Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Avgust, 2026   |   21 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:48
Quyosh
05:16
Peshin
12:34
Asr
17:30
Shom
19:41
Xufton
21:11
Bismillah
04 Avgust, 2026, 21 Safar, 1448

Bir hadis sharhi ruknidan: rahm qilgan marhamat ko‘radi

30.01.2018   16384   2 min.
Bir hadis sharhi ruknidan: rahm qilgan marhamat ko‘radi

Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qildilar: “Alloh taolo rahmli insonlarga rahm qiladi. Yer yuzidagilarga mehrli, shafqatli bo‘ling, osmondagilar sizlarga rahm qilishadi. Rahm (qarindoshlik aloqalari) Rahmonga yaqindir. Kim qarindoshlikni bog‘lasa, Alloh taolo u bilan (rahmat rishtasini) bog‘laydi. Kim uni uzsa, Alloh taolo ham undan (rahmat rishtasini) uzadi” (Abud Dovud va Termiziy rivoyati).

Sharh: Ushbu hadisda kimga nisbatan rahm ko‘rsatish aniq aytilmagan. Ya’ni, “odamlarga”, “mo‘minlarga” “solihlarga” yoki “faqirlarga” degan qayd yo‘q. Shunday ekan, bu hadisdan butun maxluqotga nisbatan rahm-shafqat ko‘rsatish lozimligi kelib chiqadi. Ya’ni, yer yuzidagi yaxshi-yomon barcha insonlarga, xonaki-vahshiy butun hayvonlarga ko‘rsatiladigan marhamat Rahmon – rahmati cheksiz Alloh taolo rozi bo‘ladigan amallardandir. Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rahmdil bo‘lmaguncha (komil) musulmon bo‘lolmaysiz”, deb marhamat qilganlarida sahobiylari: “Ey Allohning rasuli, hammamiz rahmlimiz”, deb javob berdilar. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Bu o‘rinda biringizning do‘stiga ko‘rsatadigan rahm-shafqat emas, barcha insonlarga va hayvonlarga ko‘rsatiladigan marhamatni ko‘zda tutyapman”, dedilar».

Marhamatlilarga Alloh taoloning ham rahm qilishi deyilganida, ularga ehsonini mo‘l-ko‘l qilib berishi va ko‘pgina ne’matlar ato etishi tushuniladi. Ammo ko‘rsatiladigan rahm-shafqat Qur’on va sunnat asosida bo‘lishi zarurligini ham bilib qo‘yish kerak. Zero, Alloh taolo roziligiga ters tushadigan, sunnatga to‘g‘ri kelmaydigan marhamat va shafqat bu yerda maqtalgan sifatga kirmaydi.

“Osmondagilar”dan maqsad farishtalardir. Chunki ular mo‘minlarga istig‘for so‘rab turadilar. “Arshni ko‘tarib turadigan va uning atrofidagi (farishta)lar Parvardigorlariga hamdu-sano aytish bilan (U zotni barcha aybu nuqsonlardan) poklab-tasbeh ayturlar va U zotga imon keltirurlar, hamda imon keltirgan kishilarni mag‘firat qilishini so‘rarlar: «Parvardigoro, O‘zing rahmat-mehribonlik va ilm jihatidan barcha narsadan kengdirsan. Bas tavba-tazarru’ qilgan va Sening yo‘lingga ergashgan kishilarni O‘zing mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin” (G‘ofir, 7). Bu muborak oyatdan ma’lum bo‘lishicha, farishtalarning rahm qilishi mo‘minlar uchun rahmat va mag‘firat so‘rashdan iborat.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu hadislaridan kelib chiqadigan xulosa shu: qarindoshlik aloqalarini mustahkamlashga ahamiyat berish Alloh taoloning rahmatiga erishishga intilish demakdir. Aksincha, bu masalaga beparvo bo‘lish Alloh taoloning rahmatiga bepisandlikdan darak beradi.

“Kutubi sitta” asosida

Sodiq NOSIR

tayyorladi.

O‘MI Matbuot xizmati

 

 

Hadisi sharif
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qashqadaryolik imomlar “Zakovat»da bellashdi

04.08.2026   2089   1 min.
Qashqadaryolik imomlar “Zakovat»da bellashdi

2026 yil 4 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar va noib imomlar ishtirokida “Zakovat” intellektual bellashuvi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi diniy soha xodimlarining intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning bilim va tafakkurini yanada boyitish, shuningdek, mustaqillik bayramini ma’naviy-ma’rifiy ruhda keng nishonlashdan iborat bo‘ldi.
Bellashuvda shahar va tumanlardan tashrif buyurgan jamoalar Islom tarixi, fiqh, aqoid, ma’naviy-ma’rifiy hamda kitobxonlik yo‘nalishlari bo‘yicha berilgan savollarga javob berish orqali mantiqiy fikrlash, tezkorlik va bilimdonlik borasida o‘zaro kuch sinashdi.
Yakunda Qarshi shahri va Nishon tumani vakillaridan iborat bo‘lgan jamoa eng ko‘p ball to‘plab, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. G‘olib hamda sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Qashqadaryolik imomlar “Zakovat»da bellashdi Qashqadaryolik imomlar “Zakovat»da bellashdi
Yangiliklar