Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu bozor-o‘char qilgani chiqqan edi, pulini o‘g‘irlatib qo‘ydi. Buni eshitgan odamlar o‘g‘rini qarg‘ay boshlashdi. Shunda ibn Mas’ud ularni bu ishdan qaytardi va duo qildi:
– Ey Alloh! Agar pulimni o‘g‘irlagan odam muhtojlikdan olgan bo‘lsa, olganiga baraka bergin. Agar muhtoj bo‘lmay turib olgan bo‘lsa, shu o‘g‘irlikni hayotidagi eng oxirgisi qilgin!
“Qabasotun min hayotir-Rasul” kitobidan
Shahobiddin PARPIYEV
tarjimasi
Dunyoda shunday ishlar borki, Alloh taologa suyukli bo‘ladi. Ulardan biri ko‘ngilni shod etish hisoblanadi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taologa farz ibodatlardan keyin eng maqbul ish – musulmon kishining ko‘ngliga surur (xursandchilik) yetkazishdir”.
Darhaqiqat, o‘zga kishining ko‘nglini olish, uni xursand qilish xayrli amallardandir. Hazrati Alisher Navoiy:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay, deya bejiz aytmagan.
Musulmonning ko‘ngliga ozor berish esa, xunuk ishlardandir. Bu haqda xalqimizda: “Dilozordan Xudo bezor”, degan naql bor.
Alloh taolo barchamizni o‘zgalarga ozor berishdan saqlab, Alloh taologa suyukli bo‘lgan ishlarni qilishga muvaffaq aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi