Kecha, 16 yanvar kuni O‘zbekiston Haj delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligiga jo‘nab ketdi. Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj ishlari vaziri Solih Bantin taklifiga asosan “Haj–2018” mavsumining tashkiliy ishlarini kelishib olish maqsadida, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘tkirbek Hasanboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov, Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri Jaloliddin Nuriddinov va Toshkent islom universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Hamidbek Hasanovdan iborat delegatsiya kecha Jidda shahriga yetib borishdi.
Safar davomida O‘zbekiston haj delegatsiyasi bilan Saudiya Arabistoni Haj ishlari vazirligi va mutasaddi tashkilotlar o‘rtasida “Haj–2018” mavsumining tashkiliy ishlari muhokama qilinadi. Shu yo‘nalishlarda, Saudiya Arabistonining Makka, Madina va Jidda shaharlarida joriy yil Haj mavsumida Vatanimiz hojilariga xizmat qiluvchi idoralar va muassasalar rahbarlari bilan hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Bizni kuzatishda davom eting, ushbu safar jarayonlari, yangiliklar va o‘zgarishlar haqida batafsil yoritib boramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, Zulhijjaning 8-kuni mehmonxonadan tashkiliy guruh boshchiligida avtobuslarda talbiya aytib, Minoga yetib kelgan bo‘lg‘usi hojilarimiz: "Allohim bu Minodir. Sen do‘stlaringga ato etgan ehsonlaringdan menga ham in’om et!”, deb duolar qilishdi.
Mino maydonida O‘zbekiston hojilari uchun alohida joy ajratilgan. Bu yerda hojilarimiz bemolol ibodat qilishlari uchun sharoit hozirlangan. Shuningdek, tamaddi qilishlari uchun turli xil taomlar, choy, suv kabi ichimliklar chodirlarga olib kelib ulashilmoqda.
Nabiy alayhissalom sunnatlariga muvofiq, bugun Minoda tarviya kuni peshin, asr, shom, xufton namozlari o‘qiladi. Ayni paytda o‘zbekistonlik ziyoratchilar Mino vodiysida erta tongdan to kun botgunga qadar ulamolarning suhbatlaridan bahramand bo‘lib, toatu ibodat va duoyu iltijolar bilan o‘tkazishmoqda.
Alloh taolo barcha hojilar qatorida, yurtimiz hojilarining ham duo va ibodatlarini qabul aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati