Avvali katta shodu hurramlik bilan boshlangan Namangandagi qorilar musobaqasi yakuni ham o‘ziga xos bayram kayfiyati, kutilmagan tuhfalar va voqealarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, yuz yoshga qarab ketayotgan, din xizmatiga umrini baxshida etgan qori dadalar musobaqada g‘olib bo‘lgan qori yigitlarga sovg‘alarni topshirishi musobaqa fayzini yanada ko‘tarib yubordi.
Shu o‘rinda qori dadalarga shogird bo‘lgan qori yigitlar qalbidan bir otashqalb shoirning quyidagi satrlari o‘tgan bo‘lsa, ajab emas...
Islomda oqargan sochlarga boqib,
Bir mo‘min umrini ko‘ryapmiz ustoz.
Goho shiddat ila, goho qoqilib,
Biz ham ortingizdan borayapmiz ustoz!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan bir janoza olib o‘tildi, shunda u zot alayhissalom: "Tin oluvchi va undan tin olinuvchi", dedilar.
"Yo Allohning Rasuli, tin oluvchi va undan tin olinuvchi nima?" deyishdi.
U zot alayhissalom: "Mo‘min banda (vafot etsa) dunyoning qiyinchiliklaridan istirohat oladi. Fojir banda (o‘lsa) undan bandalar, elu yurtlar, dov-daraxtlar va jonzotlar qutuladilar", dedilar» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Birortangiz vafot etganida unga o‘rni ertayu kech ko‘rsatib turiladi: agar jannat ahlidan bo‘lsa, jannat ahlidan ekani, do‘zax ahlidan bo‘lsa, do‘zax ahlidan ekani. "Alloh seni qiyomat kuni qayta tiriltirgunicha sening o‘rning mana shudir", deyiladi", dedilar» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilishgan).