Kecha, 31 yanvar kuni Toshkent shahar Ayollar maslahat markazida yana bir xayrli tadbir bo‘lib o‘tdi. Markazning majlislar zaliga imkoniyati cheklangan (gung, soqov) ayollar yig‘ildilar. Ularni bu yerga g‘oyat ezgu niyat – Islom dini asoslarini chuqurroq o‘rganish niyati boshlab keldi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o‘qituvchisi O‘rolnazar Mustanov Islom dinining dunyo hayotidagi eng mukammal, Allohning o‘z himoyasida bo‘lgan din ekani; Payg‘ambarimiz (sollalohu alayhi va sallam)ning bu dinni ummatlarga yoyishda so‘zlari, xatti-harakatlari, amallari bilan ko‘rsatgan ibratlari va u zotning bu qutlug‘ yo‘ldagi jasoratlari, fidoyiliklari, sadoqatlari, sabru bardoshlari haqida keng qamrovli ma’ruza qildi.
– Markazimiz tashkil etilganiga to‘rt yil bo‘ldi, – deydi markaz direktori Dilbar Ahmedova.
– Garchi dastlabki ish rejalarimizda ayollarga tibbiy, huquqiy, psixologik maslahatlar berish rejalashtirilgan, ijtimoiy hayot talabi hamda ayollarning ma’naviy ehtiyojlarini hisobga olgan holda ishlamoqdamiz. Keyingi bir yil davomida har haftada ikki martadan diniy-ma’rifiy mavzularga suhbatlar, muloqotlar o‘tkazish an’ana bo‘lib qoldi. Unda ko‘pchilik opa-singillarimiz qiziqish va ixlos bilan qatnashmoqdalar.
Shahrimizdagi otinoyilar bilan hamkorlikda ishlaymiz, har kuni bu yerda ulardan biri navbatchilikda bo‘ladi, diniy-ma’rifiy masalalarda savol bilan kelganlarga javob, maslahat beradilar.
Imkoniyati cheklangan (gung, soqov) ayollar bilan o‘tkazilgan bugungi tadbir ham O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi, tashkilotchiligida boshlangan yana bir ezgu niyatli muqaddima bo‘ldi.
Bir vaqtning o‘zida surdo tarjimasi bilan olib borilgan ma’ruza o‘zlariga juda manzur bo‘lganini ishtirokchilar e’tirof etdilar. Bunday mavzulardagi ma’ruza, suhbat, muloqotlar davomli bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
O‘MI Matbuot xizmati
Dinimiz inson hayotining faqat ma’naviy va ruhiy kamolotiga emas, balki uning jismoniy salomatligiga ham katta ahamiyat qaratgan. Insonning e’tiqodi mustahkam bo‘lishi bilan birga, uning tani sog‘lom, jismi baquvvat va har qanday mashaqqatlarga bardoshli bo‘lishi ham muhimdir. Hadisi sharifda: "Kuchli mo‘min Alloh huzurida kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va mahbubroqdir", deyilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakilligi tashabbusi bilan viloyatda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblari o‘rtasida sportning eng ommaviy turlaridan biri – futbol bo‘yicha "Farg‘ona viloyati vakilligi kubogi" musobaqasi o‘tkazildi.
Dastlab, mazkur musobaqaning tumanlararo saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi. Saralash bosqichini muvaffaqiyatli tugatib, so‘nggi bosqichga yo‘l olgan Bag‘dod-Toshloq, Quvasoy-Dang‘ara jamoalari g‘oliblik uchun maydonda bellashdilar.
Yakuniy natijalar ko‘ra, 1-o‘rin Dang‘ara tumani, 2-o‘rin Quvasoy shahri, 3-o‘rin esa Bag‘dod tumani jamoalariga nasib qildi.
G‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati