Quron. Qur’on karimda eng ko‘p zikr etilgan, insonlar tilida ham eng ko‘p talaffuz qilinadigan va uning boshqa ismlariga nisbatan eng mashhur nomi sifatida Qur’on ishlatiladi. Qur’on lafzi o‘ttiz ikki suraning ellik oltita oyatida kelgan. Jumladan, Yusuf surasining 2-oyatida Alloh taolo o‘zining kalomi Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:
Furqon. Al-Furqon “farq” so‘zidan olingan bo‘lib, haq bilan botilni, hidoyat bilan zalolatni, halol bilan haromni ajratib beruvchi kitob, deganidir. Alloh taolo o‘zi nozil qilgan barcha kitoblarini “Furqon”, deb ataydi. Qaysi bir kitobda furqonlik xususiyati bo‘lmasa, uning ilohiy mohiyatiga putur yetgan, inson tarafidan o‘zgartirilgan yoki yozilgan oddiy kitob bo‘lib qoladi.
Qur’oni karimda Baqara surasining 185-oyatida, Oli Imron surasining 3-oyatida hamda Furqon surasinig 1-oyatida Qur’onning Furqon nomi zikr etiladi.
Burhon. Bu so‘z hujjat, dalil va isbot degan ma’nolarni anglatadi. Allohning birligi, kalomining har bir so‘zi va jumlasi mo‘jiza, uning ilohiy kalom ekanligining isbotidir. Shuningdek, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning o‘zlariga buyurilgan payg‘ambarlik vazifani to‘la ado etganliklarini hamda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan oldin o‘tgan payg‘ambarlarning haq payg‘ambar ekanliklarini tasdiqlovchi hujjatdir.
Ushbu burhon Islom ikki dunyo saodatiga eltuvchi din ekanligining burhonidir. Alloh O‘z bandalariga rahim etib, ularga ikki dunyo baxtiga erishish dasturi qilib nozil etgan bu Qur’on aniq nurdir
O‘MI Matbuot xizmati
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
Davron NURMUHAMMAD