Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyul, 2025   |   18 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:20
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
20:00
Xufton
21:33
Bismillah
13 Iyul, 2025, 18 Muharram, 1447

Qur’oni karimda musibatlar yechimi

19.01.2018   10652   2 min.
Qur’oni karimda musibatlar yechimi

 

Inson hayotini birdek ravon, musibatlarsiz o‘tishini istaydi. Shu sababli, ba’zilar boshiga biror kulfat yetsa tushkunlikka tushadi, noumid bo‘lib nima qilishni bilmaydi. Ba’zilar bu musibatlarning yechimini topa olmaganidan siqilib folbinning huzuriga boradi, boshqasi esa ichkilikka beriladi. Natijada, o‘ziga ham, yaqinlariga ham zarar yetadi.

Har bir banda hayoti davomida turli qiyinchilik va musibatlarga duch keladi. Chunki bu hayot sinov va imtihonlardan iborat. Bu haqda Qur’oni karimda bunday ma’lum qilinadi: «Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz» (Baqara surasi, 155-oyat).

Darhaqiqat, Alloh taolo qiyinchilik va musibatlar orqali imonimizni sinaydi. Mol-mulkning kasodga uchrashi, bemor bo‘lish, o‘qish yoki ishdagi muvaffaqiyatsizlik kabilarning barchasi sinovdir. Ushbu oyat har qanday kishiga ham musibat yetishi mumkinligiga dalolat qiladi. Biror bandaga yetgan musibat Alloh taolo u bandani yomon ko‘rganidan emas yoki aksincha, bandaga yetgan ne’mat u bandani Alloh yaxshi ko‘rganidan ham emas. Alloh taolo o‘zi xohlagan bandasini goh yaxshilik bilan, ba’zan qiyinchilik bilan sinaydi. 

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmonga qay bir musibat: charchashmi, bemorlikmi, tashvishmi, xafachilikmi, ozormi, g‘am-g‘ussami, hattoki tikan kirishmi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular ila uning xatolarini kafforat qilur”, dedilar» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Alloh taolo bandalarini yaxshilik bilan ham, yomonlik bilan ham imtihon qilishini, har bir ish faqat Uning irodasi bilan bo‘lishini bilgan musulmon musibatlarda o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi. Chunki Qur’oni karimda musibatlarning oson yechimi ochiq-oydin bayon qilingan:  

«...(Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey Muhammad)! Ularga musibat yetganda: Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz”, – deydilar» (Baqara surasi, 155–156-oyat).

Musibat yetganida Allohni eslash, istig‘for so‘rash va O‘zidan umidvor bo‘lish musibatning yechimidir. 

Yunus (alayhissalom) ana shu yo‘l bilan musibatdan forig‘ bo‘ldilar. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Zunnun (Yunus)ning (o‘z qavmidan) g‘azablangan holda (qishlog‘idan chiqib) ketib, Bizni unga qarshi chiqa olmaydi, deb o‘ylagan paytini, so‘ng (Biz uni baliq qorniga tashlaganimizdan keyin) qorong‘i zulmatlar ichra: “Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qiluvchilardan bo‘ldim”, deb nido qilgan (paytini eslang!) Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik va uni g‘amdan qutqardik. Biz mo‘minlarga mana shunday najot berurmiz» (Anbiyo surasi, 87–88-oyat).

 

Davron NURMUHAMMAD

tayyorladi

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Yangi kun qachondan boshlanadi?

09.07.2025   5388   1 min.
Yangi kun qachondan boshlanadi?

Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi? 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.

Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.

Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.