Pul yemas ota” jome masjidi salkam besh asrlik tarixga ega bo‘lib, shu nomdagi qabristonga yondosh qurilgan. Sobiq ittifoq davrida masjid binosi tashlandiq, eski binoga aylanib qolgan. Mamlakatimiz mustaqilikka erishganidan so‘ng, eski bino ta’mirlanib, “Maxmur”, “Umid”, “Beshbola” va “Mirzo Ulug‘bek” mahalla faollarining tashabbusi bilan 1992 yil “Pul yemas ota” nomi bilan rasmiy jome masjidi sifatida faoliyat boshladi. Masjidning bunday nomlanishi “Pul yemas ota” qabristoni nomi bilan bog‘liq. Rivoyatlarga ko‘ra, qabriston nomi “Pul yemas ota” emas, aslida “Fil yemas ota” bo‘lgan. U kishi XV asrlarda masjid hududi va atrofidagi yerlarda dehqonchilik qilgan halol va taqvodor bir inson bo‘lgan. 1998 yil jome masjid qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Bugun, muborak juma kunida ushbu masjid qayta qurilib namozxonlar ixtiyoriga topshirildi. Masjidning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov hazratlari ishtirok etdilar.
Muftiy hazrat juma namozida masjid qavmini bu qutlug‘ dargoh, go‘zal koshona, e’tiqod maskani bilan qutladilar, shunungdek, so‘ngi paytlarda mamlakatimizda namozxonlarning ibodat qilish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Masjid ahli yangi masjid binosida muftiy hazrat boshchiligida ilk bora juma namozini ado etidi. Namoz so‘ngida Qur’on tilovati qilindi, duoi xayrlarda o‘tganlar, masjid qurilishida hissa qo‘shgan barcha-barcha zahmatkashlar eslandi. Yaratilgan sharoitlar va ko‘rsatilgan e’tibor sabab qalblari xursandchilikka to‘lgan namozxonlar baralla duoga qo‘l ko‘tarib, Yaratganga shukrlar aytishdi.
Masjid haqida ikki og‘iz so‘z. Jome kishini o‘ziga ohangrobodek tortadi. Masjidga kirgan kishining undan chiqqisi kelmay qoladi. U o‘ta mustahkam ta’mal toshi ustiga pishiq g‘ishtdan qurilgan. Moviy gumbazli, o‘ta salobatli. Eshik va derazalariga zamonaviy akfa romlari o‘rnatilgan. Polda isitish moslamasi o‘rnatilgan.
Zina, hovli sahni va yo‘lkalarga kafel va bruschatkalar yotqizilgan. Tahoratxona zamonaviy uslubda jihozlangan. Masjid sahni obod, ko‘kalamzorlashtirilgan. Manzarali daraxt va gullar ekilgan. Qurilish ishlariga mohir usta va muhandislar jalb etilgani shundoq sezilib turibdi. Haqiqatan ham, ushbu ezgu ishga hissa qo‘shish istagidagi quruvchilar o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, bor kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilishgan. Zero, masjid qurish, uni obod etishning savobi ulug‘ ekani Islom manbalarida bayon qilingan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: “Kim Allohning roziligini istab, masjid qursa, Alloh unga jannatda qasr barpo qiladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Masjidlarni ko‘rkam qilish, namozxonlarga qulay sharoitlar yaratish katta ajr beriladigan amallardandir. Bu haqda Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan bunday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o‘sha chiroqning nuri o‘chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar. Darhaqiqat, masjidlar obodligi yurt obodligidir. Zero, masjidga ibodat qilish uchun kelganlar har namoz so‘ngida ona-Vatanimiz tinchligi, xalq osoyishtaligini so‘rab, duolar qilishadi. Bunday xayrli duolar sharofati ila Yaratgan Parvardigor yurtimizni yanada farovon qiladi.
Azim poytaxtimizda qad rostlagan ushbu yangi jome masjid mahalla ahli uchun juda katta tuhfa bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xabar #mahorat #imom
Bugun, 16 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan 80 nafardan ziyod voiz imom domlalar uchun Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash institutida “Zamonaviy axborot makonida diniy-ma’rifiy soha mutaxassislarining media-targ‘ibot faoliyatini takomillashtirishning dolzarb jihatlari” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvi boshlandi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida bo‘lib o‘tgan o‘quv kursining ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, mazkur institut direktori Husniddin Ahmedov va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Homidjon domla bugungi murakkab davr barcha soha vakillari qatorida imom domlalardan ham o‘z bilim va malakalarini doimiy oshirib borish, insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, aholi, ayniqsa, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘lida jiddu jahd qilishni talab etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, notiqlar mazkur kursning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Ikki hafta davom etadigan mazkur o‘quvda bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mavzularda dars mashg‘ulatlari olib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati