Sayt test holatida ishlamoqda!
12 May, 2025   |   14 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:08
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:35
Xufton
21:03
Bismillah
12 May, 2025, 14 Zulqa`da, 1446

Suyukli sahobiy vafotidan Rasululloh (s.a.v.) unsiz yig‘ladilar

29.01.2018   6317   6 min.
Suyukli sahobiy vafotidan Rasululloh (s.a.v.) unsiz yig‘ladilar

sahobalar hayoti

Asli Bani Ma’n qabilasidan bo‘lgan Su’da binti Sa’laba sakkiz yoshli o‘g‘li bilan ona qishlog‘iga yaqinlarini ziyorat qilish uchun otlandi. Karvonga qaroqchilarning to‘satdan hujum qilishi mumkinligi qarindoshlarini ko‘rish ilinjida xursand ketayotgan Su’daning xayoliga ham kelmagan edi... 

Bani Qayn qabilasidan bo‘lgan qaroqchilar karvondagilarni taladi. Ko‘pchilik qatori Su’daning sakkiz yoshli o‘g‘li Zayd ibn Horisani ham asir olib, Ukkoz bozoriga olib ketishdi.

Quraysh qabilasidan bo‘lgan Hakim ibn Hizom ibn Xuvaylid ham shu bozorga borgan edi. Uning karvoniga Zayd bilan yana ikki-uch nafar bola qo‘shilib Makkaga qaytishdi.

Makkada Hakim ibn Hizom o‘zini ziyorat qilish uchun kelgan ammasi, turmushga chiqish arafasida turgan Xadicha binti Xuvaylidni (roziyallohu anhu) xursand qilmoqchi bo‘ldi: “Ammajon! Sizni juda yaxshi ko‘raman. Ukkozdan ikki-uch g‘ulom oldim. Ulardan xohlaganingizni oling, o‘g‘lingiz kabi xizmatingizni qilib yursin”, dedi.

Xadicha binti Xuvaylidning ko‘ziga Zayd yaxshi ko‘rindi. Farzandidek tarbiya qilishni o‘ylab, uni olishlarini aytdilar.

Ko‘p o‘tmay, Xadicha onamiz bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘ylari bo‘lib o‘tdi. To‘ydan keyin onamiz roziyallohu anho Zaydni Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga boshlab kirib: “Sizni xursand qilmoqchiman. Zaydni yaxshi ko‘rishingizni bilaman. Uni sizga beraman, xizmatingizni qilib yuradi”, dedilar.

*   *   *

Yosh Zayd muborak xonadonda farzanddek mehr, e’tibor ko‘rib, katta bo‘ldi. Ota-onasi uni sog‘inib, qidirmagan joylari qolmadi.

Bir yili haj mavsumida Makkada Ka’bani tavof qilayotgan otasining qavmdoshlari xuddi Zaydga o‘xshash bolani ko‘rishdi. Surishtirishgach, u Zayd ekani aniq bo‘ldi. Hajlari tugab, ortlariga qaytishganida Horisaga o‘g‘li Makkada ekanini aytdilar.

Er-xotinning boshi osmonga yetdi. Horisa darrov ukasi Ka’bni olib, Makkaga shoshildi. To‘g‘ri Muhammad ibn Abdullohning (sollallohu alayhi vasallam) uyiga keldi-da, eshikni taqillatdi. Rasulullohni ko‘rgach, muddaosini ayta boshladi:

– Ey Abdumuttalibning o‘g‘li! Sizlar muborak masjid atrofida istiqomat qiluvchi qavmsizlar. Kelgan-ketganlardan yaxshiliklaringizni ayamaysizlar. Shu desangiz, uyingizda yugurib yurgan bola mening o‘g‘limdir. Uni anchadan beri qidirib yurgan edik, shu yerdaligini bilgach, siz tomon shoshildik. Yonimizda bir muncha pul bilan bolamni olib ketgani keldik. Pulni oling-da, farzandimizni qaytarib bering!

– O‘g‘lim deb kimni aytyapsiz?

– Zaydni.

– Unda sizlarga bir narsani taklif qilaman.

– Nimani?

– Zaydni chaqiramiz, o‘zidan so‘raymiz. Agar sizlar bilan ketishni istasa, pul bermasdan ham olib ketishingiz mumkin. Agar qolishni xohlasa, men uni fikridan qaytarishga ojizman.

– Insofli gapni aytdingiz. Biz rozi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) Zaydni chaqirdilar-da, mehmonlarning kimligini so‘radilar.

– Bular otam Horisa va amakim Ka’blar.

– Men sening bir narsani tanlashingni istayman. Xohlasang, ular bilan ketishing mumkin. Istasang, men bilan qol. Ixtiyoring o‘zingda.

– Men siz bilan qolaman.

Otasining kayfi uchdi:

– Nimalar deyapsan, Zayd? Ota-onangning oldiga qaytishni xohlamaysanmi?

– Men bu insonda boshqalarda bo‘lmagan xislatlarni ko‘rdim. Uni aslo tark etmayman.

*   *   *

Bu gaplarni eshitgan Muhammad ibn Abdulloh (sollallohu alayhi vasallam) Zaydni Ka’baga, qurayshliklar o‘tiradigan joyga boshlab keldilar-da, baland ovoz bilan dedilar:

– Guvoh bo‘ling, qurayshliklar! Zayd mening o‘g‘lim va merosxo‘rimdir.

Bu holatni ko‘rgan ota va amaki Zayddan ko‘ngillari to‘q bo‘lib, orqaga qaytishdi.

O‘sha kundan boshlab u Zayd ibn Muhammad, ya’ni Muhammadning o‘g‘li Zayd, deb chaqirila boshlandi. Bu holat to Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga vahiy tushib: «...ularni (asrandi farzandlarni) o‘z otalari (ismi) bilan chaqiringiz» oyati nozil qilingunicha davom etdi. Shundan keyin  yana Zayd ibn Horisa deb chaqiriladigan bo‘ldi.

*   *   *

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga payg‘ambarlik tushgach, erkaklardan birinchi bo‘lib Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu musulmon bo‘ldi. Shundan so‘ng, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sirdoshi, maslahatchisi, safarlarga chiqqanlarida o‘rinbosari bo‘lib qoldi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zayd roziyallohu anhuni qanchalar yaxshi ko‘rishlarini u zotning suyukli ayollari Oysha onamiz roziyallohu anho aytib beradilar.

Bir kuni Zayd Madinaga qaytib kelganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda edilar. Zayd eshikni taqillatdi. U paytda Rasululloh muborak yelkalari ochiq o‘tirar edilar. Xursand bo‘lganlaridan shu holda bo‘lsa ham yugurib, unga peshvoz chiqdilar. So‘ng quchoqlab ko‘rishdilar. Allohga qasam, undan oldin ham, keyin ham Rasulullohni shu holatda ko‘rmaganman”.

Payg‘ambarimiz qattiq muhabbat qo‘yganlari bois musulmonlar uni “Zaydul hub”, ya’ni “Muhabbat Zaydi”, deb chaqirishardi.

Zayd ibn Horisa hijriy sakkizinchi yili “Mu’ta” safarida vafot etadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam suyukli insonlarining vafotidan  qayg‘urdilar. Ta’ziya bildirgani uylariga kelganida, Zaydning o‘g‘li Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu unsiz yig‘lab o‘tirgan edi. Nabiralari Hasanga tengdosh Usomaning yig‘isidan U zot ham o‘zlarini tutib turolmay, unsiz yig‘ladilar. Yonlaridagi Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh! Bu nima?” deb so‘raganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu Habibullohning habibiga yig‘isidir”, deb javob berdilar.

Ziyouddin MAQSUDOV

tayyorladi. 

O‘MI matbuot xizmati

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Onaning duosi sababli olim bo‘ldi

12.05.2025   1261   2 min.
Onaning duosi sababli olim bo‘ldi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Sulaymon ibn Ayub rahimahulloh bunday hikoya qiladi: “Men o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida ilm o‘rganish va Qur’onni yod olishga harakat qilsam-da, Fotiha surasini to‘g‘ri o‘qiy olmasdim. Bu holat menga og‘ir edi. Hatto ustozim ham mendan umidini uzgan edi.

Yolg‘iz qolganimda sajdaga bosh qo‘yib yig‘lab, duolarimda Alloh taolodan tilimni burro, xotiramni o‘tkir qilishini hamda qalbimdagi g‘ashlikni ketkazishini so‘rab iltijo qilardim.

Solih insonlardan biriga holimni bayon etdim. U mendan: Ota-onang bormi? - deb so‘radi.

Men: Ha, onam bor, - deb javob berdim.

U: Onangga yaxshilik qilasanmi? – deb so‘radi.

Men: Ha onamning xizmatlarini bekamu ko‘st bajaraman, – dedim.

Shunda solih kishi menga: Onangni oldiga borib, undan Qur’oni karimni yod olishing hamda faqih bo‘lishing uchun duo qilishini so‘ra, – dedi. 

Men uyga borib, bu gaplarni onamga aytdim. Volidam yarim tunda namoz o‘qidi, haqqimga xayrli duolar qildi. So‘ngra saharlik qilib, Alloh uchun ro‘za tutdi.

Tong otishi bilan onamning duolari qabul bo‘ldi. Xuddi bulutlar tarqagach quyosh charaqlagani singari aqlim ham yorishib, quvvai hofizam kuchayganini his etdim.

Shu tariqa men zehni o‘tkir va ilmli insonga aylandim. Onamning duosi barakotidan Qur’on va hadisni puxta o‘zlashtirib, ilmu-hikmat dengizida suza boshladim. Nihoyat, kuchli imomga aylandim”.

Kim biror maqsadini amalga oshirishda qiynalsa, avvalo, Alloh taologa tayanish barobarida ota-onasining duosini olsin!.

            

Shayx Mahmud MISRIYning
“Solih va solihalar hayotlaridan qissalar” kitobi asosida
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.