Hozir sizdan: “Oyog‘ingiz tagida yer bormi?” yoki “Tepangizda osmon bormi?” deb so‘rashsa siz hech ikkilanmay: “Ha”, deb javob berasiz. Alloh taologa ishonchimiz ham shunday kuchli bo‘lishi kerak. Kimdir sizdan: “Alloh taolo sizni ko‘rib turibdimi?” deb so‘rasa, ishonch va qat’iylik bilan “Ha” deb javob bera olishingiz kerak.
Keling, sizga misol tariqasida bir hikoya so‘zlab beray. Bir kuni ikki do‘st sayohatga chiqishibdi. Ulardan birining ko‘zi ojiz ekan. Kech kirganida ular dam olish uchun bir yerda to‘xtashibdi. U yer havosi huddi dengiz bo‘yidagidek kunduzi juda issiq, kechasi esa sezilarli darajada sovuq bo‘lar ekan. Tong otgach, do‘stlarning sog‘lomi yegulik topib kelgani ketibdi. Ko‘zi ojizi esa yon-atrofni qo‘li bilan paypaslab, qattiq narsani tutibdi. Sovuqda toshday qotib yotgan ilon ekan. Haligi odam ajoyib tayoq topib oldim deb o‘zida yo‘q xursand bo‘lib turgan paytda do‘sti biroz yegulik olib kelibdi. U ilonni ushlab o‘tirgan do‘stiga baqirib, qo‘lidagi ilonni darhol tashlashini so‘rabdi. Ko‘zi ojiz kishi esa do‘stim menga hasad qilyapti deb o‘ylab ilonni mahkam ushlab olib bermayman deb turib olibdi. Do‘sti uning qo‘lidagi tayoq emas, ilon ekanini va uni zudlik bilan tashlab yuborishga harchand undasa ham, ko‘ndira olmabdi.
Xullas, ikkalasi yana yo‘lga chiqishibdi. Kun chiqib harorat ko‘tarilgach, ko‘zi ojiz kishining qo‘lidagi “tayoq” sekin o‘ziga kela boshlabdi. Nihoyat yetarlicha isinib, kuchga kirgach, ko‘zi ojizni chaqibdi...
Olamlarga rahmat bo‘lib kelgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Merojga ko‘tarilganlarida do‘zaxning dahshati-yu, jannatning go‘zalligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlar. Bizni do‘zax sari yetaklaydigan ishlardan qaytarganlar. Afsus, ba’zilar o‘zi ko‘rmagani bois qaysarlik qiladi, oqibatini o‘ylamaydi. Alloh taolo kech bo‘lmasidan ko‘zlarimizni ochsin, hidoyatga boshlasin, yaxshi, ezgu amallarni bardavom qilishga muvaffaq aylasin.
Dilafro‘z SALOHIDDIN qizi tayyorladi.
Bugun, 15 sentyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar muftiylari yig‘ilishi va xalqaro anjumanning nufuzli ishtirokchilarini qabul qildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Ozarbayjon yetakchisiga Davlatimiz Rahbarining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdilar.
Uchrashuvda qardosh davlat Rahbari nutq so‘zlab, xalqaro anjumanlarning ahamiyatiga to‘xtaldi. Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.
Turkiy davlatlar yetakchilarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari natijasida ilm-fan, ta’lim, madaniy-gumanitar hamda diniy-ma’rifiy jabhalarda hamkorlik jadal sur’atlarda rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bu ezgu sa’y-harakatlar Diniy idoralar rahbarlarining mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashishi, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalarini yanada mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikni asrash hamda zamonning dolzarb masalalari bo‘yicha mushtarak fatvo va bayonotlar qabul qilishda muhim poydevor bo‘layotgani qayd etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati