Marokashdagi “Hasan” jome masjidi dunyo bo‘yicha kattaligi jihatidan yettinchi o‘rinda turadi. Atlantika okeani sathidan ikki yuz metr balandlikda barpo etilgan ushbu masjidga bir paytning o‘zida yuz mingdan ortiq namozxon sig‘adi. Ushbu masjid qurilishi mamlakatning o‘sha paytdagi qiroli Hasan II ning buyrug‘i bilan 1986 yilda boshlanib, 1989 yili bitkazilgan. Biroq masjid 1993 yilnig 30 avgust kunidan rasman faoliyat yurita boshladi. Masjid loyihasini fransiyalik muhandis Mishel Pinso ishlagan.
Hashar yo‘li bilan qurilgan “Hasan” jome masjidida 6000 dan ortiq usta hamda 10000 dan ziyod bezak ishlari mutaxassisi mehnat qilgan. Qurilishda Marokashda ishlab chiqilgan xomashyolar ishlatilgan. Faqatgina oq granit ustunlar va 50 tonnalik shisha qandillar Italiyadan keltirilgan.
Masjidning minorasi 210 metr bo‘lib, dunyoda eng baland hisoblanadi. Masjid yonida madrasa, kutubxona hamda muzey mavjud.
Davron NURMUHAMMAD
O‘MI Matbuot xizmati
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.