Allohga hamdlar bo‘lsinki, ommaviy tarzda o‘tkazilayotgan Qur’on musobaqasining ilk yilidayoq diyorimizda Allohning kalomiga muhabbat qo‘ygan qori yigit-qizlarimiz soni ming-minglab ekani yaqqol namoyon bo‘ldi. Musobaqaning ilk bosqichini kuzatar ekanmiz, qori va qoriyalarimizning yuzidagi nur, muomalasidagi samimiylik va qiroatidagi jozibadan barchamiz so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan darajada mamnunlikni his etdik.
Agar insonning qalbi Qur’onga muhabbatli bo‘lsa, uning qiroatidan lazzatlanadi, unga bor e’tiborini qaratadi va buning natijasida chuqur tushunish uchun tadabbur hosil bo‘ladi. Barcha ishlari o‘ngidan oladi, nafs istaklari kamayib, ixlosi ortib boraveradi. Aksincha, agar muhabbat bo‘lmasa, qalbning Qur’onga yuzlanishi qiyin bo‘ladi. Qur’onga tomon burilish faqatgina nafsini qattiq tergash, o‘zini majburlash orqali bo‘ladi.
Biz orzu qilgan komil inson va barkamol avlodlar mana shunday Qur’onga muhabbatli kishilardan chiqadi. Yaratgan Parvardigorga ming shukrki, mana shunday insonlar bizning o‘lkamizda hali juda ham ko‘p ekan. Bunday ulug‘ ne’matni Haq taolo bardavom aylasin, barcha mutasaddilardan Alloh taolo rozi bo‘lsin.
Tashkiliy hay’at tomonidan Matbuot xizmatiga ma’lum qilinishicha, Qur’on musobaqasi ishtirokchilarini ro‘yxat olish ishlari 15 yanvar kuni yakunlangan. Unga ko‘ra, jami ishtirokchilari soni 5366 nafarni tashkil etgan. Shundan 3263 nafar erkak 2103 nafari ayol-qiz ishtirokchilar ekan. Mana bu ko‘rsatkich haqiqiy kutilmagan natija, tarixiy voqea bo‘ldi.
Mana endi ko‘pchilik muhtaram Prezidentimizning Qur’on musobaqasini o‘tkazishga katta tashabbus ko‘rsatib: “Qur’onni eshitish, eshita olish yuksak ma’naviyat, ma’rifat. Qur’on hech qachon yomonlikka da’vat qilmaydi. Agar, Qur’oni karimni eshita olsak, eshittira olsak bu muvaffaqqiyat bo‘ladi. Elimizga nur keladi”, deb aytgan gaplarining hikmatini anglagan bo‘lsa, ajab emas...
Musobaqalarning o‘tish jarayonlarini kuzata turib, mana shunday fayzu barakotli kunlardan mamnun bo‘lgan hamyurtlarimizning ko‘zlari yosh ila qo‘llarini duoga ko‘tarib, uning shukronasi uchun yaratgan Parvardigorga hamdu sanolar aytishayotgani, bu ishga tashabbuskor bo‘lgan Davlatimiz rahbari, tashkiliy ishlarga bosh bo‘lib turgan olimu ulamolarimiz haqqiga duolar qilishayotganing bevosita guvohi bo‘ldik, Yaratgan Parvardigorga shukr.
Azizlar barchangizning e’tiboringizga Qur’on musobaqasi ishtirokchilarining mintaqa, ayol-erkak va yo‘nalishlar bo‘yicha sonini havola etamiz.
Qori va qoriyalarimizning chiqishlarini jonli kuzatib, Qur’onga bo‘lgan muhabbatimizni yanada sayqallashga chaqiramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati