Cahobalar hayoti
Xazraj qabilasiga mansub Muoz ibn Jabal Islomni birinchilardan bo‘lib qabul qilgan madinaliklardan edi.
Bu sahobiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga hayot sinovlaridan o‘tdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan doim birga bo‘lgani bois u zotdan ko‘p narsalarni o‘rgandi. Hatto Rasululloh alayhissalom): “Ummatimning ichida halol va haromni eng yaxshi biluvchisi Muoz ibn Jabaldir”, derdilar.
Yamandan bir guruh elchilar kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘zlariga haq yo‘lni ko‘rsatuvchi ustoz yuborishni iltimos qilishdi. Barcha sahobiylar bunday oliy sharafga sazovor bo‘lishni istab u zotdan ishora kutdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa ularga Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni jo‘natdilar.
Uni kuzatishdan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga savollar bilan murojaat qildilar:
– Ey Muoz! Hukm chiqarishda nimadan foydalanasan?
– Allohning kitobidan.
– Agar Allohning kitobidan topa olmasang-chi?
– Rasulining sunnatidan qidiraman.
– Rasulining sunnatida ham topa olmasang-chi?
– Unda o‘z ra’yim bilan ijtihod qilaman, – deb javob berdi Muoz ibn Jabal.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak yuzlarida xursandchilik alomatlari paydo bo‘ldi. Quvonganlaridan: “Rasulullohning elchisini Alloh va Rasuli rozi bo‘ladigan ishlarga muvofiq qilib qo‘ygan Rabbimizga hamd bo‘lsin”, dedilar.
* * *
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu sahobalar orasida ilmi va farosati bilan ham ajralib turardi. Ushbu voqeani ibn Abdulloh zikr qiladi:
– Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning davrida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam masjidlariga bir necha sahobalar bilan kirdik. O‘ttiz nafardan ortiq odam suhbatlashib o‘tirgan majlisga qo‘shildim. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan hadislarini eslashardi. Oralarida qorachadan kelgan, shirinsuxan istarali yigit o‘tirardi. Menimcha, u qavmning orasidagi eng yoshi edi. Sahobalar hadis aytishsa, o‘sha yigit sharhlab, fatvo berar edi. So‘ramasalar javob bermasdi, ya’ni ortiqcha gapirmas edi. Majlis tugaganidan keyin unga yaqin bordim va:
– Ey Allohning bandasi! Siz kimsiz? – deb so‘radim
U:
– Men Muoz ibn Jabalman, – deb javob berdi.
* * *
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu barcha sohada Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning maslahati bilan ish ko‘rar, uning fatvosiga tayanar edi. Sahobiyga hurmati sababli “Agar Muoz ibn Jabal bo‘lmaganida, Umar shak-shubhasiz halok bo‘lardi”, derdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida Muoz roziyallohu anhu Yamanda ul zot buyurgan ishlarni bajarayotgan edi. Abu Bakr roziyallohu anhu vaqtida Madinaga qaytib keldi.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu boy edi. Kelganidan so‘ng Umar ibn Xattob Abu Bakr roziyallohu anhum bilan kengashib, Muoz ibn Jabalga molidan kambag‘allarga ehson qilishni maslahat berdi. Muoz ibn Jabal esa hech nima demadi.
Ertasi kuni tongda Umar ibn Xattob Muoz roziyallohu anhuni o‘z uyi oldida hayajonlangan, yig‘lab turgan holda ko‘rdi. U kishi yig‘idan zo‘rg‘a tiyilib, Umar roziyallohu anhuga:
“Ey Umar, kecha tunda tush ko‘rdim: ummon girdobi meni o‘ziga tortib, g‘arq qilmoqchi bo‘layotgan emish. Shunda siz kelib meni qutqarib qoldingiz...” Ikkovlari shu zahoti Abu Bakr roziyallohu anhuning oldilariga borishdi. Muoz ibn Jabal Abu Bakrga roziyallohu anhumga o‘z molining yarmini olishini va muhtojlarga istaganicha ehson qilishini aytdi...
* * *
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz roziyallohu anhuni tongda uchratib qoldilar va savolga tutdilar:
– Ey Muoz, uyqudan qay holatda uyg‘onding?
– Haqiqiy mo‘min bo‘lib uyg‘ondim, yo Rasululloh, – dedi Muoz.
– Har narsaning haqiqati bo‘ladi, imoningning haqiqati nima? – deb savol berdilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam.
– Uyg‘onganimda kelayotgan tunni ko‘ra olamanmi-yo‘qmi – bilmayman. Uyquga ketishimdan oldin tongni ko‘ra olamanmi-yo‘qmi – bilmayman. Yana qadam bosib yurayotganimda keyingi qadamimni bosa olamanmi-yo‘qmi – bilmayman. Xayolimda, o‘tib ketgan qavmlarga qiyomatda kitoblari berilayotganini, jannat ahli rohatlanayotganini, gunohkorlar esa qiynalayotganini ko‘rganday bo‘laveraman.
Shunda Rasululloh alayhissalom:
– Haqiqatni bilibsan, unda bardavom bo‘lgin, ey Muoz, – dedilar.
* * *
Muoz ibn Jabal umrini insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga, foydali ilm qoldirishga bag‘ishladi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu u kishi haqida: “Muoz Allohga bo‘ysunuvchi, haqiqiy musulmon edi. Biz uni Ibrohim alayhissalomga o‘xshatar edik”, der edi.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu qarindosh-urug‘lari bilan Shomga ko‘chib o‘tadi va u yerda ilm bilan shug‘ullanadi. Bir qancha muddat o‘tganidan so‘ng Shomning amiri Abu Ubayda ibn Jarroh vafot etadi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Muoz ibn Jabalni Shomga boshliq etib tayinlaydi.
O‘lim to‘shagida yotgan Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan kimni noib qilib ketishini so‘raganlarida, “Agar Muoz hayot bo‘lganida uni albatta o‘zimdan keyingi xalifa qilib qoldirardim. Rabbimning oldiga borganimda u mendan: “Muhammadning ummatiga kimni bosh qilib qoldirding?” desa, Rabbimga: “Ularga Rasulullohning: “Qiyomatda olimlarning boshlig‘i Muoz ibn Jabal bo‘ladi”, deganlarini eshitganim uchun Muoz ibn Jabalni qoldirdim”, der edim”, deb javob bergan ekan.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu Shomga boshliq etib tayinlanganidan so‘ng bir necha oy umr ko‘rdi va 33 yoshida olamdan o‘tdi.
Abu AYYUB tayyorladi.
O‘MI Matbuot xizmati
Xotira
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Qur’oni Karim xodimi, ustoz Yahyo qori Turdiyev 1930 yil 21 dekabrda Sharqiy Turkistonning Qashqar viloyati Yangisor shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. U 1943 yil Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi.
1962-1968 yillar davomida Mir Arab madrasasida tahsil oldi.
1978-1984 yillarda O‘rtachirchiq tumanidagi To‘ytepa jome’ masjidida imom-xatiblik qildi.
1988 yildan Toshkent (hozirgi Zangiota) tumanidagi Ko‘kterak masjidiga imomlik qildi.
1995-2011 yillar shu tumandagi «Hasanboy ota» jome’ masjidida imom xatib, keyinchalik shu masjidda imom noibi bo‘lib el xizmatida faoliyat yuritdi.
Qur’ondan ilk saboqlarni ota-onasidan oldi. 13 yoshida Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi. Shuningdek, ustozlari Abduhalil va Abdunodir domlalardan ham ta’lim olgan.
1954 yil Yahyo qorini olim bo‘lishini istagan otasi 1600 km uzoqlikda joylashgan Ro‘zihoji madrasasiga olib bordi. U yerda Hindistonda ta’lim olgan shayx Shohimardon ismli yetuk olimdan ilm oldi,
1960 yilda madrasani tamomlab, domla Shohimardonning yonida mudarris bo‘lib ishladi. Biroq shu yilning o‘zida ustozining maslahati bilan sobiq Ittifoqqa yo‘l olib, Andijonda qo‘nim topdi.
1962 yilda Mir Arab madrasasiga o‘qishga kirdi.
1968 yil madrasani tugallagach, Toshkent viloyatidagi Bektemir qishlog‘iga ko‘chib keldi. Bu yerda o‘n yildan ortiq kombinatda ishladi. Shu orada Qashqarda ustozlik qilgan minglab qorilarni chiqargan Abdulaziz qori Mahmudov bilan yana ustoz-shogirdlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi.
1976 yilda shayx Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon bilan tanishdi. U kishining taklifi bilan 1977 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratiga ishga kirdi. Shu tariqa imomlik faoliyati boshlandi.
Farzandim qori bo‘lsin degan ota-onalar uchun ustoz Yahyo qoridan tavsiya:
— Ilm ahliga havas qilgan, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalarga aytadigan birinchi tavsiyam luqmasini halol qilsin. Haromga yaqinlashmasin, halol narsani ham me’yorida iste’mol qilsin. Shuningdek, farzandini ham halol luqma bilan voyaga yetkazsin, tarbiyalasin. Domlalarimiz ko‘cha-kuyda taom iste’mol qilganimizni bilib qolsalar, qattiq ranjib, bizni koyib: «Sen kecha Qur’ondan bir betni yuz marotaba o‘qib yodlagan bo‘lsang, bugun ikki yuz marotaba o‘qisang ham yodlay olmaysan. Shubhali ovqat yemagin. Zehning zaiflashib qoladi», der edilar.
Shuningdek, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalar taqvoli, o‘qimishli bo‘lsin. Ota-onalar olimlarni hurmat qilsin, ularni yaxshi ko‘rib, olimlarga muxlis bo‘lsin. Farzandini yoshligidan boshlab odob-axloqli qilib tarbiyalasin. Bolam qori bo‘lsin degan niyatda bo‘lgan ota-ona o‘zaro bir-biri bilan janjallashmasin, uyda sokinlik hukm sursin. Farzand kelajakda yetuk olim bo‘lishi uchun juda ko‘p mashaqqat, sa’y-harakat talab etiladi. Avvalo, ota-onaning, so‘ngra talabi ilmning hamda ustozning birgalikdagi intilish va harakati bo‘lishi lozim. Shularning bari birikkandagina farzand olim, qori bo‘ladi. Ota-ona mas’uliyatsizlik qilsa yoki talaba ilm olishdan boshqa narsalarga chalg‘isa oqsash kuzatiladi, maqsadga erishilmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir narsaga ham bir mone’lik bo‘ladiku, lekin ilmning mone’lari ko‘p bo‘ladi», degan mazmundagi hadislari ilm olishda sobitqadam, bardavom bo‘lishga undaydi.