Mazhabimizni o‘rganamiz
Ahli sunna va jamoa mazhabi imomlaridan eng ulug‘i, Islom millatining faqihi Imom Abu Hanifa hijratning saksoninchi yili Iroqning Kufa shahrida tug‘ilganlar. Bir necha sahoba bilan suhbatdosh bo‘lganlari, xususan, Anas ibn Molikni (roziyallohu anhu) va yana yetti-sakkiz nafar sahobani ko‘rganlari rivoyat qilinadi. Imomi A’zam ulug‘ chashmalardan – Payg‘ambarimiz alayhissalomni ko‘rgan kishilardan bahra olgan zotdirlar. Rivoyatlarda yana Abu Hanifa tobeinlardan to‘rt ming kishidan dars olganlari va shuncha sanoqdagi odam u kishidan dars olib, olim bo‘lib yetishgani aytiladi. Shuning uchun u zotni barcha tan oladi, ulamoyu fuzalo “Imomi A’zam”, ya’ni, “Ulug‘ imom” deya, o‘zlaridan ustun va ilgari qo‘yadi.
Zamondoshlaridan Yahyo ibn Ma’in bunday guvohlik beradi: “Abu Hanifa nihoyatda ishonchli edilar, qaysi hadisni to‘la yod bilsalar, o‘sha hadisni aytar, to‘la yod bilmagan hadisni rivoyat qilmas edilar”.
Bunday sifat kam uchraydi. Ya’ni, Abu Hanifa faqat hadisdan bir harf bo‘lsa-da yo nari, yo beri bo‘lishini ko‘tarolmas, hadis mazmunini to‘liq bilsalar-da, yetkazishda biror so‘z almashib qolishidan havotirda uni rivoyat qilishga botinmas edilar. Bu baho u zotning zamondoshlari tomonidan berilgan. Mana, oradan ming yildan ko‘proq vaqt o‘tdi. Bugun u kishini yaxshi tanimaganlardan: “Imom Abu Hanifa kam hadis rivoyat qilgan”, degan gaplar ham chiqib qoladi. Bu kabi bayonotlar, albatta, bilimsizligimiz oqibati. Aslida Imomi A’zam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning aytgan hadislarini xuddi Qur’on oyatlari kabi aniq yod bilgan kishigina tilga chiqarishi mumkin, degan talabchanlik bilan yondashganlaridan, ko‘p hadis bilsalar-da, ularni rivoyat qilmaganlar.
Demak, tarixda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hadislarini yetkazishda ishonchli sanalgan bir necha kishi bo‘lib, shulardan biri Imom Abu Hanifa ekanlar. Bu juda katta martabadir.
Shofi’iy mazhabi asoschisi Muhammad ibn Idris Shofi’iy rahmatullohi alayh bunday degan edilar: «Molikdan[1] “Abu Hanifani ko‘rganmisiz?” deb so‘raldi. U kishi: “Ha, ko‘rganman. Men shunday odamni ko‘rdim, agar u mana shu ro‘paradagi ustunni tilla ekan deb aytsa, albatta, shuning tilla ekaniga hujjat keltirar edi”, deb javob berdi».
E’tibor qiling: boshqa mazhab yetakchisi Abu Hanifa qanday odam bo‘lganiga uchinchi mazhab egasining so‘zlarini dalil keltirmoqda. Bu hol ularning e’tiroflari qanchalik ko‘lamli va samimiy ekanini ko‘rsatadi.
Faqih Abu Abdulloh G‘omyariy bunday deydi: “Abu Hanifa qozilikka buyurildi. Xato hukm chiqarib qo‘yib, Alloh oldida gunohkor bo‘lib qolaman, degan xavfda bu ishdan bosh tortdilar. Qayta-qayta taklif bo‘ldi, qabul qilmadilar. Oqibat, qozilik mansabini olmaganlari uchun o‘n darra urildilar, so‘ng zindonga tashlanib, hibsda dunyodan o‘tdilar”.
Qarang, Imomi A’zam jinoyat uchun emas, adolatsizlikka sababchi bo‘lib qolmaslik tashvishida obro‘li mansabni egallashdan bosh tortganlari tufayli zindonda vafot qildilar. Taqvo shu qadar edi! Demak, u kishi gaplari rosa dalillanmasa, aniq oyati karimadan, sahih hadislardan, sunnatdan, sahobalardan hujjatlari bo‘lmasa, gapirmaganlar. U kishining mazhabidagi har bir masala shu darajada ishonchlidir.
Abu Hanifaning shogirdlari, Islom olamida tan olingan ulug‘ zot Abdulloh ibn Muborakdan: “Molik faqihroqmi yoki Abu Hanifami?” deb so‘raldi. Shunda u kishi: “Abu Hanifa”, deb javob berdilar.
Istilohda “fiqh” so‘zining ma’nosi – dinni anglash, oyat, hadisning tagiga yetish, umuman, Islom dinining mag‘zini tushunishdir. Bilish – “ilm”, tagiga yetib, butun chuqurligi bilan mohiyatni anglash “fiqh” deyiladi. Dunyoda fiqh darsini boshlab bergan zot Imomi A’zamdirlar. Ya’ni, oyat va hadislarning lafzigagina asoslanib hukm chiqarmasdan, aytilayotgan gapning qachon va qay holatda, nima uchun aytilayotganini o‘rganib, shu gap boshqa o‘rinda ham aytilganmi yoki yo‘qmi – hammasini solishtirib, barcha vaziyatlarni hisobga olgan holda “Bundan shu ma’no chiqadi”, deb anglab-anglatish Abu Hanifa tamal qo‘ygan ishdir. Buni butun dunyo tan oladi. Shu ma’noda, kim faqihroq ekani to‘g‘risidagi savolga Ibn Muborakning olimlar shahri bo‘lmish Madinai munavvaraning eng peshqadam olimi Imom Molikdan ham Abu Hanifani faqihroq deb javob berishlari bejiz emas.
Haribiy aytadi: “Abu Hanifaga ikki xil odam tosh otadi: yo hasadgo‘y, yo johil...”
Zamondoshlari orasida Imomi A’zamga kimdir tosh otgan bo‘lsa, bu faqat hasaddan bo‘lgan. Keyingi davrlarda, jumladan, bizning zamonimizda u zotni kamsitadigan odamlar faqat nodonligi, johilligi uchun, Abu Hanifa kimligini, umuman, dinni bilmagani uchun bu ishni qiladi. Shu ikki toifadan boshqasi u kishiga til tekkizmaydi. Aksincha, unga hamma rahmat aytadi, ergashadi, barcha u zotni tan oladi.
Ulug‘ olimlardan Yahyo ibn Said Qattan deydi: “Allohni, Uning dinini haq deb bilamiz, Alloh nomi bilan aytaman: biz Abu Hanifaning fikridan chiroyliroq fikrni eshitgan emasmiz. Abu Hanifa bir masala haqida fikr aytsa, eng to‘g‘ri, eng go‘zal fikr shu kishiniki bo‘lardi. Boshqa olimlar u kishining darajasiga yetolmasdi. Shuning uchun biz u kishining fikrlarini olganmiz”.
“Agar Imom Abu Hanifaning ilmini unga zamondosh hamma olimlar ilmi bilan taroziga solinsa, Abu Hanifaning ilmi og‘ir kelar edi”, deydi Ali ibn Osim.
U kishiga zamondosh olimlar bizning zamonamizdagi yoki bundan besh yuz yil oldingi olimlar emas, balki sahobalarni ko‘rgan olimlar edilar. Qarang, shularning hammasining bilimi qo‘shilib, tarozining bir pallasiga, Abu Hanifaning ilmlari ikkinchi pallaga qo‘yilsa, Imomi A’zam hazratlarining ilmlari og‘irlik qilarkan.
Islom olamida tan olingan olimlarning buyuk imomimiz haqidagi bu e’tiroflarini behuda keltirmayapmiz. Qanday ulug‘ ustozga ergashayotganimizni, imomimiz, mazhabimiz rahbari Qur’onu hadisni, Islom dinini bizga bu darajada mukammal yetkazgan inson ekanini shoyad yaxshiroq tanisak, johil bo‘lib qolishdan saqlansak, ozgina bo‘lsa ham ko‘zimiz ochilsa va alal-oqibat, yaxshiliklar qadriga ham yetsak.
Yetuk olimlardan biri Hafs ibn Fayyoz diqqatga sazovor bunday fikrni aytadi: “Abu Hanifaning fiqh haqidagi gapi she’rdan nafisroq”.
Bir qarashda oddiy tuyulgan bu so‘zlarni biz bejizga diqqatga sazovor demadik. Nazm juda inja so‘zlar bilan ifoda etilishi va shu tarzdagi go‘zal iboralar to‘plamidan she’r tug‘ilishi ma’lum. Abu Hanifa fiqh – masala haqida gapirar ekanlar, xuddi ilhom bilan she’r oqib kelganidek, balki undan ham nozikroq, undan ham chiroyliroq qilib yetkazardilar. Shuning uchun Abu Hanifani faqat johil odamgina ayblaydi, aqli bor odam u kishini taniydi va albatta e’tirof etadi.
Tobeinlar ulug‘i, muhaddis olim A’mashdan bir masala haqida so‘raldi. Shunda u zot: “Bu masalaga eng yaxshi javobni ipakfurush (u kishining shunday kasblari bo‘lib, ipak do‘konlari ham bor edi) No‘mon ibn Sobit beradi. Mening o‘yimcha, Alloh No‘mon ibn Sobitga ilmda baraka bergan”, degan edilar. Islom olamida eng tan olingan insonlardan biri “Bu masalani mendan so‘rama, men bilmayman, javob qilishga haqqim yo‘q. Bu masalaga eng chiroyli javob aytadigan Abu Hanifadir”, deyaptilar!
Imom Shofi’iyning mashhur so‘zlari bor: “Fiqhda barcha olimlar Abu Hanifaning oila ahlidir. U zotga teng kelib masala ayta oladigan kishi yo‘q”.
Yana bir olim, Abu Hanifaning afzalligini isbotlashga hojat yo‘q, deya: “Kim kunduzning kunduz ekaniga bir dalil topib ber, deydigan bo‘lsa, u holda odamlarning zehnida to‘g‘ri narsaning o‘zi yo‘q ekan-da?!” degan mazmundagi she’rni keltirgan ekan.
Ajabo! Kunduz payti, yorug‘da turib, kunduzning kunduz ekaniga hujjat talab qilish qanday bo‘ladi? Abu Hanifaning qanday olim ekaniga hujjat ayt, deyish ham xuddi shunday ish. U kishining olimligi kunduzning yorug‘ligi kabi ochiq-oydin. Agar odamlar u zotning olimligini tan olmasalar, unda ular hech narsani to‘g‘ri deb bilmas ekanlar-da, demoqchi olim.
Zamondoshlari va ulardan keyin kelgan ulamolar – dunyo tan olgan shaxslar Imomi A’zamni mana shu darajada ta’riflaydilar.
Imom Abu Hanifa hijratning yuz elliginchi yili, yetmish yoshlarida dunyodan o‘tdilar. Qabrlari Bag‘dod shahrida.
Alouddin MANSUR
[1] Imom Molik rahmatullohi alayh – molikiya mazhabi asoschisi, Imom Abu Hanifadan yoshroq, Shofi’iydan kattaroqdirlar. Shofi’iy Imom Abu Hanifa vafot qilgan yili tug‘ilganlar.
Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.
Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.
Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.
Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.
Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.
Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.
Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.
Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.
Nafaqat muzey, balki intellektual platforma
Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.
Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.
O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash
Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.
Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.
Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.
«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»
Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.
Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.
Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.
Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.
O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi
Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.
Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.
Uchinchi Renessansning asosiy kuchi
Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.
Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.
Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.
Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.
Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati