Kecha, 16 yanvar kuni O‘zbekiston Haj delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligiga jo‘nab ketdi. Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj ishlari vaziri Solih Bantin taklifiga asosan “Haj–2018” mavsumining tashkiliy ishlarini kelishib olish maqsadida, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘tkirbek Hasanboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov, Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri Jaloliddin Nuriddinov va Toshkent islom universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Hamidbek Hasanovdan iborat delegatsiya kecha Jidda shahriga yetib borishdi.
Safar davomida O‘zbekiston haj delegatsiyasi bilan Saudiya Arabistoni Haj ishlari vazirligi va mutasaddi tashkilotlar o‘rtasida “Haj–2018” mavsumining tashkiliy ishlari muhokama qilinadi. Shu yo‘nalishlarda, Saudiya Arabistonining Makka, Madina va Jidda shaharlarida joriy yil Haj mavsumida Vatanimiz hojilariga xizmat qiluvchi idoralar va muassasalar rahbarlari bilan hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.
Bizni kuzatishda davom eting, ushbu safar jarayonlari, yangiliklar va o‘zgarishlar haqida batafsil yoritib boramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Har bir inson sehrgar, folbinning huzuriga borishdan saqlanishi lozim. Afsuski, ayol-qizlar orasida taqdir va qismatning achchiq sinovlaridan umidsizlikka tushib, sehrgarlarning oldiga boradiganlari ko‘p uchraydi. Ular turli bahonalar bilan sehrgarga murojaat qiladilar.
Sehrgarlar esa, hissiyotga beriluvchi ayollardan unumli foydalanadilar. Ayollarning pulini “shilib” olish maqsadida huzurlariga qayta-qayta kelishlari lozimligini alohida ta’kidlashadi. Aks holda, og‘ir musibat yoki kasallikka uchrashlari haqida qo‘rqitadilar.
Imom Qurtubiy rahimahulloh aytadilar: “Odamlar orasida sehrgarlar oldiga ko‘p qatnovchilar ayollardir. Ayniqsa, ular hayz holatida bo‘lganlarida sehrning ta’siri yanada kuchayadi. Bejiz hadisi shariflarda “do‘zax ahlining ko‘pchiligi ayollardir” deyilmagan”.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ey ayollar jamoasi, sadaqa qilinglar, istig‘forni ko‘proq aytinglar. Albatta, men sizning do‘zax ahlining ko‘pi ekaningizni ko‘rdim”, deganlar.
Ayollar Allohga taqvo qiling! Chunki Allohdan qo‘rqish – haqiqiy baxtning kaliti. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo‘lini ochib qo‘yadir. Va unga o‘zi o‘ylamagan tarafdan rizq berur” (Taloq surasi, 2-3-oyatlar).
Alloh taoloning yozgan taqdiriga rozi bo‘ling. Zero, Alloh bandalariga faqat yaxshilikni ravo ko‘ruvchidir. Arzimas sabablarga diningizni sotmang. Sehrgar, folbinlarning yolg‘on va’dalariga ishonmang. Agar biror istak, orzu-niyatingiz bo‘lsa, Alloh taologa ixlos va ishonch bilan duo qiling. Zero, yolg‘iz Alloh foyda keltiruvchi va zararni qaytaruvchi Zotdir.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Agar Alloh seni zarar ila tutsa, Undan o‘zga o‘shanga kushoyish beruvchi yo‘qdir. Agar U senga yaxshilikni iroda qilsa, Uning fazlini rad qiluvchi ham yo‘qdir” (Yunus surasi, 107-oyat).
Davron NURMUHAMMAD