alamiyn”ni o‘qib, unga puflab (dam sola) boshladi. Bemor kishi hech narsa bo‘lmagandek sog‘ayib qoldi. Shundan so‘ng (qabila boshlig‘i): “Kelishgan ahdingizni bajaringlar!” dedi.

Sahobalardan biri: “Taqsimlanglar!” dedi. Dam solgan kishi bo‘lsa: “Shoshmanglar! Avval Nabiy sollallohu alayhi vasallam oldilariga borib, bu narsani u zotga aytaylik va nimaga buyurishlarini kutaylik”, dedi. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga yetib kelib, bo‘lgan voqeani aytishganida, u zot (dam solgan kishiga qarab): “U (Fotiha) dam solish (surasi) ekanini qayerdan bilding?” deb so‘radilar va keyin: “To‘g‘ri qilibsizlar. (Qo‘ylarni) taqsimlanglar va undan menga ham ulush ajratinglar”, deb kulib qo‘ydilar” (Buxoriy, Muslim, Sunan sohiblari, Ahmad, Ibn Hibbon, Bayhaqiy va Doraqutniy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam taxminan o‘ttiz kishini safarga yuborgan edilar. Ular kechasi bir qavm manziliga tushdilar. Aksiga olib, qabiladagilar ularni mehmon qilgilari kelmadi.

Shu orada qabila boshlig‘ini chayon chaqib oldi. Shunda qabiladagi ba’zi kishilar sahobalarda chayon chaqishiga shifo bo‘ladigan narsa borligini bilib qolishdi va ular oldiga vakillarini yuborishdi. Qabiladagilar kelib o‘z maqsadlarini aytishgach, sahobalardan biri turib: “Ha, menda bunga davo bo‘ladigan narsa bor. Men dam solaman”, dedi. Ular o‘ttizta qo‘y evaziga bitim tuzishdi. Bas, u uch (yoki yetti) marta Fotiha surasini o‘qib, dam soldi. Shunda chayon zaxridan behush yotgan qabila boshlig‘i hech narsa ko‘rmagandek o‘rnidan turib ketdi. Ular vazifani a’lo darajada bajarib, qo‘ylarni qo‘lga kiritishdi va sut bilan siylanishdi. Keyin sahobalarda undan ulush olish umidi paydo bo‘ldi.

Ammo dam solgan kishi hali taqsimlashga erta ekani, avval Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan buning, ya’ni dam solish evaziga mukofot olish hukmini bilish kerakligini aytdi. Ular Madinaga kelib, bo‘lib o‘tgan ishni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga zikr qilishganda, u zot dam solgan sahobiyga qarab: “Fotiha surasi bilan dam solishni qayerdan bilasan?” deb so‘radilar. U: “Qalbimga ilhom qilindi”, deb javob berdi. Shundan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ular tutgan yo‘l to‘g‘riligi, Fotiha surasi bilan dam solish va buning evaziga haq olish joizligini aytdilar.

 

Davron NURMUHAMMAD

tayyorladi

O‘MI Matbuot xizmati

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Maqolalar

«Uyi tozaga gard yuqmas, gard yuqsa ham dard yuqmas»

17.09.2026   7525   9 min.
«Uyi tozaga gard yuqmas, gard yuqsa ham dard yuqmas»

 

«BMT Bosh Assambleyasi 20 sentyabrni Butunjahon tozalik kuni

deb e’lon qilish va uni

har yili nishonlashga qaror qiladi»

 

(BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2023 yil

8 dekabrda qabul qilingan Rezolyutsiya).

 

 

2023 yil 8 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi A/RES/78/122-sonli Rezolyutsiyani yakdillik bilan qabul qilib, 20 sentyabrni Butunjahon tozalik kuni deb e’lon qildi.

Bu kun insoniyatga toza va sog‘lom atrof-muhit uchun umumiy mas’uliyatimizni hamda tabiiy resurslarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish zarurligini eslatishga qaratilgan.

 

Ammo chuqurroq o‘ylab ko‘rsak, tozalik ko‘chada axlat yo‘qligidan ancha ko‘proq ma’noni anglatadi.

Tozalik – bu shunchaki tartib emas. Bu qalb holatidir.

 

Tozalik supurgidan boshlanmaydi. U qalbdan boshlanadi. Inson o‘zi yurib turgan zamin unga begona emasligini anglagan lahzadan boshlanadi. U soyasida dam oladigan daraxt – shunchaki daraxt emas. U ichadigan suv – shunchaki suv emas. Bularning barchasi Yaratganning bizga vaqtincha ishonib topshirgan ne’matlaridir.

 

Shuning uchun tozalik masalasi faqat ekologiya masalasi emas. Bu vijdon, tarbiya, imon va bizdan keyin keladigan avlodlar oldidagi mas’uliyat masalasidir.

 

 

«Albatta, Alloh poklanuvchilarni sevadi»

 

Qur’oni Karimda shunday deyilgan: «Albatta, Alloh chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi» (Baqara surasi 2/222).

Bu so‘zlar naqadar teran! Alloh poklanishni tavba bilan – insonning nafaqat tashqi, balki ichki poklanishi bilan bog‘laydi.

 

Qo‘lni yuvish mumkin, ammo ko‘chada axlat qoldirish mumkin. O‘z uyini ideal darajada ozoda saqlash mumkin, ammo birovning uyi oldida tashlab ketilgan axlat yonidan beparvo o‘tib ketish mumkin. Tabiatga bo‘lgan muhabbat haqida gapirish mumkin, ammo plastik idishni ariqqa tashlash mumkin. Bu haqiqiy tozalikmi?..

 

Haqiqiy tozalik inson o‘zigagina tegishli bo‘lmagan joyni iflos qilmaslikni anglaganida boshlanadi.

Hech kim ko‘rmayotgan bo‘lsa ham, birov tashlab ketgan qog‘ozni yerdan olganida. Mashina oynasidan axlat tashlamaganida. Suvni iflos qilmaganida. Farzandiga toza ko‘cha toza odatlardan boshlanishini o‘rgatganida. «Mendan keyin bu yerda boshqalar yashaydi», deb anglaganida.

 

 

«Tozalik – imonning yarmi»

 

Allohning Payg‘ambari sallallohu alayhi vasallam, shunday deganlar: «Poklik – imonning yarmidir».

Naqadar kuchli so‘zlar! Shunchaki «tozalik foydali», emas. Shunchaki «tozalik chiroyli», emas.

Tozalik imon bilan bog‘liq! Imon nafaqat so‘zlarda, namoz va ibodatda namoyon bo‘ladi. U insonning atrofidagi olamga qanday munosabatda bo‘lishida ham namoyon bo‘ladi.

 

Agar biz o‘z uyimizni asrasak, nega hovlimizni iflos qilishimiz kerak? Agar oilamizni sevsak, nega o‘zimizdan keyin boshqalarga ifloslik qoldirishimiz kerak? Agar suv uchun Allohga shukr qilsak, nega daryolar, kanallar va ariqlarni chiqindilar tashlanadigan joyga aylantirishimiz kerak? Agar Vatanimizni sevsak, nega uning ifloslanishiga befarq qarashimiz kerak?

 

 

Ajdodlarimiz hikmati

 

Dono xalqimiz zamonaviy dunyo ekologik dasturlar, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar orqali yetib kelayotgan haqiqatni allaqachon anglagan.

O‘zbek xalq hikmatida shunday deyiladi: «Uyi tozaga gard yuqmas, gard yuqsa ham dard yuqmas».

 

Bu maqol xalq xotirasida bejiz yashab kelayotgani yo‘q. Unda tozalik va salomatlik o‘rtasidagi chuqur bog‘liqlik aks etgan. Bu maqol O‘zbekistonning rasmiy ekologik resurslarida ham keltirilib, xalqimizning tozalik va ozodalikka an’anaviy munosabati ta’kidlangan.

 

Yana bir har birimizga tanish fikr bor: «Tozalik – salomatlik garovi».

Bu oddiy ibora kundalik tilimizning bir qismiga aylangan. Ammo, ehtimol, bugun uni yana bir bor qalbimiz bilan eshitishimiz kerakdir...

 

Ajdodlarimiz zamonaviy ma’nodagi «ekologik barqarorlik» degan so‘zni bilmaganlar. Ammo ular suvning qadrini bilganlar. Yerni hurmat qilganlar. Hovlini asraganlar. Ko‘chalarni supurganlar. Hasharlarda bir-birlariga yordam berganlar. Chunki ular uchun tozalik ko‘z-ko‘z qilish vositasi emas edi. Tozalik madaniyatning bir qismi edi.

 

 

Bizdan keyin nima qoladi?

 

Bir kuni har birimiz bu dunyoni tark etamiz. Uylarimiz qoladi. Ko‘chalarimiz qoladi. Daraxtlar o‘sishda davom etadi. Daryolar oqishda davom etadi. Bugun farzandlarimiz o‘ynayotgan joylarda ertaga boshqa bolalar o‘ynaydi.

Shunda oddiy, ammo juda muhim savol tug‘iladi: Biz ularga nimani qoldiramiz?

Toza hovlimi yoki chiqindi uyumi? Tiniq suvmi yoki ifloslangan kanalmi? Yashil bog‘mi yoki kuyib ketgan yermi? Nafas olish yoqimli bo‘lgan havomi yoki tutundan yuzingizni berkitgingiz keladigan shaharmi?

 

Biz ko‘pincha bir inson hech narsani o‘zgartira olmaydi, deb o‘ylaymiz. Ammo axir ifloslik birdaniga paydo bo‘lmaydi-ku? Yo‘q. U yerga tashlangan bitta qog‘ozdan boshlanadi. Bir shishadan. Bir paketdan. «Buni boshqa birov tozalaydi», degan bitta fikrdan.

 

Lekin tozalik ham bir insondan boshlanadi. Yerdan olingan bitta qog‘ozdan. Axlat qutisiga tashlangan bitta paketdan. Bitta daraxtdan. Axlat tashlamaslikka o‘rgatilgan bitta boladan. O‘z namunasi bilan «to‘g‘ri yo‘l shu» ekanini ko‘rsatgan bitta katta insondan.

 

 

Befarq o‘tib ketmang

 

Yonidan befarq o‘tib ketmaydigan insonda o‘ziga xos go‘zallik bor. U axlatni ko‘radi – va uni yerdan oladi. Ifloslangan joyni ko‘radi – va tozalaydi. Singan daraxtni ko‘radi – va uni asrab qolishga harakat qiladi. Konfet qog‘ozini yerga tashlagan bolani ko‘radi – uni kamsitmaydi, balki xotirjamlik bilan tushuntiradi.

Madaniyat ana shunday tarbiyalanadi. Buyruq bilan emas – namuna bilan. Qichqiriq bilan emas – mehr-oqibat bilan. Birgina bayram kuni bilan emas – har kunlik odat bilan.

 

Axir Butunjahon tozalik kuni – yiliga bir marta ko‘chaga chiqib, suratga tushish uchun hududni tozalaydigan kun emas. Bu kun biz o‘zimizga shunday savol berishimizga sabab bo‘lishi kerak: «Atrofimdagi olam yanada toza bo‘lishi uchun men har kuni nima qilyapman?»

 

 

Tozalik shukronamizga aylansin

 

Alloh bizga ajoyib bir olamni ato etdi. Har kuni ufq uzra ko‘tariladigan quyoshni. Yerni jonlantiradigan yomg‘irni. Daryolar va buloqlarni. Bog‘larni. Dalalarni. Qushlarni. Daraxtlarni. Havoni. Bularning barchasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish imkoniyatini.

Bunday ne’matlar uchun shukr faqat so‘z bilan ifodalanadimi?

 

Ba’zan shukr juda oddiy amaldir. Axlat tashlamaslik. Suvni tejash. Daraxt ekish. O‘zingizdan keyin tozalash. Boshqa birov iflos qilgan joyni ham tozalash.

Bu odatni farzandga o‘rgatish. Befarqlikning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik. Zero, atrof-muhitni asraydigan inson go‘yo shunday deydi: «Ey, Parvardigor, Sen menga ishonib topshirgan ne’matlarni qadrlayman!»

 

 

20 sentyabr – keling, boshlaylik

 

20 sentyabr taqvimdagi oddiy sana bo‘lib qolmasin.

Bu har birimiz atrofimizga qarab: «Men o‘zimdan boshlayman», deydigan kun bo‘lsin.

Kimdir kelib tartib o‘rnatishini kutmaylik. «Bu mening hududim emas», demaylik. Chunki Yer – bizning umumiy uyimiz!

 

Ko‘cha tozaligi inson vijdoni pokligidan boshlanadi.

Keling, hovliga chiqaylik. Pod’ezdimizni tozalaylik. Maktab, mahalla, masjid va ish joyi atrofini obod qilaylik. Daraxt ekaylik. Axlatlarni yig‘aylik. Keraksiz bir martalik mahsulotlardan voz kechaylik.

Bolalarga suv va yerni asrashni o‘rgataylik!

 

Va eng muhimi – 20 sentyabrda to‘xtab qolmaylik.

Bu kundan keyin faqat toza ko‘cha emas, balki toza odat qolsin. Pok vijdon qolsin. Tabiatga nisbatan pok munosabat qolsin. Pok qalb qolsin.

 

Chunki bir kuni farzandlarimiz bizdan qancha pul topganimiz yoki qancha narsa sotib olganimiz haqida emas, balki: «Siz bizga qanday dunyoni qoldirdingiz?» – deb so‘raydilar.

Shunda biz javob berishdan uyalmaylik: «Biz uni toza holda saqlashga harakat qildik».

 

Ko‘chalarimiz toza bo‘lsin. Suvlarimiz tiniq bo‘lsin. Bog‘larimiz yashil bo‘lsin. Mahallalarimiz obod va ozoda bo‘lsin. Uylarimizda tartib, qalblarimizda mehr-shafqat hukmron bo‘lsin.

 

Va Payg‘ambarimiz alayhissalomning: «Poklik – imonning yarmidir» degan muborak so‘zlari har birimiz uchun shunchaki eshitgan hadis emas, balki hayotimizda amal qiladigan tamoyilga aylansin!

 

Tozalik har birimizdan boshlanadi.

Bugun – bir qadamdan.

Ertaga – bir odatdan.

Birgalikda esa – farzandlarimiz uchun toza kelajakdan.

 

Ibrohimjon Inomov.

 

Maqolalar