frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

At-Tohira, Al-Kubro degan nomga sazovor onamiz

31.01.2018   10089   3 min.
At-Tohira, Al-Kubro degan nomga sazovor onamiz

Vafotiga qadar payg‘ambarimiz (s.a.v)ning yagona va birinchi ayollaridir. Payg‘ambarimiz qolgan ayollariga Xadiyja onamizdan keyin uylanganlar. Badavlat beva ayol (boylik ularga vafot qilgan ikkinchi erlariidan qolgan), baland bo‘yli, aqlli, juda go‘zal va qat’iyyatli. To payg‘ambarimiz bilan uchrashgunlariga qadar, hech kimga o‘zlarining boylik va taqdirini bog‘lamoqlikka yo‘l qo‘ymaganlar. Xadiyja onamizning vafotlaridan so‘ng payg‘ambarimizning hech bir ayollari u zotning qalblarida Xadiyjadek joy egallamaganlar.

Dunyo ayollarining eng yaxshisi o‘z davrida Imron qizi Maryam edi, bu davrning eng yaxshi ayoli esa Xadiyjadir (Sahih al-Buxoriy). Payg‘ambarmizga turmushga chiqqunlariga qadar Xadiyja (r.a.) Banu Usayd qabilasidan bo‘lgan Abu Xala ibn Malikning nikohida edi. Undan Hind ismli o‘g‘il va Zaynab ismli qiz farzand ko‘rganlar. Abu Xalaga qadar esa Usayyik ibn Abid bilan turmush qurgan edilar va undan ham Abdulloh ismli o‘g‘ilari va Jariya ismli qizlari bor edi. Xadiyja onamiz har doim o‘z qarindoshlariga, kambag‘allarga, shuningdek, oila qurishga qiynalganlarga yordam qo‘lini cho‘zar edilar. Xadiyja onamizga Arab yarim orolining boy zodagonlari, obro‘li kishilari sovchi qo‘yganlarida, rad javobini berganlar. Hayotlik davrlarida Xadiyja onamiz Qurayshliklar malikasi, At-Tohira, Al-Kubro degan nomga ega bo‘lganlar. Xadiyja onamiz savdogarlarga mablag‘ berib, savdolari uchun mol olib keltirar edilar. Payg‘ambarimizning to‘g‘ri so‘z va ishonchli ekanliklari haqida habar topgach, ularga tijorat uchun katta mablag‘ni ishonib topshirib, Shomga jo‘natdilar. Payg‘ambarimiz Shomga Xadiyjaning quli Maysara bilan jo‘nab ketdilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) qaytgach, Xadiyja (r.a) katta daromadga ega bo‘ldilar.

Bundan ham afzallari Maysara ko‘rgan mo‘jizalar bo‘ldi (Ayrim ulamolarning aytishlaricha bu mo‘jiza ikki farishtaning quyosh nurlaridan payg‘ambarimizni to‘sganliklaridir). Xadiyja (r.a.) dugonasi Nafisa bint Maniyani payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning oldilariga ular bilan turmush qurish istaklari borligini bildirish uchun yubordilar va ular turmush qurdilar. Bu vaqtda Xadiyja (r.a.)ning yoshlari o‘ttiz to‘qqiz payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning yoshlari esa yigirma beshda edi.

Xadiyja (r.a.) vafotlariga qadar payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni qo‘llab-quvvatladilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) odamlarni islomga da’vat qilganlarida dushmanlar- dan himoya qildilar, eng qiyin vaziyatlarda yonlarida bo‘ldilar. Islomni birinchi qabul qilgan inson bo‘ldilar, mablag‘larini islom manfaati uchun sarfladilar. Oisha (r.a.)dan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollaridan rashk qilmadim. Faqatgina Xadiyjadan rashk qildim. Men uni ko‘rmadim ham. Rasululloh (s.a.v.) qachon qo‘y so‘ysalar, Xadiyjaning dugonalariga yuboringlar, der edilar. Bir kuni u zotning g‘azablarini chiqarib: «Xadiyjadedim. Shunda Rasululloh (s.a.v): «Albatta, menga uning muhabbati berilgan», dedilar». (Ikki shayx va Termiziy rivoyati). Xadiyja (r.a.) payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning Ibrohim ismli o‘g‘illaridan tashqari barcha farzandlarining onasidir va payg‘ambarimizga Qosim, Zaynab, Ruqayya, Ummu Kulsum, Fotima, Abdulloh ismli farzandlar hadya qilganlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning o‘g‘il farzandla ri yoshlik chog‘larida vafot etgan. Qiz farzandlari esa, payg‘ambarlik davrlarida islomni qabul qilib, Makkadan Madinaga xijrat qilganlar. Fotima onamizdan boshqalari payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hayotlik davrilarida vafot etganlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning amakilari Abu Tolibning vafotlaridan so‘ng, Xadiyja (r.a.) ham vafot qilganlar. Alloh taolo Xadiyja binti Xuvaylid (r.a.)dan rozi bo‘lsin.

 

Robiya SAIDHANBALOVA

tayyorladi

O‘MI Matbuot xizmati

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   28019   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari