Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Mazmunli umr: mazhabimiz himoyachisining hayoti va ijodi

05.02.2018   13501   5 min.
Mazmunli umr: mazhabimiz himoyachisining hayoti va ijodi

Mashhur mufassir, muhaddis va faqih Zafar Ahmad ibn Latif  Usmoniy Tahonaviy 1892 yil Hind diyorining Devband shahrida dunyoga kelgan. Uch yoshida onasidan ayrilgan Ahmadni o‘z qaramog‘iga olgan mehribon buvisi ilm yo‘lida fidoiy ayol edi. U nabirasiga har tomonlama yaxshi tarbiya berib, kelajakda uning yetuk olim bo‘lib yetishishiga zamin yaratdi. Besh yoshida Devbanddagi “Dorul ulum” madrasasida  husnixat, tajvid kabi boshlang‘ich ilmlarni o‘zlashtirib, yetti yoshida urdu, fors tilida hisob va riyoziy kitoblarni o‘rganadi. Shundan keyin u Tahona shahriga borib, ummatning hakimi laqabini olgan tog‘asi  Mavlono Muhammad Ashraf Ali Tahonaviydan  sarf, nahv va odobdan saboq oldi. Oradan bir oz o‘tgandan keyin tog‘asi urdu tilida “Bayon al-Qur’on” kitobini yozishga kirishib, Zafar Ahmadni Konburdagi o‘zi asos solgan “Jomiul ulum” nomli madrasaga o‘qishga joylaydi. Madrasada tog‘asining shogirdlari Muhammad Is'hoq Burduvoniy va Muhammad Roshid Kanburiylar qo‘l ostida hadis ilmini puxta o‘rganadi. Mazkur madrasada Imom Buxoriyning “Sahih al-Buxoriy”, Imom Muslimning “Sahih Muslim”, Abu Dovud, Imom Termiziy, Ibn Mojja va Imom Nasoiylarning “Sunan” asarlari, “Mushkot al-masobih”, “Mustalah al-hadis” kabi hadis ilmiga oid muhim manbalarni o‘rgandi. Bu ilm dargohida yuqori natijalarga erishgach, iqtidorli talabalar qatorida 1910 yili Zafar Ahmad Sahoranfurdagi “Mazohirul ulum” madrasasiga o‘qishga borib, “Bazlul majhud fi sharhi sunani Abu Dovud” (Abu Dovudning “Sunan”asari sharhiga bor kuch-g‘ayratni sarflash) kitobi muallifi Mavlono Xalil Ahmad Sahoranfuriy huzurida hadis ilmidan saboq oldi. Shuningdek, u diniy ilmlar qatorida mantiq, handasa va arifmetika kabi dunyoviy fanlarni ham yaxshi o‘zlashtirib oldi.

Noyob qobiliyat va o‘tkir zehn sohibi Zafar Ahmad   mazkur madrasaga mudarris qilib tayinlanib, u yerda yetti yil fiqh, usul, mantiq, falsafa  kabi fanlardan dars berdi.  

Ilmda yuqori natijalarga erishgan va ummatning hakimi deb tanilgan tog‘asi unga “E’lous sunan” (hadislar sha’nini yuksaltirish) asarini  yozishga ijozat berdi va unga yigirma yil vaqt sarfladi. Natijada hanafiy fiqhi bo‘yicha  yigirma jilddan iborat eng muhim manba vujudga keldi.

Mazkur asar Abu Hanifaga va hanafiylik mazhabiga nisbatan qilinayotgan bo‘htonlarga barham berdi. Abu Hanifa go‘yo hadis va sunnatni yaxshi bilmagan, uning mazhabidagi hukmlar kitob va sunnatga asoslanmagan, balki shaxsiy ray’lar asosida chiqarilgan, hatto sahih hadislar ziddiga ham ray’ga asoslangan, deb noto‘g‘ri da’vo qiluvchilarga to‘liq raddiya bo‘ldi. Shuningdek, “E’lous sunan” asari orqali muallif hanafiylik mazhabining hukmlari  Qur’on, hadis, ijmo’ va qiyosiy dalillarga asoslanganini isbotlab berdi.

Keyinchalik  Mavlono Hakim buyrug‘iga binoan Imom Abu Hanifa va u kishining shogirdlari va shogirdlarining shogirdlari haqida “Injaul-vatan anil-izdiroi bi imomiz-zamon” (Vatanni zamon imomi bilan tahqirlashdan saqlash) hamda Imom Jassosning “Ahkam al-Qur’on” kitobiga asoslanib “Daloil al-Qur’on ala masail an-Nu’mon” (No‘mon masalalariga Qur’on dalillari) kitoblarini ta’lif qila boshladi. Bu kitob  ikki jilddan iborat bo‘lib, Niso surasining oxirida tugallagan hamda faqih va  olimlar:  “An-nazaru fiyhi na’iymun muqiymun, vaz-zafaru bimislihi fathun aziymun” (Bu kitobga nazar rohatbaxsh va undan o‘tkazib bir kitob yozish buyuk ixtirodir) deb ta’rifladilar.

Zafar Ahmad rahmatullohi alayh yashagan davrda urdu tilida ta’lif qilgan “Al-matin fil-ixfaai bi omin”, (namozda Fotiha surasining oxirida “omin” kalimasini maxfiy ichida aytish bo‘yicha matn) “Shaqqul-g‘ayn an raful-yadayn” (namozda ikki qo‘lni ko‘tarish borasida haddan oshish), “Rohmatul-Quddus fi tarjimati bahjatin-nufuus”, “Fatihatul-kalam fi qiroati xalfal-imom” (Imomning ortidan qiroat qilish masalasi bo‘yicha kirish so‘zi) nomli kitoblari hanafiylik mazhabi hukmlari asosli ekanini isbotlab berdi

Birma davlatidagi “Rankun” madrasasida ikki yil ishlab, katta majlislarda ma’ruzalar qildi. Shundan so‘ng yana Tahona Buhunga qaytib, fatvo berish va ularni odamlarga tushuntirish ishlari bilan shug‘ullandi hamda  “Daloil al-Qur’on” degan asarini davom ettirdi.

So‘ngra Pokistonning Dokha shahridagi universitetga hadis, fiqh va usul fanlari bo‘yicha mudarris lavozimiga tayinlandi. Mazkur universitetda sakkiz yil ishlab, mudarrislar  sayyidi unvoniga musharraf bo‘ldi. Sharqiy Pokistonda Qur’on, hadis, fiqh va boshqa ilmlar bo‘yicha “Al-jomiatu al-Qur’aniyatu al-arabiyya”  madrasasiga asos soldi.

Abu Hanifa rahmatullohi alayhi mazhabi fiqhining fidokor himoyachisi Zafar Ahmad at-Tahonaviy  mana shunday sermahsul umr kechirib, umrining oxirida og‘ir xastalikka yo‘liqdi va sakson ikki yoshida vafot etdi.  Alloh taolo u kishiga o‘z rahmati va rizosi yonidan joy bersin.

 

Muhammadsiddiq Usmonov tayyorladi

O‘MI Matbuot xizmati 

Fiqh
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   9030   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari