Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu bozor-o‘char qilgani chiqqan edi, pulini o‘g‘irlatib qo‘ydi. Buni eshitgan odamlar o‘g‘rini qarg‘ay boshlashdi. Shunda ibn Mas’ud ularni bu ishdan qaytardi va duo qildi:
– Ey Alloh! Agar pulimni o‘g‘irlagan odam muhtojlikdan olgan bo‘lsa, olganiga baraka bergin. Agar muhtoj bo‘lmay turib olgan bo‘lsa, shu o‘g‘irlikni hayotidagi eng oxirgisi qilgin!
“Qabasotun min hayotir-Rasul” kitobidan
Shahobiddin PARPIYEV
tarjimasi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati