Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyul, 2025   |   12 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:57
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:38
Bismillah
07 Iyul, 2025, 12 Muharram, 1447

Bir oyat tafsiri: g‘ayb ishlari Allohga xos

12.01.2018   8755   4 min.
Bir oyat tafsiri: g‘ayb ishlari Allohga xos

“G‘ayb ochqichlari Uning huzuridadir. Undan o‘zga ularni bilmaydi. U quruqlik va dengizdagi barcha narsani biladi. Bir yaproq (uzilib) tushsa ham biladi. Yer zulmatlari (qa’ri)dagi har bir urug‘, ho‘lu quruq ochiq-ravshan Kitobda (yozilgan)dir” (An’om, 59).

Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “G‘ayb ilmlari beshtadir, ularni Alloh taolodan o‘zga bilmaydi: bachadonlar qachon tashlashini, ertaga nima bo‘lishini, qachon yomg‘ir yog‘ishini, har bir tirik jon qayerda o‘lishini va qiyomat qachon qoim bo‘lishini(Imom Buxoriy rivoyati).

Oisha onamiz roziyallohu anho bunday deganlar: “Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ertaga nima bo‘lishini aytadilar, deb o‘ylasa, Alloh taologa katta bo‘hton qiladi. Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Ayting: “Osmonlar va yerdagi birorta g‘aybni bilmaydi. Faqat Alloh biladi” (Naml, 65, Imom Muslim rivoyati).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Odamlar ichida yaxshiliklarga ochqich, yomonliklarga yopqich bo‘lganlari va yomonliklarga ochqich, yaxshiliklarga yopqich bo‘lganlari bor. Alloh taolo yaxshilikka ochqich qilgan insonlarga saodat bo‘lsin. Alloh taolo yomonlikka ochqich qilgan kimsalarga voy bo‘lsin” (Ibn Moja rivoyati).

Oyati karimadagi “mafotih” (ochqichlar) kalimasi ko‘chma ma’noda, g‘ayblarni bilish ma’nosidadir.

G‘aybni Alloh taolodan o‘zga bilmaydi. Alloh taolo g‘ayb ilmidan faqat payg‘ambarlaridan O‘zi istaganini ogoh etadi. (U) g‘aybni biluvchidir. O‘z g‘aybidan biror kimsani xabardor qilmas. Faqat O‘zi rozi bo‘lgan (tanlagan) payg‘ambarnigina (O‘zining ba’zi g‘aybidan ogoh etar) (Jin, 26-27).

Suddiy va Hasan Basriy “mafotih”ni “rizq xazinalari” deb tafsir qilgan. Muqotil va Zahhok esa uni “yerosti xazinalari”, deya ta’vil qilishgan. “Mafotih”ni ajal va uning yetishi, kishilar umri qanday nihoyalanishi, amallar xotimasi deb tafsir qilganlar ham bor.

Ulamolar aytadi: “Alloh taolo bir qancha oyatlarida g‘ayb ilmini faqat O‘zi bilishi va uni tanlangan payg‘ambarlariga bildirishini bayon etgan. Shuning uchun “ertaga yomg‘ir yog‘adi”, deya qat’iy aytmaslik kerak. Tajribadan kelib chiqqan holda, bulutlar va shamolning harakati yomg‘ir yog‘ishidan darak ekani bilinsa ham, “yomg‘ir yog‘ishi kutiladi”, deyish to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, Alloh taolo istasagina o‘sha yomg‘ir yog‘adi”.

Imom Muslimning “Sahih”ida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ayollaridan biridan bu rivoyat naql qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “Kim arrofning oldiga borib, undan biror narsa haqida savol so‘rasa, qirq kun namozi qabul bo‘lmaydi”.

G‘aybni va yo‘qolgan narsa qayerdaligini bilishini da’vo qilgan kimsani “arrof” deyishadi.

“U quruqlik va dengizdagi barcha narsani biladi”. Alloh taolo oyatda maxluqotlari orasidan quruqlik va dengizni zikr qildi. Sababi u ikkisi hamisha insonlar ko‘z o‘ngida eng yirik maxluqotlardandir. Ya’ni, Alloh taolo u ikkisidagi har bir narsani biladi.

Bir yaproq uzilib tushsa ham uni biladi”. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Yer yuzidagi har bir ekinga, daraxtlardagi har bir mevaga, yerning qa’ridagi har bir urug‘ga “Bismillahir rohmanir rohim. Bu falonchining rizqidir”, deb yozib qo‘yilgan”. Bu “Yer zulmatlari (qa’ri)dagi har bir urug‘, ho‘lu quruq, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul Mahfuz)da (yozilgan)dir”, mazmunli oyati karima ifodasidir.

Ba’zi mufassirlar bu muborak jumlalarning ma’nosi, har daraxtning bargi havoda qancha uchib yuradi, qayerga tushadi; yer qa’ridagi urug‘ qachon unib chiqadi, qancha hosil beradi, uni kim yeydi, bularni hammasini Alloh taolo biladi, deb tafsir qilishgan.

“...(hammasi) ochiq-ravshan Kitobda (yozilgan)dir”. Ya’ni, farishtalar ibrat olishlari uchun Lavhul Mahfuzda yozib qo‘yilgan. Alloh taolo unutish aybidan pokdir.

Imom Qurtubiy tafsiri asosida

No‘mon ABDULMAJID

tayyorladi

O‘MI Matbuot xizmati

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihoni qaysi fanlardan o‘tkaziladi?

04.07.2025   6286   2 min.
Diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihoni qaysi fanlardan o‘tkaziladi?

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi joriy yilda oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar qaysi fanlar bo‘yicha ijodiy imtihon va test sinovlari topshirishini ma’lum qiladi: 

Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi va Imom Termiziy nomidagi islom institutida:
Arab tili (test sinovi) 30 x 3,1 – 93 ball;
Fiqh va aqoid (test sinovi) 30 x 2,1 – 63 ball;
O‘zbekiston tarixi (test sinovi) 30 x 1,1 – 33 ball.

Hadis ilmi maktabida:
Arab tili (test sinovi) 30 X 3,1 – 93 ball;
Hadis va Mustalahul hadis (og‘zaki, ijodiy imtihon) – 63 ball;
O‘zbekiston tarixi (test sinovi) 30 X 1,1 – 33 ball.

O‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida:
Xorijiy til (test sinovi) 30 x 3,1 – 93 ball;
O‘zbekiston tarixi (test sinovi) 30 x 2,1 – 63 ball;
Ma’naviyat va ma’rifat (test sinovi) 30 x 1,1 – 33 ball.

Toshkent islom instituti magistratura bosqichida:
Teologiya (Islom ilohiyoti, falsafasi va Moturidiylik ta’limoti): 
Aqoid, Islom falsafasi (ijodiy imtihon) – 100 ball;
Xorijiy til (arab yoki ingliz tilidan test sinovi) – 25 x 2 – 50 ball. 

Teologiya (Hadis ilmlari): 
Hadis, Mustalahul-hadis (ijodiy imtihon) – 100 ball 
Xorijiy til (arab yoki ingliz tilidan test sinovi) – 25 x 2 – 50 ball

Toshkent islom instituti Modul ta’lim tizimida: 
Tanlov test sinovi shaklida o‘tkaziladi:
- ixtisoslik fanlar majmuasi (Qur’oni karim va tajvid, hadis, fiqh, aqoid) 35 x 2,1 – 73,5 ball.
- ijtimoiy-gumanitar fanlar majmuasi (O‘zbekiston tarixi, Ma’naviyat asoslari, Milliy g‘oya) 25 x 1,1 – 27,5 ball.

Imtihon o‘tkaziladigan vaqt va hududlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi. 

2025-2026 o‘quv yili qabul jarayonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati