Movarounnahr ulamolari
Muhammad Ikrom ibn Abdussalom Buxoriy XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Buxoroning ko‘zga ko‘ringan ziyolilaridan biri edi. U 1855 yili Buxoroning Galaosiyo tumani Bog‘ikalon qishlog‘ida dunyoga keladi. Boshlang‘ich maktabdan so‘ng 1860-1880 yillari Badalbek madrasasida o‘qiydi. Qozi Abdushukur ibn Abdurasul Buxoriydan tahsil oladi. Muhammad Ikrom Buxoriyni zamondoshlari va undan keyingilar Domla Ikromcha deb atashgan.
Domla Ikromcha Buxoroning Poyi Ostona guzarida yashagan va mudarris, qozi, sudur va muftiy sifatida tanilgan. Zamondoshlari uni: “Buxoro ulamolarining ulug‘i, mudarrislarning ustozi” deyishgan. “Tazkirat ash-shuaro”da Domla Ikromcha Mir Arab madrasasida, “Afzal at-tizkor”da esa “Abdullohxon” madrasasida dars bergani aytilgan. Namanganlik shayxulislom Inoyatulloh Langariy (1836-1899)1, taniqli adib Sadriddin Ayniy (1878-1954)2, O‘rta O‘siyo va Qozog‘iston musulmonlari diniya boshqarmasining raisi, muftiy Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon (1860-1957)3, andijonlik taniqli ulamo Hasanxon Maxdum Vosiliy (1898-1979)4 kabilar Domla Ikromchadan saboq olgan.
Domla Ikromcha 1894-1896 yillari buxorolik mudarris Muhammad Avaz Xo‘jandiy (vafoti 1907 y.) hamrohligida hajga borib qaytadi. Istanbul, Bag‘dod, Sheroz va boshqa shaharlarning o‘sha vaqtdagi taraqqiyotini ko‘rib ta’sirlanadi. Sadriddin Ayniy yozishicha, u Hijoz safaridan qaytishi bilanoq madrasalarda ta’limni isloh etishni yoqlab chiqadi.
1896 yili Buxoroga madinalik olim Shayx Sayyid Muhammad Ali Madaniy (1846-1904) keladi va Buxoroda olti oy turib qoladi. Domla Ikromcha undan hadis ilmi bo‘yicha saboq oladi.
Domla Ikromcha yangi maktablar ochish tarafdori ekani va ularni qo‘llab turgani ma’lum. U kichik o‘g‘li Abdurahmon maxdumni jadid maktabiga o‘qishga beradi. Katta o‘g‘li Habibulloh 32 yoshda bo‘lsa ham, ushbu maktabda o‘qitib oladi. Ba’zilar jadid maktablari yomon deb fatvo berib turgan paytda muftiy Domla Ikromcha ularda o‘qish durust ekanini tasdiqlab, fatvo chiqaradi.
1910 yil 6 avgustda jadid maktabida o‘qiyotgan bolalarni imtihon qilish, maktablarni yopish yoki ochiq qoldirish masalasi ko‘riladi. Buxoroning kattayu kichik aholisi hozir bo‘lgan majlisda Domla Ikromcha mudarris va talabalarga qarata: “Men bu maktabni Islom odobiga butunlay muvofiq deb topdim. Diniy tarbiya bu maktabda eski maktablardagidan ko‘p daraja ustun ekan. Islomiyat nuqtayi nazaridan bu xil maktablarni rivojlantirish lozim deb bilaman...” deya xitob qiladi5.
Shahar ulamolari Domla Ikromchaga ta’na-dashnomlar yog‘diradi. Aslida bunday noroziliklarining sababi Domla Ikromchaning bid’atlarni qoralab yozgan asari edi. Unda bid’atchilar tanqid ostiga olingan edi. Asarning to‘liq nomi “Iyqoz annoimin va i’lom aljohilin” (“G‘ofillarni bedor qilish va johillarni ogohlantirish”) bo‘lib, 1911 yili Buxoroda chop etiladi. Asar katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Ba’zilar muallif fikrlariga qarshi chiqsa-da, kitob oddiy odamlar, yoshlar va talabalarga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. U xalq orasida “Dar bayoni bid’aoti mashhura” (“Mashhur bid’atlar bayoni”) nomi bilan taniladi va xalqning ko‘zi ochilishiga samarali ta’sir qilib, ma’rifatparvarlarning bid’atlarga qarshi kurashiga yaxshi turtki beradi. Natijada Domla Ikromcha 1912 yili qozilik bahonasi bilan Buxorodan Peshkuga jo‘natiladi. Olim ikki yil Peshku va Qorako‘l tumanlarida qozi bo‘ladi.
1917 yil aprel oyi oxirlarida bir necha mutaassiblar muftiylarga jadid maktablari shar’an “joiz emas”ligi, jadidlar bilan muloqot qilmaslik kerakligi haqidagi fatvoga muhr bostirib olishadi. Domla Ikromcha bunga qarshi chiqadi va qushbegiga norozilik xati yozadi. Qushbegi va qozikalonning aralashuvi bilan hukumat Domla Ikromchani G‘uzor viloyatiga qozilik qilish bahonasida ikkinchi bor surgun qiladi. Shu bilan olimni jarayonlardan uzoqlashtirib, ta’sir kuchini kamaytirmoqchi bo‘lishadi.
1918 yilning mart-aprel oylarida bo‘lgan voqealardan so‘ng Buxoro hukumati Domla Ikromchani hibsga oladi. Olimning uy-joyi musodara etilib, barcha kitob va qo‘lyozmalari yondiriladi.
1920 yili Buxoro Xalq Respublikasi hukumati Domla Ikromchani oilasi bilan birga ozod qiladi. Olim Buxoroga taklif qilinib, adliya vazirligi noziri etib tayinlanadi. 1922 yili o‘lkada shar’iy qozilik mahkamasi tashkil etiladi. Domla Ikromcha mahkamaning birinchi raisi bo‘ladi. Olim 1925 yil, vafotidan bir necha oy oldin nafaqaga chiqadi.
Domla Ikromchaning ibratli hayoti va faoliyatini o‘rganish, har xil bid’at- xurofotlarning kelib chiqish sabablari, uning dinga, milliy-ma’naviy qadriyatlarga zarari bayon etilgan asarini tadqiq va targ‘ib etish dolzarb vazifalarimizdandir.
Hamidulloh AMINOV,
tarix fanlari nomzodi
1Abdurahim Muhammadxon o‘g‘li. «Inoyatulloh Langariy». «Hidoyat». 2009, 3-son. 21-b.
2 Hayot Ne’mati Samarqandiy. «Domullo Ikromchai haqgo‘ ki bud?» «Ovozi tojik». 2004 yil, 1 dekabr. 94-son.
3 Shamsiddinxon Boboxonov. «Shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon». Toshkent, 2001. 22-b.
4 Maxdum Vosiliy. «Marhamat ilhomlari». Toshkent, 2002. 4-b.
5 Sadriddin Ayniy. «Ta’rixi inqilobi fikriy dar Buxoro». Tehron. “Surush”, 1381. 36-b.
Bu ummat boshidan oxirigacha bir aqida – ash’ariy-moturidiylik aqidasida edi. Mufassirlar, hadis shorihlari, fuqaholar, navh va lug‘at ulamolari, bularning deyarli barchasi e’tiqodda bir yo‘lni tutishgan edi. Bu gapni isbotlashga hojat yo‘q, bu haqiqat ekani kundek ravshan aksiomadir. Ulamolarning tarjimayi hollari haqida yozilgan kitoblar olimlarni bu mazhablarga madh va maqtov o‘laroq nisbat berganini ko‘rasiz. Buyuk ulamolar haqida ma’lumotlar keltirilganda Imom Falonchi, mazhabi shofe’iy, yo hanafiy, aqidada ash’ariy yo moturidiy, deyilgan. Ko‘pincha olimning tasavvufdagi tariqatiga ham to‘xtab o‘tiladi. Masalan, Imom Junayd tariqatida bo‘lsa, Junaydiy nisbati beriladi.
Bu odat yaqin-yaqingacha davom etib kelayotgan edi. Bunga birov e’tiroz ham bildirmagan, inkor ham qilmagan. Biron olim haqida gapirilar ekan, fiqhda to‘rt mazhabda qaysiga ergashishi, aqidada ash’ariymi moturidiymi qaysi manhajda ekani va tariqatdagi yo‘li bayon qilinmay qolmagan.
Bu dastur ummatni sharqiyu g‘arbini, shimoliyu janubini ming yildan beri yagona qalbga, yagona fikr atrofiga jamlab keladi. Biron odam og‘risa, butun tana o‘sha kasal a’zo uchun qayg‘urib, davolashga kirishardi.
Tariximizni ziynatlab turgan, bugungi sharmandaliklarni bir muncha to‘sib turgan tarixiy g‘alabalarimiz ham shu aqida, shu tafakkur vositasida qo‘lga kiritilgan.
Hittinda salibchilarni yer tishlatib, Quddusni qaytarib olgan Salohiddin Ayyubiy va uning qo‘shini ayni shu mazhab va tariqatlarda bo‘lishgan. Birontalari bugungi salafiylikni bilgan emas.
Muzaffar Qutz, Zohir Beybars va ular bilan yelkadosh bo‘lgan Izz ibn Abdussalom kabi ulamolar mazhabda bo‘lishgan. Ayni Jolutda mo‘g‘ullarni tor-mor keltirishda ham asosiy qurolimiz birlik edi. O‘sha paytda boshini baland kerib: “Bid’atchisizlar, shirk keltiryapsizlar, qabrlarni ziyorat qilish shirk”, deb qichqiradigan shallaqilar bo‘lmagandi.
Sulton Muhammadxon Fotih va uning qatoridagi olim va murshidlar dinda bir manhajni tutishgan edi. Kofirlar qo‘lida qolib ketgan shahar (Qustantiniya)ni fath qilib, mashhur hadisda kelgan bashoratga* noil bo‘lishdi. Ammo hadis musulmon ash’ariy-moturidiy qo‘mondon va uning qo‘shini haqida ekanidan qalblari yonib, hasad qilayotgan bugungi bemazhab toifalar hadisning tasdig‘ini buzib talqin qilishmoqda. (davomi bor)
Doktor Ahmad Muhammad Fozil,
Istanbuldagi Sulton Muhammad Fotih jome’asi,
islomiy ilmlar kulliyasi doktori
*Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Qustantiniya, albatta, fath qilinajak. Uning amiri naqadar yaxshi amir, qo‘shini naqadar yaxshi qo‘shin!”. (Imom Ahmad va Hokim rivoyati).
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi
Abdulbosit Abdulvohid o‘g‘li tarjimasi