Alloh taolo mo‘minlarni bunday vasf qiladi: «Mo‘minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan, O‘zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan, namozni barkamol o‘qiydigan va rizq qilib berganimizdan (sadaqa va)ehson qiladigan kishilardir. Aynan o‘shalar haqiqiy mo‘minlardir. Ular uchun Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)» (Anfol surasi, 2–4-oyat).
Demak, haqiqiy mo‘minlar yuksak sifatlarga ega bo‘lgan kishilardir: «...Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan...»
Banda doimo Alloh taoloning zikri bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak. Bu haqda Qur’onda bunday marhamat qilinadi: «Ey imon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qilingiz va ertayu kech Unga tasbeh aytingiz! (Ahzob surasi, 41-42-oyat); «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!» (Baqara surasi, 152-oyat).
Darhaqiqat, musulmonning butun hayoti, qalbi, tili, o‘y-xayoli Alloh taologa bog‘langan bo‘ladi. Zikr bandani Rabbisiga eng oson va tez yaqinlashtiruvchi yo‘ldir. Banda o‘z Rabbisining zikri ila umr kechirar ekan, hayoti osoyishta va xotirjam bo‘ladi.
«...Oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan...». Banda Qur’onni qanchalik ko‘p tinglasa va tilovat qilsa, uning ma’nolarini tafakkur qilsa, imoni shuncha mustahkam bo‘ladi.
«...O‘zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan...». Allohga tavakkul qilish haqiqiy mo‘minning sifatidir. Alloh bunday marhamat qiladi: «Osmonlar va Yerning g‘aybiy siri (ularning ilmi) Allohga xosdir. Barcha ish Ungagina qaytarilur. Bas, Unga ibodat qiling va Unga tavakkul eting! Qilayotgan ishlaringizdan (esa) Rabbingiz g‘ofil emasdir» (Hud surasi, 123-oyat).
Mo‘min banda har bir ish Allohning irodasi ila bo‘lishiga imon keltiradi, shu sababli har bir ishini Allohga tavakkul qilgan holda bajaradi.
«...Namozni barkamol o‘qiydigan...». Haqiqiy mo‘minlar namozni benuqson ado etishadi.
«...Rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir...». Mo‘min qo‘lidagi barcha narsa Allohning unga bergan omonati ekanini biladi. Shu bois, Alloh rozi bo‘ladigan yo‘llarga sarf qiladi, qo‘lidagi boylikning ko‘p yoki ozligidan quvonmaydi, balki xolis Alloh yo‘lida sarflaganidan sevinadi.
Alloh yo‘lida sarf qilingan boylik aslo kamaymaydi, aksincha, yanada ko‘payadi. Alloh bunday marhamat qiladi: «Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami)keng va bilimdon Zotdir» (Baqara surasi, 261-oyat).
Demak, ushbu oyatning boshida keltirilgan sifatlarga ega bo‘lgan musulmon haqiqiy mo‘min nomiga loyiqdir va ular uchun «...Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)...».
Haqiqiy mo‘minlardan bo‘lishni istagan banda o‘z nafsini taftish etishi lozim. Zikr etilgan sifatlarning bandada mavjud bo‘lishi mo‘minning komilligidandir. Barchamiz Alloh taolo huzuridagi ulug‘ darajalarga ana shu sifatlar bilan erishishga harakat qilmog‘imiz zarur.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Shu yil 12 iyul bosh imom-xatib Musoxon domla Abbosiddinov raisligida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyat vakilligida hududdagi imom-xatiblar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Xotamov Jamshid ishtirok etdi.
Yig‘ilishda 2025 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar muhokama etilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar kelishib olindi.
Yig‘ilishda imomlik sharafli va mas’uliyatli vazifa ekani, bugungi kun imomi zamonga ziyraklik, teran fikr bilan qarashi, o‘z ustida muntazam ishlashi va mo‘min-musulmonlarning ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ehtiyojlarini ta’minlash uchun tinimsiz izlanib, xizmat qilishlari zarur ekani alohida qayd etildi.
Shuningdek, imomlar hududlardagi mahallalar bilan muntazam aloqada bo‘lib, hojilar bilan birga yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish, ilm-ma’rifatga qiziqtirish va yosh avlod kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratish, oilalarni tinch-totuv yashashi, farzandlarni bevaqt tirik yetim bo‘lmasligi uchun ajrimlarning oldini olish, keksalarni hurmat qilish, qo‘shnichilik odoblariga rioya qilish, yurt tinchligi va osoyishtaligi uchun barcha birdek mas’ulligi kabilarga alohida e’tibor qaratish ta’kidlandi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. Norin tumani bosh imom-xatibi va “Haqqulobod” jome masjidi imom-xatibi lavozimida ishlab kelayotgan Kamoliddin domla Hamroqulov vazifasidan ozod etilib, tumandagi “Haqqulobod” jome masjidi imom-noibi lavozimiga o‘tkazildi. Norin tumani bosh imom-xatibi va “Haqqulobod” jome masjidi imom-xatibi lavozimiga Zikrullo domla Umurzoqov tayinlandi.
Shuningdek, Uychi tumanidagi “Xudoyberdi eshon” jome masjidi imom-xatibi Olimxon domla Isaqov, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Isfahon” jome masjidi imom-xatibi Muhibullo domla Xudoyberdiyev va Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Beshbuloq” jome masjidi imom-xatibi Akmalxon domla Sappanovlarga tuman bosh imom-xatibi lavozimi yuklatildi.
Yig‘ilish yakunida Namangan viloyatida uzoq yillardan beri xizmat qilib kelayotgan, bugungi kunda nafaqa yoshiga yetgan bir guruh imom-xatib va imom-noiblarga vakillik tomonidan tashakkurnoma va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati