بسم الله الرحمن الرحيم
YOSHLAR TARBIYASI – SHARAFLI MAS’ULIYAT
Muhtaram azizlar! Barchamizga ma’lum va ravshandirki, har bir ota-ona o‘z farzandlarining istiqboli, baxt-saodati va kelajakda mustaqil hayot kechirib, jismoniy, ma’naviy va ruhiy jihatdan barkamol avlod bo‘lib yetishishini niyat qiladi. Mana shu maqsadlarga yetishishda muqaddas Islom dinining tom ma’nodagi ulug‘vor ta’limotiga amal qilish muhim ahamiyatga egadir. Islom dinida bolalarni hali murg‘akligidanoq go‘zal axloq va odobga o‘rgatib borish tavsiya etiladi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:
عن عُمَرَ بْنَ أَبِى سَلَمَةَ يَقُولُ، كُنْتُ غُلامًا فِى حِجْرِ النَّبِىّ صلى الله عليه وسلم وَكَانَتْ يَدِى تَطِيشُ فِى الصَّحْفَةِ فَقَالَ لِى رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "يَا غُلامُ سَمِّ اللَّهَ وَكُلْ بِيَمِينِكَ وَكُلْ مِمَّا يَلِيكَ فَمَا زَالَتْ تِلْكَ طِعْمَتِى بَعْدُ"
(رواه الامام البخاري).
ya’ni: Umar ibn Abu Salama r.a. aytadilar: “Men Rasulullohning qaramog‘larida yosh bola edim. Ovqat vaqtida qo‘limni tovoqning hamma yeriga uzatar edim. Shunda, Rasululloh menga: “Ey bolakay! Avval, “Bismilloh”ni ayt, so‘ngra o‘ng qo‘ling bilan, o‘zingni oldingdan olib yegin”, deb o‘rgatdilar. Shundan beri o‘shanday ovqatlanadigan bo‘ldim” (Imom Buxoriy rivoyati).
Dinimizda yoshlarni asosan rostgo‘ylik, va’daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga yetkazishga katta ahamiyat qaratiladi. Payg‘ambarimiz s.a.v. hadislarining birida shunday marhamat qildilar:
أَنَّ رَسُولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "مَا نَحَلَ وَالِدٌ وَلَدًا مِنْ نَحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ"
(رواه الإمام الترمذي).
ya’ni: “Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
Yoshlarning jismonan baquvvat, tanlari sog‘lom, g‘ayratli va shijoatli bo‘lishlarida jismoniy tarbiyaning ahamiyati kattadir. Islom dini ta’limotida jismoniy tarbiya tushunchasi zamiriga nafaqat badan tarbiya mashqlari bilan shug‘ullanish balki, inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan barcha omillarga rioya qilish, ayni paytda salomatlik uchun zararli, balki hayot uchun xavfli bo‘lgan illatlardan saqlanish nazarda tutiladi. Quyidagi hadis shunga dalolat qiladi:
عَنْ أَبِي رَافِعٍ، قَالَ: "قُلْتُ يَا رَسُولَ اللهِ، أَ لِلْوَلَدِ عَلَيْنَا حَقٌّ كَحَقِّنَا عَلَيْهِمْ؟" قَالَ: "نَعَمْ، حَقُّ الْوَلَدِ عَلَى الْوَالِدِ أَنْ يُعَلِّمَهُ الْكِتَابَةَ وَالسِّبَاحَةَ وَالرَّمْيَ، وَأَنْ يُؤَدِّبَهُ طَيِّبًا"
(رواه الإمام البيهقي).
ya’ni: Abu Rofi’ aytadilar: Men: Yo Rasululloh s.a.v.! Bizning bolalarimizda haqqimiz bo‘lgani kabi, ularning ham bizda haqlari bormi? – deb so‘radim. Shunda Rasululloh s.a.v.: “Ha, bolaning otadagi haqqi unga yozishni, suzishni, kamondan otishni o‘rgatmog‘ligi hamda halol va pokiza narsalar berib tarbiyalamoqligi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Muhtaram jamoat! Islom dini ta’limotida yoshlarni aqlan tarbiya qilish ham muhim masala sanaladi. Bunda ularni manfaatli ilm sohibi qilib tarbiyalash, fikriy va ilmiy jihatdan yetuk inson qilib kamolga yetkazish nazarda tutiladi. Islom dinida ilm deganda diniy ham dunyoviy ilmlar tushuniladi. Diniy ilm insonning ruhiy hayoti, uning e’tiqodiga oid bo‘lib, oxirati uchun zarur bo‘lsa, dunyoviy ilm uning jismoniy hayoti, dunyo obodligi uchun zarurdir. Shuning uchun ham hadisi sharifda:
قَالَ رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: "خَيْرُكُمْ مَنْ لَمْ يَتْرُكْ آخِرَتَهُ لِدُنْياهُ ولا دُنْياهُ لآخِرَتِهِ ولَمْ يَكُنْ كَلاًّ على النَّاس"
(رواه الإمام الخطيب و الإمام الديلمي).
ya’ni: “Sizlarning eng yaxshingiz bu dunyosini deb oxiratini unutmagan, oxiratini deb bu dunyosini unutmagan va o‘zgalarga malol keltiruvchi bo‘lmaganingizdir” deyilgan. Ushbu ta’limotlarga jonu dili bilan amal qilgan ajdodlarimiz, buyuk bobokalonlarimiz ham shariat, ham tariqat va ham ilm-fan sohasida butun dunyoga o‘rnak bo‘lganlar.
Yoshlik davrining e’tiborga molik jihatlari juda ko‘p. O‘spirinlik vaqti insonning fe’l-atvori va ruhiyati shakllanadigan asosiy davr bo‘lib, ayni shu davrda ularga alohida ahamiyat qaratmoq lozim. Jumladan, yoshlarni ahli solih kishilar bilan do‘stu birodar bo‘lishlarini ta’minlash zarur. Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida shunday deganlar:
عَنْ أَبِي مُوسَى رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَثَلُ الْجَلِيسِ الصَّالِحِ وَالسُّوْءِ كَحَامِلِ الْمِسْكِ وَنَافِخِ الْكِيرِ فَحَامِلُ الْمِسْكِ إِمَّا أَنْ يُحْذِيَكَ وَإِمَّا أَنْ تَبْتَاعَ مِنْهُ وَإِمَّا أَنْ تَجِدَ مِنْهُ رِيحًا طَيِّبَةً وَنَافِخُ الْكِيرِ إِمَّا أَنْ يُحْرِقَ ثِيَابَكَ وَإِمَّا أَنْ تَجِدَ رِيحًا خَبِيثَةً"
(رواه الإمام البخاري).
ya’ni: Abu Muso r.a.dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar s.a.v. dedilar: “Yaxshi hamsuhbat bilan yomon hamsuhbatning misoli mushki anbar sotuvchi bilan temirchining bosqoniga o‘xshaydi. Mushki anbar sotuvchi atridan sovg‘a qilishi yoki undan sotib olishing, hech bo‘lmasa uning xushbo‘yidan bahra olishing mumkin. Ammo, temirchining bosqoni esa, yo kiyimingni kuydiradi, hech bo‘lmasa tutuni dimog‘ingni achitadi” (Imom Buxoriy rivoyati). Xalqimizda: “Qozonga yaqin yursang qorasi yuqadi” degan naql ham bor. Hasanul Basriy r.h. bir kuni odamlarga: “Ekin pishib yetilgandan so‘ng nima qilinadi?” deb savol berdilar. Ular - Hosili yig‘ib olinadi, deyishdi. Shunda Hasanul Basriy r.h.: “Shuni bilinglarki, gohida ekin pishib yetilmasidan oldin unga ofat (kasallik) yetishi va uni nobud qilishi ham mumkin”, deb yoshlar tarbiyasiga e’tiborli bo‘lishga, kishining yoshlik davrini qanday o‘tkazishi uning kelajakda kim bo‘lib yetishishida muhim o‘rin tutishiga ishora qildilar. Yoshlik davri qalbning musaffoligini saqlash, uni imon va ilmu ma’rifat nuri bilan to‘ldirish uchun eng qulay fursatdir.
Muhtaram jamoat! Mav’izamizning Hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar bayoni qismida jamoat namozi xususida so‘z yuritamiz.
Besh vaqt namoz uchun ikki kishi, juma namozi uchun esa imomdan tashqari uch kishi jamoat hisoblanadi.
Juma va ikki hayit namozlarini jamoatsiz ado etib bo‘lmaydi. Ya’ni hech bir kishi yolg‘iz holida mazkur namozlarni o‘qishi mumkin emas.
Besh vaqt namoz uchun jamoat sunnati muakkadadir. Ya’ni uzrsiz kishilar uchun besh vaqt namozni masjidda jamoat bilan ado etish ta’kidlangan sunnatdir.
Agar ikki kishi namozni jamoat bo‘lib o‘qimoqchi bo‘lsa, imom chap tarafda turadi, unga iqtido qiluvchi esa, imomning o‘ng tarafida turadi (Bunda iqtido qiluvchining oyoq panjalari imomning tovoni barobarida turadi). Agar iqtido qiluvchilarning soni ikkitadan ortiq bo‘lsa, imomning ortidan saf tortadilar.
Ayollar namozni jamoat qilib o‘qimaydilar, imomlikka o‘tmaydilar.
Masjidda jamoat namozi o‘qib bo‘lingandan keyin kech qolib kelgan kishilarning namozi borasida ikki xil holat mavjud:
Shuni bilmoq lozimki, keyingi jamoatga yetib olishdan umidvor bo‘lib avvalgi jamoatga qasddan kech qolib kelish makruhdir.
Tahoratli kishi uzrli kishi (sohibi uzr)ga iqtido qilmaydi. Qori (qiroati namozga yaroqli) kishi omiy (qiroati tajvidga muvofiq bo‘lmagan) kishiga iqtido qilmaydi. Ruku va sajda qilishga qodir bo‘lgan kishi imo-ishora bilan namoz o‘qiydigan kishiga iqtido qilmaydi. Farz o‘qiydigan kishi nafl o‘qiyotgan kishiga yoki boshqa farzni o‘qiyotgan kishiga iqtido qilmaydi.
Tahorat olgan kishi tayammum qilgan kishiga, a’zolarini yuvgan kishi mas'h tortgan kishiga, nafl o‘qiydigan kishi farz o‘qiydigan kishiga iqtido qilishi joiz.
Mana, bu yilgi Haj safarini ado qilish uchun yurtimizdan otlangan barcha ziyoratchilar muqaddas amallarni bajarib, eson-omon vatanga qaytdilar. Bu ulug‘ safar nihoya topgan bo‘lsada, uning xotirasi doimo yodda qoladi.
Yurtimizdan 15 000 dan ziyod, Farg‘ona viloyatidan esa 1600 dan ortiq mo‘min-musulmonlar Haj amallarini ado etdilar. Ziyoratda bo‘lgan hojilarning ayrimlari taassurotlarini bo‘lishdi.
Ibrohimjon Rustamov:
– Hojilarning ulug‘ safarga yo‘l olishida hujjat ishlaridan tortib, shifokor ko‘rigidan o‘tishgacha barcha jarayonlar tizimli va xavfsiz tashkil etildi. Madinai munavvaraga kelib, amallarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ravzalariga kirish bilan boshlash biz uchun juda xursandlik bag‘ishladi. O‘zimizning va yuborilgan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamda hazrati Abu Bakr va Umar roziyallohu anhularga yetkazdik. Duolarda yurtimiz tinchligi, el farovonligi, yaqinlarimiz va barcha yurtdoshlarimizning xayrli holati uchun iltijo qildik.
Ziyoratlar chog‘ida Uhud va Qubo masjidi, ikki qiblali masjid va boshqa muqaddas joylar sayohat qilindi. Ilmiy suhbatlar va tarixiy voqealar qalbimizga chuqur ta’sir qildi. Madinadagi vaqtimiz ibodat bilan o‘tdi.
Makkai mukarramaga avtobuslarda “Labbayka” sadolari ostida yo‘l oldik va shu kuniyoq guruhimiz bilan to‘liq Umra ibodatini ado etdik. Mino, Arofot, Muzdalifa va Ka’ba atrofidagi ibodatlar davomida jamoaviy duo va zikrlar bilan tavof qilish, guruhimiz tartibi hamda birdamligi boshqalar uchun ham ibrat bo‘ldi.
Shu ulug‘ safarda o‘zimni musulmon va o‘zbekistonlik sifatida baxtli his etdim. Hotirjam ibodat qilishimga yaratilgan imkoniyatlar uchun yuragimdan shukronalar aytdim. Guruhimizdagi har bir ziyoratchi yurt tinchligi, oilalar barakati, farzandlar saodati uchun chin dildan duo qildi.
Bu safar biz uchun buyuk imkoniyat bo‘ldi. Barcha tashkilotchilar, yo‘lboshchilar, xizmatchilar va, albatta, davlatimiz rahbariyatiga chuqur minnatdorlik izhor etamiz. Kelgusida manaviyat targ‘ibotchisi sifatida vatanimga va xalqimga sidqidildan xizmat qilishda davom etaman, insha Alloh.
Qurbonali Aripov:
— Haj safari juda chiroyli o‘tdi. Juda ham hursandmiz. Prezidentimizga shunday sharoitlarni yaratib berganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Yurtimiz uchun duolar qildik, muqaddas ziyoratni ado etishga imkon bo‘lgan kunlarga shukronalar aytamiz. Endilikda mahallamizda yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda, ma’naviyat targ‘ibotida faol ishtirok etamiz. Ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lishga harakat qilamiz.
Hojilarning ulug‘ safarga kelishida hujjat tayyorlashdan tortib shifokor ko‘rigidan o‘tishda tizimli ish tashkil etib, namunali holda xavfsizligimizni ta’minlab, bizni safarga kuzatishdi.
Tolibjon O‘rmonov:
— Men avval ziyoratga borganlardan eshitgan-bilganlarimga taqqoslasam, buyilgi ziyorat umuman o‘zgacha bo‘ldi. Ishchi guruh, elikboshilar xizmatini alohida qayd etish kerak. Davlat rahbarining hojilarga bergan e’tibori hammani xursand qildi.
Muborakxon Inomova:
— Taassurotlarimni til bilan ifodalay olmayman, Madinai munavvara, Makkai mukarrama kabi ulug‘ dargohlarga avvalo qadamim yetgani men uchun katta baxt. Ayniqsa, yurtboshimizni bizni ortimizda turib hol-ahvol so‘ragani, bizga tabrik yo‘llaganlaridan ko‘zimga yosh oldim. Juda ham quvondim, shunday prezidentim borligidan.
Qaysi bir hoji bilan suhbatlashmang yuzida xursandchilik va shukronalik ifodasini ko‘rasiz. Alloh barchalarini ibodatu duolarini qabul qilsin!
Rahmatulloh Jalilov
tayyorladi