Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Sentabr, 2026   |   9 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:49
Quyosh
06:08
Peshin
12:17
Asr
16:35
Shom
18:28
Xufton
19:43
Bismillah
20 Sentabr, 2026, 9 Rabi`us soni, 1448

Jihod tushunchasini soxtalashtirish

01.05.2023   3843   7 min.
Jihod tushunchasini soxtalashtirish

«Albatta, haqiqiy mo'minlar Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirgan, so'ngra shubha qilmagan va Allohning yo'lida mollari va jonlari ila jihod qilganlardir. Ana o'shalar, o'shalargina (iymonida) sodiqlardir» (Hujurot surasi, 15-oyat).

Dunyoning bugungi holati hech kimga sir emas. O'zini haqiqiy musulmon deb qolganlarni adashganga chiqarayotgan fitnachi bemazhablar dunyoni buzib yuborishgani inkor etib bo'lmaydigan haqiqat sanaladi.

Bunday adashgan toifalarga ergashganlarga e'tibor berilsa, ularning aksarining aqllari noqis, ilmdan uzoq va ko'r-ko'rona mutaassiblik qiluvchi odamlar ekanligi ko'rinadi. Ba'zilari esa qandaydir obro' yoki mol-mulk orqasidan quvgan gumroh kimsalardir. Yana ba'zilari esa alamzada hayotda maqsadlariga erisholmagan odamlardir. Ular umuman ilm ham olishmaydi, olimni ham tinglashmaydi.

Bugungi kunda buzg'unchi terrorchilar o'zlariga ergashmagan, ularning aldov g'oyalariga qarshi chiqqan musulmonlarni ʼ'takfirʼ'da ayblaydilar, hamda shu bilan ularning qonlari, jonlari, mollarini o'zlariga ʼ'halolʼʼ sanab, to'daboshilarining ʼ'fatvo''lari bilan musulmon jamiyatlarda tinch aholiga nisbatan talonchilik, qaroqchilik, zulmu zo'ravonlik amaliyotlarini olib boradilar. Ular o'zlarining bu bosqinchilik qilmishlarini ʼ'jihodʼʼ deb ataydilar. Shunday ekstremistik oqimlar Allohning hukmi bilan hukm qilmagan musulmonlarni kufrda, johillikda va ko'pxudolikda ayblaydilar. Ularning fikricha islom er yuzidan bundan necha yuzlab yillar ilgari yo'q bo'lib ketgan va hozirgi qonunlar, konstitusiyalar va hokimlar barchasi kufr hisoblanadi. Bularni to'g'rilash uchun esa barcha «adashgan» musulmonlarga qarshi jihod qilishimiz shart deb bilishadi.

Haqiqat esa tamoman boshqachadir. Alloh taolo jihodni aynan urushga bog'lab qo'ymagan va bu so'zning asli islom manfaatlari yo'lidagi urinishlarni ifoda etadi. Endi qachonki jihod farz bo'lib qolsa ham unda daraxtlar kesilmasligi, chorvalar o'ldirilmasligi va boshqa din vakillari o'z ibodatxonalarida qatl qilinmasligi kabi bir qancha shartlarni qo'yadiki bundan islomning faqatgina oliy manfaatlarni ko'zlagani tushuniladi. Uni Alloh insonlar uchun rahmat, adolat va o'zaro hurmat qilib joriy qilgan. Bundan boshqasi jihod emas zolimlik va nohaq urushlardan boshqa narsa emas. Endi bugungi kunga kelib bu razil maqsadli adashgan ekstremistlarning qilmishlari tufayli islomni dunyo bosqinchilik, zulm, nohaqlik va mutaassiblik sifatida ko'rmoqda. Ular esa «namoz o'qishni bilmaydimi demak kofir», «konstitusiyaga amal qiladimi demak kofir» hatto «soqoli yo'qmi demak adashgan» deb iddao qilishdan charchashmayaptilar. Bularning islomga keltirayotgan zararlarining chegarasi yo'q afsuski.

Bir hadis misolida ularning yo'llari naqadar xato va naqadar sunnatdan uzoqligini isbotlab beramiz insha Alloh. Muhaddislar imomi imom Buxoriy rahmatullohi alayh o'zlarining mashhur saxixlarida Jobir ibn Abdulloh al-Ansoriydan quyidagi saxix hadisni rivoyat qilganlar:

«Bir kuni kechki payt bir kishi tuyada masjidga keldi va Muoz roziallohu anhuning orqalarida turib u kishiga ergashgan holda namoz o'qishni boshladi. O'shanda Muoz roziallohu anhu jamoat bilan namozda Baqara yoki Niso surasini o'qib turgandilar. Shunda haligi kishi jamoat namozidan chiqib yolg'iz o'zi namoz o'qib oldi va ketib qoldi. Unga bu ishini Muoz roziallohu anhu ma'qullamaganligini aytishganda u payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oldilariga kelib Muoz roziallohu anhuning namozni uzun o'qishlaridan shikoyat qildi. Shunda payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Muoz roziallohu anhuga uch bora: «Ey Muoz, fitna qilyapsanmi?» deb turib yana shunday dedilar: «Nega namozingda «Sabbihisma Robbikal A'la», «Vashshamsi va duhaha», «Vallayli iza yag'sha» kabi kichik suralarni o'qimading?» – dedilar. «Sening orqangdan qari odamlar, kam quvvatlar va ishi borlar namoz o'qishini unutma» – dedilar.»Yuqoridagi nabaviy hadisdan ko'rinib turibdiki kimki islomni insonlar o'rtasida yoymoqchi, joriy qilmoqchi bo'lsa bu ishida ularning qiyinchiligiga sabab bo'ladigan ishlardan uzoq bo'lishi uqdirilmoqda. Bu ishning fitnaga, norozichilikka olib kelishi va xavfli ekani tushuntirilmoqda. Bunday ishni qiladigan hatto islomdagi eng yaxshi amal bo'lmish namoz o'qiyatganligiga qaramay uni fitnachi deb atamoqdalar. Aslida payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning namozni qanchalar yaxshi ko'rishlari va ko'p o'qiganliklari ma'lum va mashhur. Shunday bo'lsada jamoat namozlarini orqadagi ergashuvchilarning hollarini inobatga olib doim qisqa qilishga harakat qilganlar. Ushbu hadisda payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kimki islom qonunlarini insonlarga singdirishni xoxlasa aslo ularga qo'pollik yoki qiyinchilik etkazmasligi lozimligi va agar shunday qiladigan bo'lsa bu ishi bilan u fitnaning yoyilishiga sabab bo'lishi va islomdan odamlarni nafratlantirib qo'yishi aytilmoqda.

Ekstremistik oqimlar hozirda butun dunyo musulmonlariga jihod farzi ayn bo'lgan deb hisoblab barcha musulmonlarni ularning nazdidagi kofirlarga qarshi jangga chorlamoqdalar va bu ishda qatnashmaganlarga hech qanday uzr yo'q deb hisoblamoqdalar. Bu bilan ular haqiqiy olimlarning jihodga bergan ta'rifiga teskari ish qilmoqdalar. Islom ulamolari jihodga Allohning yo'lida turli xil foydali maqsadlarda harakat qilish deb ta'rif berganlar va nafs jihodi, ilm bilan jihod qilish kabi ma'nolar berganlar. Shuningdek ba'zida holatdan kelib chiqib kuch ishlatish yo'li bilan ham jihod qilinadi deganlar. (Bunday holatni ulamolar kengashlari hal qiladi)

Adashgan toifalarning jihod borasidagi katta adashuvlaridan biri ular jihodni islomning maqsadlaridan biri sifatida bilishidadir. Toxir ibn Ashur rohimahulloh o'zlarining «Maqasidush Shari'a» kitoblarida jihod islomning maqsadi bo'lmay balki asosiy maqsad uchun bir vosita deb aytganlar. Ya'ni ba'zida ekstremistik toifalar singari jihodni faqat urush deb bilib urush qilgandan teskari natija chiqadi va buni bugun hammamiz ko'rib turibmiz. Shuni doim yodda tutmoq kerakkim, Islom dini jangu jadal dini emas, balki tinchlik dinidir. Islom so'zining tub mazmun mohiyati tinchlik, salomatlik, xotirjamlik, ofiyat, sulh kabi ma'nolarni anglatadi. Mo'min musulmon kishi Vatani ozodligi yo'lida kurashsa, oilasi, mol-mulki, din-diyonati, or-nomusi himoyasi yo'lida kurashsa haqiqiy ma'noda jihod sanaladi. Yurt ravnaqi, xalq farovonligi, tinchlikni asrash, ota-ona xizmati, oila nafaqasi, farzandlar tarbiyasi, shuningdek, yoshlar ongini turli xil buzg'unchi yot g'oyalardan, mafkuraviy xurujlardan asrab avaylashga qaratilgan hatti-harakatlar ham jihod sanaladi.

Mir Arab oliy madrasasi talabasi
Tursunpo'latov Azizbek

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“ABU NAHV” YOXUD 57 YOSHIDA QUR’ONNI YOD OLGAN ALLOMA

20.09.2026   9269   4 min.
“ABU NAHV” YOXUD  57 YOSHIDA QUR’ONNI YOD OLGAN ALLOMA

Yaxshilar yodi


Muhammadlatif domla dastlabki ta’limni otasi Shayx mulla Olim rahmatullohi alayhdan o‘rganish barobarida u zotning duolarini ham olishga muvaffaq bo‘lgan. Ana shu duoning sharofati bilan u kishi katta olim bo‘lib yetishdi.


Maktabni oltin medal bilan tamomlagan ustoz harbiy xizmatdan qaytgach, Buxorodagi Mir Arab madrasasida, so‘ngra Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil oldi. O‘sha kezlarda ma’hadga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari mudir edi.


Muhammadlatif domla institutni tugatgach, Buxorodagi Mir Arab madrasasiga talabalarga saboq berish uchun yuboriladi. Keyinchalik yana Toshkentga qaytib, ma’hadda mudarris bo‘lib ishlaydi. O‘sha paytda Toshkent islom institutida eronlik, tojikistonlik va afg‘onistonlik talabalar ham ta’lim olishgan. Muhammadlatif domla fors tilini yaxshi bilgani uchun chet ellik talabalarga shu tildan dars bergan. Qattiqqo‘lligi bois ayrim dangasa talabalar domlaning ustidan shikoyat qilishgan.


Shikoyat chet ellik talabalar nomidan bo‘lgani uchun Tashqi ishlar vazirligi darajasigacha chiqqan. Tabiiyki, bu shikoyat qanoatlantirish uchun O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi rahbariyatiga topshirilgan. Idora rahbariyati rektor Muhammad Sodiq Muhammad Yusufga murojaat qilib, shikoyat yozilgan qog‘ozni ko‘rsatgan.


Shunda Shayx hazratlari muftiyga: “Talabalarning bilmasdan yozgan shikoyatlari sababli tajribali o‘qituvchini ishdan olish adolatdan emas. Agar shunday qilinsa, shikoyatlar yana ko‘payishi mumkin. Buning o‘rniga Muhammadlatif domlaning darsini kuzatish uchun maxsus vakil tayinlayman. Agar vaziyat rostdan ham talabalar shikoyat qilganidek bo‘lsa, u domla bir kun ham ishlamaydi”, degan. Vakil darsni kuzatib, hech qanday e’tiroz yo‘qligini va domlaning talabi o‘rinli ekanini aytadi.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari idorasi muftiysi bo‘lganida, Muhammadlatif domla Toshkent islom intitutiga rektor etib tayinlandi. Ikki ulamo O‘zbekistonda diniy ta’limni tubdan isloh qilishga, talabalar sonini ko‘paytirishga va xalqimiz o‘rtasida diniy ta’limni keng yoyishga harakat qiladi.


Shayx hazratlariga o‘sha paytlarda tuhmatlar bo‘ldi va bu tuhmatlardan Muhammadlatif domla ham benasib qolmadi. Ikkala ulamo ishdan bo‘shashga majbur bo‘lishdi.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari chet elga chiqib ketdi. Muhammadlatif domla esa “Ko‘kaldosh” madrasasida o‘qituvchi va “To‘xtaboyvachcha” jome masjidiga imom bo‘lib ishga kirdi. Lekin tuhmatlar tinmadi. Oqibatda domla Rossiyaning Qozon shahriga ketib, u yerdagi islom universitetiga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirdi. Keyinchalik Chechenistonning prezidenti Ahmad Qodirovning taklifiga binoan Grozniy shahridagi islom universitetiga mudarris bo‘ldi.


Muhammadlatif domla sarf va nahv ilmini yaxshi bilish barobarida fiqh, tafsir va boshqa ilmlarni puxta o‘zlashtirdi. “Kofiya”ni yod oldi. Talabalarga shu fanlardan yoddan dars o‘tar edi. Shu bois u kishi ilm ahli orasida “Abu nahv”, ya’ni nahv ilmining otasi, deya tanildi.


Muhammadlatif domla Chechenistonda dars berib yurgan paytlarida 57 yoshida Qur’oni karimni to‘liq yod oldi. Domladan shogirdlari: “Kalomullohni keksaygan chog‘ingizda yodlashingizning boisi nima?” deb so‘rashganida, u kishi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: “Qur’on sohibi jannatga kirganida unga: “O‘qi va ko‘taril!” deyiladi. Bas, u o‘qiydi va har bir oyatni o‘qiganida bir daraja yuqorilaydi. (Qur’ondan) oxirgi narsani o‘qigunicha shunday bo‘ladi” (Ibn Moja rivoyati), degan hadislari menga qattiq ta’sir qildi. Ko‘plab talabalarga saboq berdim. Ularning ko‘pi Qur’oni karimni to‘liq yod olishdi. Men, inshoalloh, Allohning inoyati bilan jannatga kirsam, Qur’oni karimni yodlamaganim uchun behishtning quyida qolib ketishni xohlamayman», degan.


Alloh taolo marhum ustozimizning oxiratlarini obod qilsin. Niyatlariga yarasha jannatning eng oliy darajalaridan nasib qilsin.

 

Tolibjon NIZOM

 

“ABU NAHV” YOXUD  57 YOSHIDA QUR’ONNI YOD OLGAN ALLOMA “ABU NAHV” YOXUD  57 YOSHIDA QUR’ONNI YOD OLGAN ALLOMA “ABU NAHV” YOXUD  57 YOSHIDA QUR’ONNI YOD OLGAN ALLOMA
Ibratli hikoyalar