Namozdan keyin imomning qavmga qarab o'tirishi, so'ng barchalari jamoat bo'lib zikrlar aytib, so'ngra qo'llarini ko'tarib duo qilishlari, qavmning imomning duosiga «Omiyn, omiyn» deb turishi haqida savollar ko'p. Avvallari bu masalada hech gap ko'tarilmas edi. Ammo keyingi paytda turli sabablarga ko'ra savollar ko'paydi.
Aslida bu masala allaqachon hal bo'lgan, muhaddislar o'z kitoblarida bu boradagi hadislarni rivoyat qilgan va fuqaholar o'z kitoblarida uni yaxshilab tahlil qilib, echib bergan edilar.
Ammo ba'zi kishilar bu masalani yana qayta ko'tarib, odamlarning xayoli parishon bo'lishiga sabab bo'ldilar. Aslida esa eski gapni yana qayta qo'zg'adilar.
Nachora, modomiki o'zi bilmagan narsani inkor qiladiganlar bo'lar ekan, qayta-qayta ovora bo'lishdan boshimiz chiqmaydi.
Shuning uchun muhtaram kitobxonga qisqacha bayonot berishni lozim ko'rdik.
Avvalo, bu masalada alohida risolalar yozgan ulamolar ham bo'lganini aytib qo'ymoqchimiz.
Misol uchun, Maxdum Muhammad Hoshim at-Tattaviy as-Sindiyning «Muxtasarut-Tuhfatul‑Marg'uba fii afzaliyatid-duoi ba'dal‑maktuba» («Farz namozidan keyingi duoning afzalligi haqida marg'ub tuhfa muxtasari») kitobini keltirishimiz mumkin.
Bu kitobda muallif farz namozidan keyin qo'lni ko'tarib duo qilish, jamoat bo'lib duo qilish va «Omiyn, omiyn», deb turish haqidagi ko'plab hadislarni keltirganlar.
Biz esa o'zimizga juda kerakli bo'lgan birgina iqtibos keltirish bilan kifoyalanamiz:
«Agar bizga «Shayx Abdul Haq Dehlaviy rahmatullohi alayhi «As-Sirotul Mustaqiym»ga qilgan sharhida: «Arab va ajam yurtlarida odat bo'lib qolgan salomdan keyin imom va qavmning to'planib duo qilishlari, imomlar duo qilib, qavmning «Omiyn», deb turishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hidoyatlaridan emas, bu haqda birorta hadis kelmagan, bu narsa mustahab sanalgan bid'atdir», degan, bunga qanday javob beriladi?» deyilsa, bunday javob beramiz:
«Miftahus Solat»ning sohibi alloma Fath Muhammad ibn shayx Iyso ash-Shitoriy «Futuhul Avrod» deb nomlangan kitobida quyidagilarni aytgan:
«Albatta, shayx Abdul Haq olti sahih hadis kitoblarida va boshqa kitoblarda namozdan keyin qilinadigan duolar haqidagi hadislarni ko'rmagani uchun bu ishni bid'at deb aytgan.
Agar shayx Abdul Haq namozdan keyin duo qilish aslida bid'at, degan gapni iroda qilgan bo'lsa, shubhasiz, uning gapi noto'g'ri. Chunki biz rivoyat qilgan farz namozidan keyingi duolar haqidagi rivoyatlarning hammasi bu gapni rad qiladi.
Agar shayx Abdul Haq namozdan keyin ikki qo'lni ko'tarib, iqtido qiluvchilarning «Omiyn, omiyn», deb turishi shaklidagi duoni bid'at degan bo'lsa, bu gapi ham noto'g'ri. Chunki duoda ikki qo'lni ko'tarish sunnatdir, duoning oxirida ikki qo'lni yuzga surtish ham duoning sunnatidir, eshituvchilarning «Omiyn, omiyn», deb turishlari ham duoning sunnatlaridan.
Agar bu ishlarning hammasi mustahab sunnatlardan bo'ladigan bo'lsa, sunnat narsalardan tarkib topgan ish nima uchun bid'at bo'lar ekan?! Bu ishni bid'at deyish mutlaqo noto'g'ridir».
Keyin muallif mazkur uch sunnat amalning har biriga o'nlab hadislarni dalil qilib keltiradi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(Hadis va hayot kitobidan)
To'raqo'rg'on tuman “Ishoqxon to'ra”
jome masjidi imom xatibi,
modul ta'lim tizimi
talabasi Sufiyev Ja'farxon
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV