E'tiqod sofligi hamma zamonlarda zarur bo'lgan oiml hisoblanadi. Aqidasi to'g'ri bo'lmagan kishining qilgan ibodati ham maqbul emas.
Dunyodagi bo'layotgan hunrezliklar, fisqu fasod va g'alayonlar zamirida ham qandaydir aqida yoki noto'g'ri nazaryalar yotadi.
Har bir inson o'zi ishongan narsasining to'g'ri yoki noto'g'riligini tekshirib ko'rishi va haqiqatni izlashi kerak. Ayniqsa diniy e'tiqod masalasida adashishlik bu falokatga olib keladi.
Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam «Ummatim 73 firqaga bo'linadi, bittasidan tashqari barcha firqalar do'zaxga kiradi», deganlar. Shunda sahobai kiromlar: Yo Rasululloh, najot topadigan bu firqai nojiya qaysidir!-deb so'rashganida, Payg'ambarimiz Muhammad salallohu alayhi vasallam: «Ular mening va sahobalarimning yo'lini tutganlar», deb javob berdilar.
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam xabar qilganlaridek, islom ummati tezda 73 firqaga bo'linib ketdi. Ulamoi kiromlar musulmonlarni botil, gumroh, bid'atchi firqalardan asrash maqsadida ularga payg'ambarimiz xabar qilgan nojiya firqa e'tiqodi qandayligini tushuntirdilar.
Payg'ambarimiz va sahobai kiromlarning e'tiqod va amallari Qur'oni karim, hadis ta'limotlariga mos ekanini isbotlab, sof islomiy aqidani vujudga keltirdilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'rgatganlaridek – aqidaga ega bo'lganlarni nojiya, ya'ni, ahli sunnat val jamoat deb ijmo' (ittifoq) qildilar.
Ana shunday bir vaziyatda, “Ahli sunnat val jamoat” aqidalarini bir-biriga zid bo'lgan xilma-xil bid'atchi firqalardan muxofaza qilish maqsadida Umar ibn Abdulaziz, Zaynulobidin, Hasani Basriy va Imom A'zam (rahima humulloh)lar o'z asarlari ila xalqga to'g'ri yo'lni ko'rsatdilar.
Botil aqidali bid'atchi firqalar ko'paygach, kalom ilmi (islom falsafasi) fiqh ilmidan ajralib chiqib, tafsir va hadis ilmlari kabi asosiy ilmlardan biriga aylandi. Bu ilmning asoschi samarqandlik Hazrati Imom Abu Mansur al-Moturidiy va iroqlik Hazrati Imom Abul Hasan al-Ash'ariy islom olamining osmonida yorqin yulduzlar kabi porladilar. Kalom ilmi bilan birgalikda hadis va fiqh ilmi ravnaqiga ulkan hissa qo'shgan alloma Abu Mansur al-Moturudiy hanafiy mazhabi fiqhini mukammal o'rganib, o'z aqidaviy ta'limotlarida uning «Al-Fiqhul-akbar» (Ulug' fiqh) kitobiga asoslandilar. Imom Moturidiy yashagan davrda islom olamida e'tiqod masalasida bir-biriga qarama-qarshi firqalar o'rtasida munozaralar kuchayib, u ba'zan qonli mojarolar bilan yakunlanar edi. Ana shunday ziddiyatli davrda Imom Moturidiy hazratlari qilichlar hal qila olmagan, musulmonlarni tarqoqlikka olib borayotgan e'tiqodiy oqimlarga qarshi o'z aqlu zakovatlari, oyatu hadislardan olingan, har qanday aqlni taslim qiladigan dalillar asosida o'ta muhim muammolarni hal etdilar. Islom aqoidini parokandalik va e'tiqodiy buzuqliklardan saqlab qolgani uchun «Musahhihu aqidatil-muslimin», ya'ni «Musulmonlar e'tiqodini tuzatuvchi» va «A'lamul hudo», ya'ni «Hidoyat yo'lini, haq yo'lni biluvchi zot» unvonlariga musharraf bo'ldilar.
Ming yillar davomida o'zbek xalqi sunniylikning mo''tadil mazhabi hanafiylikning bag'rikengligi bilan siyosiy-iqtisodiy va ilmiy-madaniy hamda ma'naviy yuksalishga qulay sharoitlar yaratib kelgan. Hanafiylik o'z tarixiy taraqqiyotining barcha bosqichlarida musulmonlarning hamjihatligi, o'zaro inoqligi va birligini ta'minlash uchun kurashib kelgan. U musulmonlar orasidagi har qanday firqachilikka qarshi bo'lib, qavmning diniy e'tiqod belgilari bo'yicha guruhlarga bo'linish g'oyasini hech qachon tan olmagan.
Biz bundan keyin ham ajdodlarimizga munosib bo'lib sof aqidamiz va mustahkam ishonchimizni botil aqidalarga almashtirib qo'ymasligimiz lozim. Buning uchun sof islom aqidasini bizga meros qoldirgan ahli sunna aqidasidagi imom Moturidiy mazhabini yaxshilab o'rganishimiz va shu yo'lda mustaqim bo'lishimiz shartdir.
Husniddin Ibragimov Samarqand viloyati Urgut tumani "Chubin" jome masjidi imom-xatibi
O‘zbekiston elchisi Nodirjon Turg‘unov (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida joylashgan) Bahrayn adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Vazir muloqot avvalida O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning Islom tamadduniga hissa qo‘shgan hissasini, mamlakat tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tibor, yosh kelajak avlod uchun yaratilayotgan imkoniyatlar tahsinga sazovor ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, al-Xorazmiy, Farobiy, Zamaxshariy kabi Islom olamida yuksak obro‘-e’tibor topgan olimlarning merosi dunyo musulmonlarining umumiy boyligidir.
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Islom ummatiga xizmat qilmoqda. Bahrayn Islom merosini o‘rganish bo‘yicha o‘zbek tomoni bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ilmiy izlanishlarni birgalikda amalga oshirishga tayyor", – dedi adliya, islom ishlari va vaqf vaziri Navvof bin Muhammad al-Muovida.
Muloqot chog‘ida Toshkent shahrida barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida Bahrayn delegatsiyani ishtirokini ta’minlash, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ikki mamlakat ilmiy markazlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida adliya, Islom ishlari va vaqf sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda ilmiy-amaliy ishlarni tashkil etish maqsadida mas’ul xodim tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati