Inson asabiylashsa miya, jigar, buyrak va yurakka ozuqa tashuvchi yo‘llar bo‘g‘iladi. Ko‘z qorachig‘i kengayib, yurak urishi tezlashadi. Bunday vaqtda jigardan uglevodlar (zararli suyuqlik) ajrala boshlaydi. A’zolarning bunday pala-partish ishlashi ko‘p kasalliklarning (stenokardiya, infarkt, insult) kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
Ochiq chehrali, bosiq, vazmin odamlar ruhan va jismonan tetik bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam g‘azablangan paytda o‘tirib olishni, yana bosilmasa, yotib olishni yoki tahorat yangilab, ikki rakat namoz o‘qishni tavsiya qilganlar.
Asab tolalarining uzilishi a’zolarimizdagi oziq moddalar kamayishiga, holsizlikka olib keladi. Masalan, jismimizda kalsiy moddasi yetishmasa, mushaklarimiz og‘rib, suyaklarimiz mo‘rt bo‘lib qolishi mumkin. Yuzimizga tabassum qaytishi bilanoq, miyamiz tajanglikni so‘ndiruvchi moddalar ishlab chiqara boshlaydi.
Muntazam badantarbiya qilish, ochiq havoda aylanish, ayniqsa, uyquga yotishdan oldin besh-o‘n daqiqa yurish juda foydali. Tabiat qo‘yniga chiqib zavqlanish, vaqti-vaqti bilan toza suv havzalarida cho‘milib turish ham kerak. Shuningdek, ozuqaga boy ovqatlarni me’yorida yeyish yaxshi. Ezgu niyat, chiroyli so‘z, yaxshi amal, ota-ona, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar bilan yaxshi munosabat ham asablarimizga tinchlik beradi, mustahkamlaydi. Demak, imkon boricha turli asabbuzarliklarning oldini olishga intilishimiz, yaxshilikka ishonch, kelajakka umid bilan yashashga o‘rganishimiz zarur.
Parda JO‘RAyev,
kardiolog
Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 mart kuni Samarqand viloyati Payariq tumanida qaytadan bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi.
Ziyoratgohning qoq markazida buyuk hadisshunos bobomizning tabarruk maqbarasi o‘rin olgan.
Davlatimiz rahbari maqbarani ziyorat qildi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.
– Muborak Ramazon hayiti arafasida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining ruhi poklariga yana bir bor hurmat-ehtirom bajo keltirmoqdamiz. Buxoriy bobomiz Qur’oni karimdan keyingi eng mo‘tabar manba bo‘lgan hadislar kitobini yaratib, butun islom olamida shuhrat qozongan ulug‘ siymodir. Muqaddas zaminimiz dunyoga mana shunday mashhur allomani bergani bilan har qancha faxrlansak, arziydi.
El-yurtimizning fidokorona mehnati bilan bugun orzu-niyatlarimiz ro‘yobga chiqdi. Bu betakror ziyoratgohni Imom Buxoriy bobomizning olamshumul mavqeiga, yuksak maqomiga munosib darajada bunyod etishga muyassar bo‘ldik. Mana shunday tabarruk maskan barchamizga muborak bo‘lsin, – dedi davlatimiz rahbari.