Kecha, 31 yanvar kuni Toshkent shahar Ayollar maslahat markazida yana bir xayrli tadbir bo‘lib o‘tdi. Markazning majlislar zaliga imkoniyati cheklangan (gung, soqov) ayollar yig‘ildilar. Ularni bu yerga g‘oyat ezgu niyat – Islom dini asoslarini chuqurroq o‘rganish niyati boshlab keldi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o‘qituvchisi O‘rolnazar Mustanov Islom dinining dunyo hayotidagi eng mukammal, Allohning o‘z himoyasida bo‘lgan din ekani; Payg‘ambarimiz (sollalohu alayhi va sallam)ning bu dinni ummatlarga yoyishda so‘zlari, xatti-harakatlari, amallari bilan ko‘rsatgan ibratlari va u zotning bu qutlug‘ yo‘ldagi jasoratlari, fidoyiliklari, sadoqatlari, sabru bardoshlari haqida keng qamrovli ma’ruza qildi.
– Markazimiz tashkil etilganiga to‘rt yil bo‘ldi, – deydi markaz direktori Dilbar Ahmedova.
– Garchi dastlabki ish rejalarimizda ayollarga tibbiy, huquqiy, psixologik maslahatlar berish rejalashtirilgan, ijtimoiy hayot talabi hamda ayollarning ma’naviy ehtiyojlarini hisobga olgan holda ishlamoqdamiz. Keyingi bir yil davomida har haftada ikki martadan diniy-ma’rifiy mavzularga suhbatlar, muloqotlar o‘tkazish an’ana bo‘lib qoldi. Unda ko‘pchilik opa-singillarimiz qiziqish va ixlos bilan qatnashmoqdalar.
Shahrimizdagi otinoyilar bilan hamkorlikda ishlaymiz, har kuni bu yerda ulardan biri navbatchilikda bo‘ladi, diniy-ma’rifiy masalalarda savol bilan kelganlarga javob, maslahat beradilar.
Imkoniyati cheklangan (gung, soqov) ayollar bilan o‘tkazilgan bugungi tadbir ham O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi, tashkilotchiligida boshlangan yana bir ezgu niyatli muqaddima bo‘ldi.
Bir vaqtning o‘zida surdo tarjimasi bilan olib borilgan ma’ruza o‘zlariga juda manzur bo‘lganini ishtirokchilar e’tirof etdilar. Bunday mavzulardagi ma’ruza, suhbat, muloqotlar davomli bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
O‘MI Matbuot xizmati
Vafot etganingizdan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bir necha soat o‘tib, siz uchun yig‘layotgan odamlarning yig‘isi to‘xtaydi. Yaqin qarindoshlaringiz ham hayot tashvishlariga ovunadi.
Ko‘p o‘tmay, rahbaringiz o‘rningizga boshqa xodim topadi. Yaqinlaringiz, farzandlaringiz ishga, tirikchilik tashvishiga tushib ketadi.
Bir oy o‘tgandan so‘ng turmush o‘rtog‘ingiz ham sizni kamroq eslay boshlaydi. Ha, odam o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra tezroq unutiladi.
Modomiki, odamlar sizni shunchalar tez esdan chiqarar ekan, bu o‘lchovli umringizni kim yoki nima uchun sarflamoqdasiz? Bir umr “Odamlar nima derkin?” deb yashab o‘tmayapsizmi? Yashashdan maqsadingiz nima o‘zi?
Bir lahza tin olib, shular haqda o‘ylab ko‘ring. Bu olamga keltirilish sababingiz haqida mulohaza yuriting. Yaqinlaringizni hayotlik chog‘ida qadrlangki, vaqti yetganda qadr topasiz. Alloh taolo O‘zi rozi bo‘ladigan hammamizga mazmunli hayot, xayrli oqibat nasib etsin!
Akbarshoh Rasulov