Aziz Qur’on muxlislari bugun, 1 fevral kuni Andijon viloyatining bir necha tumanlarida Qur’on musobaqasining hududiy bosqichlariga oq fotiha beriladi. Ushbu viloyatdagi musobaqalar juda ham o‘zgacha fayzu tarovatda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Sababi yurtimizdagi eng mashhur qorilar aynan Andijon zaminidan yetishib chiqqan. Qur’on musobaqasini bezab turgan Hasanxon qori, Ismoil qori, Abdulbosit qori, Avaz qori va Muhiddin qori kabi ziynat qorilar mana shu o‘lka farzandlaridir.
Qur’on musobaqasi sabab elimiz qalbiga nur kirib keldi. Zero, Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “... Biz Qur’onni shunday nur qildikki, u bilan bandalarimizdan Biz xohlagan kishilarni hidoyat qilurmiz...» (Sho‘ro surasi, 52-oyatidan).
Shubhasiz, Qur’on sabab kishilarimiz hidoyat topmoqda. Barcha holatlarimizda hojatbarorimiz bo‘lgan Alloh taolo Qur’on ila bizni to‘g‘ri yo‘lga boshlamoqda. Mana shu sababidan yurtimizga Allohning rahmati va nuri yog‘ilmoqda, desak sira mubolag‘a bo‘lmaydi.
Aziz Qur’on muxlislari, bugun sizlar bilan Andijonda bo‘lib o‘tadigan musobaqalarni birga-birga kuzatib boramiz. Nafaqat vodiyda balki butun O‘zbekistonda qorilar tayyorlashda yetakchilik qiladigan Andijon viloyatida juda ham ko‘p qori va qoriyalar ro‘yxatdan o‘tganki, ularning soni ilk yildayoq 1182 nafarni tashkil etdi. Shuningdek, ayni daqiqadarda viloyatda musobaqaga juda ham katta tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.
Muhtaram Qur’on ixlosmandlari, bugun Andijon shahridagi “Andijon” to‘yxonasi, Andijon viloyat vakilligi binosi, Oltinko‘l tumani “Oltinko‘l” jome masjidi, Izbosgan tumani “Ahmadali hoji” jome masjidi, Asaka tumani “Xolid ibn Valid” jome masjidi, Shahrixon tumani “Namozgoh” jome masjidi, Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi, Qo‘rg‘ontepa tumani “Ramazon qori” jome masjidida musobaqaning hududiy bosqichlari boshlanadi. Viloyatdagi musobaqa jadvali ilova qilinadi.
Qur’onga muhabbatli insonlarni mana shunday shukuhli lahzalarni jonli kuzatib borishga chaqiramiz, bizni kuzatishda davom eting.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati