Mashhur mufassir, muhaddis va faqih Zafar Ahmad ibn Latif Usmoniy Tahonaviy 1892 yil Hind diyorining Devband shahrida dunyoga kelgan. Uch yoshida onasidan ayrilgan Ahmadni o‘z qaramog‘iga olgan mehribon buvisi ilm yo‘lida fidoiy ayol edi. U nabirasiga har tomonlama yaxshi tarbiya berib, kelajakda uning yetuk olim bo‘lib yetishishiga zamin yaratdi. Besh yoshida Devbanddagi “Dorul ulum” madrasasida husnixat, tajvid kabi boshlang‘ich ilmlarni o‘zlashtirib, yetti yoshida urdu, fors tilida hisob va riyoziy kitoblarni o‘rganadi. Shundan keyin u Tahona shahriga borib, ummatning hakimi laqabini olgan tog‘asi Mavlono Muhammad Ashraf Ali Tahonaviydan sarf, nahv va odobdan saboq oldi. Oradan bir oz o‘tgandan keyin tog‘asi urdu tilida “Bayon al-Qur’on” kitobini yozishga kirishib, Zafar Ahmadni Konburdagi o‘zi asos solgan “Jomiul ulum” nomli madrasaga o‘qishga joylaydi. Madrasada tog‘asining shogirdlari Muhammad Is'hoq Burduvoniy va Muhammad Roshid Kanburiylar qo‘l ostida hadis ilmini puxta o‘rganadi. Mazkur madrasada Imom Buxoriyning “Sahih al-Buxoriy”, Imom Muslimning “Sahih Muslim”, Abu Dovud, Imom Termiziy, Ibn Mojja va Imom Nasoiylarning “Sunan” asarlari, “Mushkot al-masobih”, “Mustalah al-hadis” kabi hadis ilmiga oid muhim manbalarni o‘rgandi. Bu ilm dargohida yuqori natijalarga erishgach, iqtidorli talabalar qatorida 1910 yili Zafar Ahmad Sahoranfurdagi “Mazohirul ulum” madrasasiga o‘qishga borib, “Bazlul majhud fi sharhi sunani Abu Dovud” (Abu Dovudning “Sunan”asari sharhiga bor kuch-g‘ayratni sarflash) kitobi muallifi Mavlono Xalil Ahmad Sahoranfuriy huzurida hadis ilmidan saboq oldi. Shuningdek, u diniy ilmlar qatorida mantiq, handasa va arifmetika kabi dunyoviy fanlarni ham yaxshi o‘zlashtirib oldi.
Noyob qobiliyat va o‘tkir zehn sohibi Zafar Ahmad mazkur madrasaga mudarris qilib tayinlanib, u yerda yetti yil fiqh, usul, mantiq, falsafa kabi fanlardan dars berdi.
Ilmda yuqori natijalarga erishgan va ummatning hakimi deb tanilgan tog‘asi unga “E’lous sunan” (hadislar sha’nini yuksaltirish) asarini yozishga ijozat berdi va unga yigirma yil vaqt sarfladi. Natijada hanafiy fiqhi bo‘yicha yigirma jilddan iborat eng muhim manba vujudga keldi.
Mazkur asar Abu Hanifaga va hanafiylik mazhabiga nisbatan qilinayotgan bo‘htonlarga barham berdi. Abu Hanifa go‘yo hadis va sunnatni yaxshi bilmagan, uning mazhabidagi hukmlar kitob va sunnatga asoslanmagan, balki shaxsiy ray’lar asosida chiqarilgan, hatto sahih hadislar ziddiga ham ray’ga asoslangan, deb noto‘g‘ri da’vo qiluvchilarga to‘liq raddiya bo‘ldi. Shuningdek, “E’lous sunan” asari orqali muallif hanafiylik mazhabining hukmlari Qur’on, hadis, ijmo’ va qiyosiy dalillarga asoslanganini isbotlab berdi.
Keyinchalik Mavlono Hakim buyrug‘iga binoan Imom Abu Hanifa va u kishining shogirdlari va shogirdlarining shogirdlari haqida “Injaul-vatan anil-izdiroi bi imomiz-zamon” (Vatanni zamon imomi bilan tahqirlashdan saqlash) hamda Imom Jassosning “Ahkam al-Qur’on” kitobiga asoslanib “Daloil al-Qur’on ala masail an-Nu’mon” (No‘mon masalalariga Qur’on dalillari) kitoblarini ta’lif qila boshladi. Bu kitob ikki jilddan iborat bo‘lib, Niso surasining oxirida tugallagan hamda faqih va olimlar: “An-nazaru fiyhi na’iymun muqiymun, vaz-zafaru bimislihi fathun aziymun” (Bu kitobga nazar rohatbaxsh va undan o‘tkazib bir kitob yozish buyuk ixtirodir) deb ta’rifladilar.
Zafar Ahmad rahmatullohi alayh yashagan davrda urdu tilida ta’lif qilgan “Al-matin fil-ixfaai bi omin”, (namozda Fotiha surasining oxirida “omin” kalimasini maxfiy ichida aytish bo‘yicha matn) “Shaqqul-g‘ayn an raful-yadayn” (namozda ikki qo‘lni ko‘tarish borasida haddan oshish), “Rohmatul-Quddus fi tarjimati bahjatin-nufuus”, “Fatihatul-kalam fi qiroati xalfal-imom” (Imomning ortidan qiroat qilish masalasi bo‘yicha kirish so‘zi) nomli kitoblari hanafiylik mazhabi hukmlari asosli ekanini isbotlab berdi
Birma davlatidagi “Rankun” madrasasida ikki yil ishlab, katta majlislarda ma’ruzalar qildi. Shundan so‘ng yana Tahona Buhunga qaytib, fatvo berish va ularni odamlarga tushuntirish ishlari bilan shug‘ullandi hamda “Daloil al-Qur’on” degan asarini davom ettirdi.
So‘ngra Pokistonning Dokha shahridagi universitetga hadis, fiqh va usul fanlari bo‘yicha mudarris lavozimiga tayinlandi. Mazkur universitetda sakkiz yil ishlab, mudarrislar sayyidi unvoniga musharraf bo‘ldi. Sharqiy Pokistonda Qur’on, hadis, fiqh va boshqa ilmlar bo‘yicha “Al-jomiatu al-Qur’aniyatu al-arabiyya” madrasasiga asos soldi.
Abu Hanifa rahmatullohi alayhi mazhabi fiqhining fidokor himoyachisi Zafar Ahmad at-Tahonaviy mana shunday sermahsul umr kechirib, umrining oxirida og‘ir xastalikka yo‘liqdi va sakson ikki yoshida vafot etdi. Alloh taolo u kishiga o‘z rahmati va rizosi yonidan joy bersin.
Muhammadsiddiq Usmonov tayyorladi
O‘MI Matbuot xizmati
Shri-Lankaning “Uthaym” nashrida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Materialda Yangi O‘zbekistonda milliy qadriyatlarni tiklash, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilm-fan va ma’rifatni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yuksak baholangan.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan takomillashtirish, xalqning ko‘p asrlik boy ilmiy-madaniy merosini o‘rganish hamda uni jahon hamjamiyatiga keng targ‘ib etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Mamlakatda tarixiy obidalarni restavratsiya qilish, muzeylar va arxivlar faoliyatini modernizatsiya qilish, qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish, milliy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilgari surilgan Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining muhim strategik yo‘nalishi sifatida alohida e’tirof etilgan. Muallif fikricha, mazkur g‘oya nafaqat tarixiy merosni asrab-avaylash, balki ilm-fan, ta’lim, madaniyat va innovatsiyalarni uyg‘un rivojlantirish orqali mamlakatning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Uchinchi Renessans konsepsiyasi O‘zbekistonning buyuk ilmiy an’analarini qayta tiklash, yosh avlodni bilimli va vatanparvar etib tarbiyalash hamda mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan umummilliy dastur sifatida baholanmoqda.
Gazetaning yozishicha, O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlar faqat madaniy sohadagi islohotlar bilan cheklanmaydi. Ular mamlakatning ilmiy, ma’naviy va intellektual taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyaning ajralmas qismi hisoblanadi. Ilmiy muassasalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tarixiy manbalarni tadqiq etish, madaniy merosni muhofaza qilish va zamonaviy ta’lim tizimini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar yagona maqsad — Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy poydevorini yaratishga xizmat qilayotgani alohida qayd etilgan.
Maqolada Toshkent shahrida barpo etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga keng o‘rin ajratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va g‘oyasi asosida barpo etilgan mazkur betakror majmua O‘zbekistonning madaniy va ilmiy siyosatidagi eng muhim istiqbolli loyihalardan biri bo‘ldi. Markazda VII asrga oid noyob Usmon Mus'hafi saqlanayotgani uning tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.
Shu bilan birga, bu yerda qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish, restavratsiya qilish, arxiv materiallarini tizimlashtirish va zamonaviy texnologiyalar asosida raqamlashtirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Gazetada O‘zbekistonning YUNЕSKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi, tarixiy obidalarni asrab-avaylash, ularni xalqaro turizm va ilmiy tadqiqotlar bilan uyg‘un rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari haqida so‘z yuritilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati