Bir kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hazrat Ali karramullohu vajhahudan:
– Ey Ali, Allohni yaxshi ko‘rasanmi? – deb so‘radilar.
– Albatta, yo Rasululloh! – javob berdilar hazrati Ali.
– Meni ham yaxshi ko‘rasanmi?
– Ha, albatta.
– Xo‘p, ayolingni-chi?
– Uni ham yaxshi ko‘raman.
– Farzandlaringni-chi?
– Ularni ham.
– Bu sevgilarning hammasini bitta yurakka qanday sig‘dirasan?
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu kutilmagan savoli qarshisida hazrat Ali nima deyishni bilmay qoldilar. "Buni o‘ylab ko‘rishim kerak", deya u yerdan ketdilar.
O‘ychan holda uyga kirib kelgan hazrat Alini Fotima onamiz roziyallohu anho kutib oldilar. Holatlari sababini so‘radilar: "Nega o‘ychansiz? Agar tashvishingiz o‘tkinchi dunyo g‘ami uchun bo‘lsa, qo‘ying, bu iztirob chekishingizga arzimaydi. Ammo qayg‘ungiz rahmoniy bo‘lsa, menga ham tushuntiring, birgalikda yechim izlaylik".
Hazrat Ali Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan suhbatni ayollariga gapirib berdilar. Fotima onamiz roziyallohu anho vaziyatni anglagach, tabassum qilib:
– Otamga borib ayting:
Allohni aql va ruhim bilan;
Payg‘ambarni qalbim bilan;
Ayolimni nafsim bilan;
Farzandlarimni shafqatim bilan sevaman, – deb ayting, dedilar.
Hazrat Alidan roziyallohu anhu bu javobni eshitgan Payg‘ambarimiz xursand bo‘ldilar va: "Ey Ali, sen olib kelgan gul nubuvvat bog‘idandir", deya javobning asl egasini bilganlarini ma’lum qildilar.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026–2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 2-hudud (Toshkent shahri) bosqichiga start berildi. Imtihonlar 2–3 avgust kunlari Chilonzor tumanidagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome masjidi Majlislar zalida o‘tkaziladi.
Jarayon shaffof va adolatli o‘tishi uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Musulmonlar idorasi rahbarlari va mustaqil kuzatuvchilar jarayonni bevosita nazorat qilmoqda.
Abituriyentlarga qulayliklar va muhim eslatmalar:
Qulaylik: Abituriyentlar o‘zlari hujjat topshirgan hamda o‘zlariga yaqin bo‘lgan diniy ta’lim muassasasida imtihon topshirishlari mumkin.
Magistratura: Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti magistraturasiga hujjat topshirgan, arab tilidan sertifikati bor abituriyentlar testdan ozod etiladi. Ular 11 avgust kuni ijodiy imtihon topshiradi.
Zarur hujjatlar: Shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport/ID-karta) va ruxsatnoma.
Vaqt: Ruxsatnomada ko‘rsatilgan vaqtdan 30 daqiqa oldin kelish talab etiladi. Soat 17:00 dan kechikkanlar testga kiritilmaydi.
Tartib: Telefon, aqlli soat, shporgalka va boshqa elektron qurilmalardan foydalanish qat’iyan man etiladi hamda chetlatishga asos bo‘ladi.
Manzil: Chilonzor tumani, Sugalli ota ko‘chasi, 5/1-uy.
Aloqa: +998 99 876 0310
Rasmiy manba: https://t.me/qabulmuslimuz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati