Oddiy uy bekasiman. Maktabni tugatishim yaqin qolgan kezlarda otajonim og‘ir xastalikka chalinib qoldi. Paxtada suvchi bo‘lib ishlagan odamning topgani nima bo‘ladi. Ro‘zg‘orga kirgan uch-to‘rt so‘m pul ham dori-darmon olishga keta boshladi. Yana o‘sha vaqtlarda akam texnikumda, ukam “Nafis san’at” litseyida o‘qiydi. O‘zi yetimlikda o‘sib o‘qiy olmaganidan armonda qolgan otam farzandlarining oliy dargohlarda o‘qishini astoydil orzu qilar edi. Ammo ayni biz ulg‘aygan, o‘qishimiz zarur bo‘lgan choqda kasal bo‘lib qolganidan juda qattiq siqilib xijolat bo‘lar, bu siqilish esa uning sog‘ligini battar yomonlashtirar edi.
Xullas, otam qaydandir ozgina pul topib akamga qo‘shib meni ham poytaxtga imtihon topshirishga yubordi. Toshkent pedagogika institutiga (hozir universitet) hujjat topshirdim. O‘sha vaqtlarda test tartibi joriy etilgan edi. menga berilgan testlarni bir zumda yechib bo‘lib, nima qilishni bilmay atrofga alanglab o‘tirgan edim yonimdagi qiz yordam so‘radi. Unga yordamlashib uning ham hamma savollarini yechdik-da birgalashib test savollarini topshirib chiqib ketdik.
Institut binosidan go‘yoki uchib chiqdim. O‘qishga 100 foiz qabul qilinganimga ishonchim komil edi. Imtihondan chiqishimni kutib o‘tirgan akamdan suyunchi olmoqchi bo‘lib oldiga yugurib borib hammasini to‘lib-toshib aytib berganimda akamning sevinchdan yuzi yorishib, “Variantni belgiladingmi?” deb so‘radi. Shu gapni eshitib hushimdan ketib qolayozdim. Negaki, variantni belgilash kerakligi akam so‘ragandan keyingina esimga kelgan edi...
Hosili kalom, otam bechoraning dardi kundan kunga ortib boraverdi. Shu sababdan yana o‘qishga kelishimga imkon bo‘lmadi. Keyin turmushga chiqdim, to‘rtta farzandli bo‘ldim. Bu orada otam ham qazo qilib ketdi. Ammo har doim ilm olishga intilib yashadim. Yangi chiqqan qo‘llanma-kitoblardan o‘qib, undan-bundan so‘rab-surishtirib, bir nimalarni o‘rganib, Qur’oni karimga tushib oldim. Muqaddas Kitobimizni bir necha bor xatm ham qildim.
Taqdirning taqozosi ila uch-to‘rt yil burun turmush o‘rtog‘im ikkimiz Istanbulga kelib qoldik. Mavlid oyi edi o‘shanda. U yerda ayollar ham mavlid o‘qigani masjidga borar ekan. O‘sha ayollarga qo‘shilib men ham bordim. Vaqtliroq borib qolgan ekanmiz, tokchada turgan Qur’oni karimni olib o‘qib o‘tirgan edim. Ayollardan biri qiziqish bilan yonimga kelib, past ovozda o‘qiyotgan bo‘lsam-da bir oz quloq solib o‘tirdi. So‘ng “Qur’on o‘qishni bilasanmi?” deb so‘radi. “Ha”, dedim. “Yaxshi”, deb qo‘ydi.
Bir pasdan keyin mavlid boshlandi. Mavlid so‘ngida tilovat qilinib duoga qo‘l ochildi. Duo qilib bo‘lgan edik hamki, haligi ayol minbarga chiqib: “Azizlar, hozir sizga O‘zbekistondan kelgan mehmonimiz Qur’oni karimdan tilovat qilib beradi”, deb e’lon qildi-da meni yoniga chaqirdi. U ko‘rsatgan joyga o‘tirib tilovat qildim. Tilovatni yakunlaganimdan so‘ng masjiddagi ayollarning hammasi kelib men bilan quchoq ochib ko‘rishdi. Ular hayratlanib: “Juda go‘zal o‘qiding, rahmat”, deb tashakkur aytishar, “Shunday o‘qishni o‘rganish bizga ham nasib etsin”, deb duo qilishar, “Qur’on o‘qishni qayerdan o‘rgangansan?” “Sizning mamlakatingizda Qur’onni o‘rganish mumkinmi?” deb so‘rashar edi. O‘shanda minbardan tushayotib koshkiydi o‘zimning ona Vatanimda ham shunday tabarruk joylarda Qur’on o‘qish nasib aylasa edi deb yig‘ladim.
Allohning marhamatini qarangki, Qur’on musobaqasini o‘tkazish haqida Davlatimiz rahbarining o‘zi tashabbus ko‘rsatdi, Bu ishlarga muftiy hazratlari bosh bo‘ldi. Ammo o‘sha, Istanbulga borgan vaqtimda 40 yosh ostonasida edim. Hozir 43 ga kirib qo‘ydim. Ushbu tanlovda, afsuski, yoshim balandligi bois qatnasha olmas ekanman. Yo‘qsa, 2000 nafardan oshgan Qur’onga muhabbatli bandalardan biri bo‘lib turar edim.
Ammo men qatnasha olmasam ham duogo‘yman. Bizni shunday saodatli kunlarga yetkazgan Alloh taologa beadad hamdu sanolar aytaman, diniy ma’rifatga katta e’tibor qaratayotgan yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning umriga, rizqiga, imoniga baraka tilayman, dinimiz rahnamosi muftiy hazratlarining ilmi, obro‘si, e’tibori bundan-da ziyoda bo‘lishini tilab kecha-kunduz duolar qilaman.
Prezidentimiz rahnamoligida o‘tgan bir yilni xayolim tasmasida jonlantirib ko‘rib shunga amin bo‘ldimki, xalqimizning tabiatida yaxshi tarafga o‘zgarish yuz beribdi. Elimizning Rabbimizga muhabbati yanada ziyoda bo‘libdi. Alloh taolo va’dasiga muvofiq elning tabiatiga mos yo‘lboshchi yubordi. Inshoalloh, yaqin kelajakda farzandlarimiz orasidan dunyo ilmini tebratgan ajdodlarimizdek buyuk allomalar yetishib chiqajak.
Qizmanoy HAYITOVA
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV