Baro ibn Ozib roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni ovozingiz bilan bezang!” deb marhamat qildilar» (Abu Dovud va Nasaiy rivoyati).
Qur’oni karimni chiroyli ovoz bilan bezash masalasi olimlar o‘rtasida turli fikrlarga sabab bo‘lgan. “Qur’onning chiroyli ovozga ehtiyoji yo‘q”, degan tushunchadagilar hadis aslida: “Ovozingizni Qur’on bilan bezang” ma’nosida bo‘lgani, biroq rivoyat asnosida so‘zlar o‘rni almashib qolganini aytadi. Ularga ko‘ra, Alloh taoloning kalomi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning abadiy mo‘jizalari bo‘lmish Qur’on hech kimning chiroyli ovoziga muhtoj emas. U har jihatdan go‘zal va mukammal, biz uning qiroati bilan ovozimizni go‘zallashtirishga muhtojmiz.
Ammo ko‘pchilik ulamolar bu fikrga qo‘shilmaydi. Ibn Dayba ta’kidlaganidek, hadisda kelgan “Qur’on” so‘zidan maqsad uning tilovatidir. Demak, o‘tkir xotira va xushovoz ila Qur’oni karim tilovatini go‘zallashtirish kerakligini anglash zarur. Zero, go‘zal so‘z go‘zal ovoz bilan yanada yoqimli bo‘ladi. Uning xushovozda o‘qilishi odamlarda Qur’oni karimni tinglashga bo‘lgan moyillikni kuchaytiradi. Demak, hadisdan tilovatda imkon qadar ovozni chiroyli qilishga urinish kerakligi tushuniladi.
Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlash lozim, Qur’oni karimni chiroyli o‘qiyman deb uni tag‘anniyga (ohangga solish, qo‘shiqqa o‘xshatish) aylantirish ham yaramaydi. Ulamolar tilovatda tajvid qoidalaridan chetga chiqib, tag‘anniyga yo‘l qo‘yishni makruh deyishgan. Bunday tilovatni eshitganlar ham qarshi chiqishlari, xatoligini tushuntirishlari lozim. Kalomulloh har jihatdan o‘zgacha; uning tilovatida ham bu o‘ziga xoslikni asrash, turli qo‘shiq va baytu g‘azallar ohangiga o‘xshatmaslik kerak. Mulla Ali Qori “Mirqot” kitobida qo‘shiq kabi ohangga solib tilovat qilish haromligi, eshitganlar ham gunohkor bo‘lishiga doir fatvo bergan. Uning chek qo‘yilishi vojib bo‘lgan eng yomon bid’atlardan ekanini ta’kidlagan.
Ali Qori ushbu hadis sharhida shu ma’noda vorid bo‘lgan boshqa hadislarni ham keltiradi: “Qur’onni ovozingiz bilan bezang. Zero, xushovoz Qur’on chiroyini orttiradi” (Nasaiy va Hokim); “Chiroyli ovoz Qur’on ziynatidir” (Tabaroniy); “Har narsaning bezagi bor, Qur’onning bezagi chiroyli ovozdir” (Abdurrazzoq).
Yuqoridagi rivoyatlarni zikr qilgach, Ali Qori aytadi: “Bu yerda Qur’onni ovoz bilan go‘zallashtirishga amr bor. Qur’onning ovoz bilan go‘zallashishi tajribada tasdiqlangan haqiqat. Shunday ekan, bu hol hadisda so‘zlar o‘rni almashib qolgan, degan da’voni rad qiladi”.
Ali Qori fikrining tasdig‘i sifatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhuga aytgan ushbu so‘zlarini keltiradi: “Senga Oli Dovud alayhissalomga berilgan mizmorlardan bir mizmor berilgan. Kecha kechqurun seni tinglayotganimni bir ko‘rsayding. Haqiqatan, senga Oli Dovud alayhissalomga berilgan mizmorlardan bir mizmor berilgan”.
Xulosa, muhimi Qur’onni o‘qish. Tartil bilan o‘qib, qiroatni bezash mustahab ekaniga butun ulamolar ittifoq qilishgan. Tag‘anniy va lahn bilan o‘qish xususida esa ixtilof bor. Jumhur ulamo buning joiz emasligini, chunki mazkur holatda xushu’ yo‘qolishini aytganlar.
O‘MI Matbuot xizmati
Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, axborot oqimi misli ko‘rilmagan darajada tezlashgan asrda inson ongi eng katta kurash maydoniga aylandi. Bu maydonda esa eng xavfli qurol mutaassiblik va radikallashuvdir. Ko‘pincha "haqiqatni izlash" niqobi ostida boshlangan yo‘l, afsuski, ko‘plab insonlarni jamiyatdan uzilishga, oilasidan kechishga va oxir-oqibat fojiaga olib kelmoqda.
Biroq eng muhim savol ochiq qolmoqda: Xato qilgan, adashgan va mutaassiblik ko‘chasiga kirib qolgan inson uchun ortga yo‘l bormi?
Hech kim bir kunda radikal bo‘lib qolmaydi. Bu jarayon odatda bilimsizlikdan boshlanadi. Diniy yoki dunyoviy bilimlarning yuzakiligi insonni manipulyatsiya quroliga aylantiradi. Vaholanki, islom dini birinchi navbatda insonni fikrlashga va ilm olishga chaqiradi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
«Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!» (Zumar surasi, 9-oyat)
Bu oyat insonni ko‘r-ko‘rona kimgadir ergashishdan emas, balki aql va ilm bilan fikr yuritishga undaydi. Mutaassib inson esa izlanishdan to‘xtagan va faqat muayyan bir guruhning fikrini mutlaq haqiqat deb biladigan kishidir.
Mutaassiblikning eng katta xavfi dunyoni faqat "qora" va "oq"qa ajratishdir. Unda bag‘rikenglik yoki boshqacha fikrlashga joy yo‘q. Inson bu girdobga tushganda, atrofidagi hammani, hatto ota-onasini ham "osiy" sifatida ko‘ra boshlaydi.
Ammo tarix va bugungi kun tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ortga qaytish nafaqat imkon bor, balki zarur hamdir.
Adashgan insonning ortga qaytishiga ko‘pincha qo‘rquv va jamiyatning nafrati xalaqit beradi. Bu yerda eng katta mas’uliyat yaqinlari va jamiyat zimmasiga tushadi. Adashgan insonni jarlikka itarib yuborish emas, balki unga qo‘l uzatish lozim. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qilganlaridek:
«Alloh taolo muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radi. U Zot muloyimlik uchun qattiqqo‘llikka bermagan ajr-mukofotni beradi». (Imom Muslim rivoyati)
Tavba va qaytish yo‘lidagi ilk qadamlar:
To‘g‘ri yo‘lga qaytish imkoni har doim bor. Inson xato qilishi mumkin, lekin xatoda oyoq tirab turish — haqiqiy mag‘lubiyatdir. Mutaassiblikdan qaytish — bu faqat fikrni o‘zgartirish emas, bu — hayotga, oilaga va kelajakka qaytishdir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi