Alloh taolo mo‘minlarni bunday vasf qiladi: «Mo‘minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan, O‘zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan, namozni barkamol o‘qiydigan va rizq qilib berganimizdan (sadaqa va)ehson qiladigan kishilardir. Aynan o‘shalar haqiqiy mo‘minlardir. Ular uchun Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)» (Anfol surasi, 2–4-oyat).
Demak, haqiqiy mo‘minlar yuksak sifatlarga ega bo‘lgan kishilardir: «...Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan...»
Banda doimo Alloh taoloning zikri bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak. Bu haqda Qur’onda bunday marhamat qilinadi: «Ey imon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qilingiz va ertayu kech Unga tasbeh aytingiz! (Ahzob surasi, 41-42-oyat); «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!» (Baqara surasi, 152-oyat).
Darhaqiqat, musulmonning butun hayoti, qalbi, tili, o‘y-xayoli Alloh taologa bog‘langan bo‘ladi. Zikr bandani Rabbisiga eng oson va tez yaqinlashtiruvchi yo‘ldir. Banda o‘z Rabbisining zikri ila umr kechirar ekan, hayoti osoyishta va xotirjam bo‘ladi.
«...Oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan...». Banda Qur’onni qanchalik ko‘p tinglasa va tilovat qilsa, uning ma’nolarini tafakkur qilsa, imoni shuncha mustahkam bo‘ladi.
«...O‘zlarining Parvardigorigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan...». Allohga tavakkul qilish haqiqiy mo‘minning sifatidir. Alloh bunday marhamat qiladi: «Osmonlar va Yerning g‘aybiy siri (ularning ilmi) Allohga xosdir. Barcha ish Ungagina qaytarilur. Bas, Unga ibodat qiling va Unga tavakkul eting! Qilayotgan ishlaringizdan (esa) Rabbingiz g‘ofil emasdir» (Hud surasi, 123-oyat).
Mo‘min banda har bir ish Allohning irodasi ila bo‘lishiga imon keltiradi, shu sababli har bir ishini Allohga tavakkul qilgan holda bajaradi.
«...Namozni barkamol o‘qiydigan...». Haqiqiy mo‘minlar namozni benuqson ado etishadi.
«...Rizq qilib berganimizdan (sadaqa va) ehson qiladigan kishilardir...». Mo‘min qo‘lidagi barcha narsa Allohning unga bergan omonati ekanini biladi. Shu bois, Alloh rozi bo‘ladigan yo‘llarga sarf qiladi, qo‘lidagi boylikning ko‘p yoki ozligidan quvonmaydi, balki xolis Alloh yo‘lida sarflaganidan sevinadi.
Alloh yo‘lida sarf qilingan boylik aslo kamaymaydi, aksincha, yanada ko‘payadi. Alloh bunday marhamat qiladi: «Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami)keng va bilimdon Zotdir» (Baqara surasi, 261-oyat).
Demak, ushbu oyatning boshida keltirilgan sifatlarga ega bo‘lgan musulmon haqiqiy mo‘min nomiga loyiqdir va ular uchun «...Parvardigor huzurida darajalar va farovon rizq (bordir)...».
Haqiqiy mo‘minlardan bo‘lishni istagan banda o‘z nafsini taftish etishi lozim. Zikr etilgan sifatlarning bandada mavjud bo‘lishi mo‘minning komilligidandir. Barchamiz Alloh taolo huzuridagi ulug‘ darajalarga ana shu sifatlar bilan erishishga harakat qilmog‘imiz zarur.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:
Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.
Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi
imom-xatibi Sherzod Rahimov
Manba: t.me/softalimotlar