بسم الله الرحمن الرحيم
MA’NAVIY JINOYATLARNING XATARI
Muhtaram jamoat! Alloh taolo biz insonlarga boshqa maxluqotlarda bo‘lmagan til orqali so‘zlash, fikrimizni bayon eta olish imkoniyatini ato etdi. Bu eng ulug‘ ne’matlardan sanaladi. Dinimizda tilni faqat yaxshilik yo‘lida ishlatishimiz, yomon gaplarni so‘zlashdan saqlanishimiz ta’lim beriladi. Musulmon kishi tiliga juda ehtiyot bo‘lishi, og‘zidan chiqayotgan har bir so‘zi yo uning foydasiga yoki zarariga hujjat bo‘lib qolishi mumkin ekanligini aslo unutmasligi lozim. Alloh taolo bu haqda biz bandalarini ogohlantirgan.
مَا يَلْفِظُ مِنْ قَوْلٍ إِلاَّ لَدَيْهِ رَقِيبٌ عَتِيدٌ
(سورة ق/18).
ya’ni: Alloh taolo aytadi: “U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir” (Qof surasi, 18-oyat). Shuning uchun, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qildilar:
عن أَبي هريرة رضي الله عنه عن النَّبيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "مَنْ كَانَ يُؤْمِنُ بِاللهِ وَاليَوْمِ الآخِرِ فَلْيَقُلْ خَيْراً أَوْ لِيَصْمُتْ"
(متفق عَلَيْهِ).
ya’ni: Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar (s.a.v.) dedilar: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Islom dinimiz biz mo‘min-musulmonlarni bir qancha gunoh sanalgan ishlardan qaytarganki, ular asosan til orqali sodir etiladi va ularni bir so‘z bilan ma’naviy jinoyatlar deb ataymiz. Ana shunday ma’naviy jinoyatlardan g‘iybat, tuhmat, bo‘hton kabilarni sanab o‘tishimiz mumkin. Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hadislarida ushbu gunohlardan qat’iy qaytarilgan.
...وَ لاَ يَغْتَبْ بَعضُكُمْ بَعْضاً أَيُحِبُّ أَحَدُكُمْ أنْ يَأْكُلَ لَحْمَ أَخِيهِ مَيْتاً فَكَرِهْتُمُوهُ وَاتَّقُوا اللهَ
إنَّ اللهَ تَوَّابٌ رَحِيمٌ
(سورة الحجرات/12).
ya’ni: Alloh taolo aytadi: “... va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko‘rasiz-ku, axir! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli zotdir” (Hujurot surasi, 12-oyat).
G‘iybat nima ekanligi haqida Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan quyidagi hadis rivoyat qilingan:
عن أَبي هريرة رضي الله عنه أنَّ رسُولَ الله صلى الله عليه وسلم قَالَ: "أَتَدْرُونَ مَا الْغِيبَةُ ؟" قالوا: "اللهُ وَرَسُولُهُ أعْلَمُ" قَالَ: "ذِكْرُكَ أخَاكَ بِما يَكْرَهُ" قِيلَ: "أفَرَأيْتَ إنْ كَانَ في أخِي مَا أقُولُ؟" قَالَ: "إنْ كَانَ فِيهِ مَا تَقُولُ فقد اغْتَبْتَهُ وإنْ لَمْ يَكُنْ فِيهِ مَا تَقُولُ فَقَدْ بَهَتَّهُ"
(رواه الإمام مسلم).
ya’ni: Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh (s.a.v.): “G‘iybat nima ekanligini bilasizlarmi?” – deb so‘radilar. Sahobalar: Alloh va Uning Rasuli bilguvchiroqdir, deyishdi. Rasululloh (s.a.v.): “Birodaringizni unga yoqmaydigan sifati bilan eslashingiz”, dedilar. Ular: Agar birodarimizda biz aytgan sifat bo‘lsachi? – deb so‘radilar. Rasululloh (s.a.v.): “Agar unda siz aytgan sifat bo‘lsa, g‘iybat qilgan bo‘lasiz. Agar siz aytgan sifat unda bo‘lmasa, u holda bo‘hton qilgan bo‘lasiz”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Muhtaram azizlar! Jamiyatda g‘iybat, bo‘hton, yolg‘onchilik kabi ma’naviy jinoyatlarning avj olishi va turli mish-mishlarning tarqalishi oxir oqibat shu jamiyatdagi kishilar o‘rtasida bir-birlariga nisbatan o‘zaro ishonchsizlik, hatto adovat va nafratni yuzaga keltiradi.
Payg‘ambar (s.a.v.) katta-yu kichik jinoyatlarning oldini olish maqsadida shunday marhamat qilganlar:
عن أَبي بَكْرة رضي الله عنه أنَّ رَسُولَ الله صلى الله عليه وسلم قَالَ في خُطْبَتِهِ يَوْمَ النَّحْرِ بِمِنَى في حَجَّةِ الوَدَاعِ: "إنَّ دِماءكُمْ وَأمْوَالَكُمْ وأعْرَاضَكُمْ حَرَامٌ عَلَيْكُمْ كَحُرْمَةِ يَوْمِكُمْ هَذَا في شَهْرِكُمْ هَذَا في بَلَدِكُمْ هَذَا ألا هَلْ بَلَّغْتُ"
(متفق عَلَيْهِ).
ya’ni: Abu Bakra (r.a.)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh (s.a.v.) Hajjatul vado’da Hayit kuni Minoda turib aytgan xutbalarida jumladan shunday dedilar: “Albatta, qonlaringiz, mollaringiz va obro‘laringizni to‘kish bir-biringizga haromdir, huddi shu kuningiz, shu oyingiz va shu yeringizning hurmati kabi. Sizlarga yetkazdimmi?!” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Boshqa bir hadisda shunday deyilgan:
عن أَبي موسى رضي الله عنه قَالَ، قُلْتُ: "يَا رسولَ اللهِ أَيُّ المُسْلمِينَ أفْضَلُ؟" قَالَ: "مَنْ سَلِمَ المُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ"
(متفق عَلَيْهِ).
ya’ni: Abu Muso (r.a.) rivoyat qilib aytadilar: Yo Rasululloh, musulmonlarning qaysi biri afzal? Rasululloh (s.a.v.) javob berdilar: “Musulmonlar uning tilidan ham, qo‘lidan ham salomat bo‘lgani” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Demak, o‘zgalarga tili bilan ozor berishlik musulmonchilikdan emas ekan. Chunki, musulmon so‘zining o‘zi barchaga tinchlik, yaxshilik tilovchi degan ma’noni anglatadi. Bir insonga salom berib turib, ortidan g‘iybat yoki bo‘hton qilsa, u haqida tuhmat gaplarni tarqatsa albatta, bu ishi musulmonchilikka zid, balki munofiqlik sanaladi.
O‘z navbatida bunday og‘ir gunohning jazosi ham o‘ziga munosib bo‘ladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan shunday hadis vorid bo‘lgan:
عن أنسٍ رضي الله عنه قَالَ، قَالَ رسول الله صلى الله عليه وسلم: "لَمَّا عُرِجَ بي مَرَرْتُ بِقَومٍ لَهُمْ أظْفَارٌ مِنْ نُحَاسٍ يَخْمِشُونَ وُجُوهَهُمْ وَصُدُورَهُمْ فَقُلْتُ: مَنْ هؤُلاءِ يَا جِبرِيلُ؟ قَالَ: "هؤُلاءِ الَّذِينَ يَأكُلُونَ لُحُومَ النَّاسِ وَيَقَعُونَ في أعْرَاضِهِمْ"
(رواه الإمام أَبُو داود) .
ya’ni: Anas (r.a.)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh (s.a.v.) dedilar: “Me’roj kechasi men bir qavmning yonidan o‘tdim. Ularning misdan tirnoqlari bo‘lib, o‘zlarining yuzlari va ko‘kraklarini tirnar edilar. Men: Yo Jabroil, bular kimlar? – deb so‘radim. U: Bular odamlarning go‘shtini yegan (ya’ni g‘iybat qilgan), obro‘larini to‘kkan kishilar, deb javob berdi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Shunday ekan, dunyo va oxiratda xasratu nadomat keltiradigan bu kabi gunohlardan saqlanaylik. Alloh taolo barchalarimizni tinchlik va omonlikda, o‘zaro hurmat va izzatda umrguzaronlik qilmog‘imizni nasibu ro‘zi aylasin! Omin!
TЕZISGA ILOVA
Jinoyatchilikka qarshi kurashda hech kim loqayd bo‘lishi mumkin emas
Muhtaram azizlar! Inson uchun hur va ozodlikdan ulug‘roq ne’mat yo‘q. Alloh taolo insonni azalda ozod qilib yaratib, unga bu hayotda berilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda o‘zi yashab turgan zaminni obod etish mas’uliyatini yuklagan. Afsuski, ba’zi insonlar o‘ziga yuklatilgan bunday sharafli mas’uliyatni unutib, hayot ne’matining qadriga yetmay, bilib-bilmay turli xildagi jinoyatlarga qo‘l urib qo‘yadi. Jinoyatga esa, jazo muqarrarligi sababli ozodlik degan aziz ne’matdan mahrum etiladi. So‘nggi pushaymonning befoydaligi esa, musibat ustiga musibat sanaladi.
Barchamizga ma’lumki, muhtaram Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan afv etish to‘g‘risida”gi Farmoniga binoan 2700 nafar shaxs mahkumlikdan ozod etildi. Hozirgi kunda ular o‘z oilalariga qaytdilar. Darhaqiqat, jazo berishga qodir bo‘la turib afv etib yuborish naqadar savobli ish. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
فَاعْفُ عَنْهُمْ وَاصْفَحْ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ
(سورة المائدة/13).
ya’ni: “Ularni afv eting va kechiring! Albatta, Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi” (Moida surasi, 13-oyat).
Shunday ekan, o‘z navbatida afv etilib ozodlikka chiqarilgan shaxsalar ham bunga javoban o‘tmishda qilgan xatolarini takrorlamaslikka azmu qaror qilib, qolgan hayotlarini oilasiga, mahalla-ko‘y va jamiyatiga manfaatli tarzda o‘tkazmoqlari lozim bo‘ladi. Zero, yaxshilikka yaxshilik bilan javob berish ham qarz, ham farz. Qur’oni karimda ham aytilgan:
هَلْ جَزَاءُ الْإِحْسَانِ إِلَّا الْإِحْسَانُ
(سورة الرحمان/60).
ya’ni: “Ehson (ezgulik)ning mukofoti faqat ehson (ezgulik)dir” (Ar-Rahmon surasi, 60-oyat).
Prezidentimiz har bir ma’ruzalarida inson taqdirini, uning manfaatini yuqori qo‘yib gapirmoqdalar. Har bir qilayotgan ishimiz, bugungi keskin o‘zgarishlarimiz fuqarolarning tinchligi, farovonligi uchun ekanligini qayta-qayta ta’kidlamoqdalar.
Aytaylik, bir qushni qanotlarini bog‘lab uch-to‘rt kun xonaga qamab qo‘ydingiz. So‘ng rahmingiz kelib qo‘yib yubordingiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz, u qush birdaniga ko‘kka parvoz qila olmaydi. Uni avaylab kaftingizda tutib bir ozdan so‘ng salgina imo qilsangiz, u havoga qiynalmay parvoz qiladi. Aytmoqchimizki, mahkumlikdan ozod qilingan shaxs ham shu tutqinlikdan chiqarilgan qushga o‘xshaydi. Darrov hayotda o‘z yo‘lini topa olmaydi. Oilasiga, mahallasiga moslashishga, ishga kirishga qiynaladi.
Shunday vaqtda qo‘ni-qo‘shnilar, mahalla faollari ularning yoniga kirib, mahallaga singib ketishiga, to‘yu tadbirlarga tortinmay qatnashishiga, eng zaruri ish bilan ta’minlanishiga yaqindan ko‘mak berishlari juda muhimdir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham ko‘plab hadislarida mo‘min-musulmonlarni bir-biriga birodar ekanligini ta’kidlab o‘tganlar. Jumladan:
عن النعمان بن بشير رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: "مَثَلُ المُؤمِنِينَ فيِ تَوَادِّهِم وَ تَرَاحُمِهِم وَ تَعَاطُفِهِم مَثَلُ الجَسَدِ إِذَا اِشتَكَى مِنهُ عُضْوٌ تَدَاعَى لَهُ سَائِرُ الجَسَدِ باِلسَهَرِ وَ الحُمَّى"
(رواه الامام البخاري و الامام مسلم).
ya’ni: Nu’mon ibn Bashir (r.a.)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh (s.a.v.) dedilar: “Mo‘minlarning o‘zaro bir-birlariga nisbatan mehru muhabbat va hamjihatliklarining misoli bir tanaga o‘xshaydiki, undagi bir a’zo og‘risa tananing boshqa a’zolari bedorlik va isitma bilan unga hamdard bo‘ladilar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Bizlar yurtimizda amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlarga rivoj tilab, Yurtboshimizni duo qilishimiz, qolaversa amaliy harakatlarimiz bilan yurtimiz ravnaqi, xalqimizning imonli, e’tiqodli bo‘lishiga munosib hissa qo‘shishimiz lozim bo‘ladi.
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi