Bir kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hazrat Ali karramullohu vajhahudan:
– Ey Ali, Allohni yaxshi ko‘rasanmi? – deb so‘radilar.
– Albatta, yo Rasululloh! – javob berdilar hazrati Ali.
– Meni ham yaxshi ko‘rasanmi?
– Ha, albatta.
– Xo‘p, ayolingni-chi?
– Uni ham yaxshi ko‘raman.
– Farzandlaringni-chi?
– Ularni ham.
– Bu sevgilarning hammasini bitta yurakka qanday sig‘dirasan?
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bu kutilmagan savoli qarshisida hazrat Ali nima deyishni bilmay qoldilar. "Buni o‘ylab ko‘rishim kerak", deya u yerdan ketdilar.
O‘ychan holda uyga kirib kelgan hazrat Alini Fotima onamiz roziyallohu anho kutib oldilar. Holatlari sababini so‘radilar: "Nega o‘ychansiz? Agar tashvishingiz o‘tkinchi dunyo g‘ami uchun bo‘lsa, qo‘ying, bu iztirob chekishingizga arzimaydi. Ammo qayg‘ungiz rahmoniy bo‘lsa, menga ham tushuntiring, birgalikda yechim izlaylik".
Hazrat Ali Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan suhbatni ayollariga gapirib berdilar. Fotima onamiz roziyallohu anho vaziyatni anglagach, tabassum qilib:
– Otamga borib ayting:
Allohni aql va ruhim bilan;
Payg‘ambarni qalbim bilan;
Ayolimni nafsim bilan;
Farzandlarimni shafqatim bilan sevaman, – deb ayting, dedilar.
Hazrat Alidan roziyallohu anhu bu javobni eshitgan Payg‘ambarimiz xursand bo‘ldilar va: "Ey Ali, sen olib kelgan gul nubuvvat bog‘idandir", deya javobning asl egasini bilganlarini ma’lum qildilar.
O‘MI Matbuot xizmati
Bugun 17 iyun 2026 yil Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining 2025-2026- o‘quv yili bitiruvchi kurs talabalari uchun yakuniy attestatsiya imtihonlari Umumta’lim fanlari: O‘zbekiston tarixi, Milliy g‘oya hamda O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi fanlari bo‘yicha boshlandi.
Mazkur imtihonlarda Yakuniy attestatsiya komissiyasi raisi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi, Ulamolar kengashi a’zosi Rahmatillo domla Usmonov ishtirok etib, bitiruvchi talabalarga muvaffaqiyat tiladilar hamda ularning kelgusidagi ilmiy-ma’rifiy faoliyatiga oid tavsiya va nasihatlar berdilar.
Yakuniy attestatsiya imtihonlari belgilangan tartib va mezonlar asosida davom etmoqda.