Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446

Sha’ni ulug‘ ibodatlar

06.01.2018   8560   5 min.
Sha’ni ulug‘ ibodatlar

(Allohdan) sabr va namoz ila yordam so‘ranglar. Darhaqiqat, u (namoz) og‘irdir. Faqat xushu’ qiluvchilarga (og‘ir) emas” (Baqara, 45).

“Sabr” lug‘atda o‘zini tiyish, tutish ma’nolarini bildiradi.

Alloh taolo gunohlardan tiyilishni, sabr qilishni buyurdi. Chunki gunohlardan tiyilgan, sabr qilgan kishi toat-ibodatga ham sabr qilgan bo‘ladi. Bu xususda eng to‘g‘ri so‘z shudir, deydilar  Imom Qurtubiy (rahmatullohi alayh). Alloh taolo marhamat qiladi: “...Albatta, sabr qiluvchilarga mukofotlari behisob berilur” (Zumar, 10).

Imom Qurtubiy tafsirida keltirilishicha, oyati karimada ibodatlardan namoz zikr qilinishining boisi namoz sha’nining ulug‘ligiga ishoradir. Payg‘ambarimizni (alayhissalom) biror narsa tashvishga solsa, namozga suya­nardilar (ya’ni, namoz bilan xotirjam tortardilar) (Imom Ahmad rivoyati). Rivoyat qilinishicha, Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) safarga ketayotganlarida ukasi Qusamning (boshqa bir rivoyatda – qizining) o‘limi haqida xabar keladi. Ibn Abbos darrov istirjo’ kalimasini (“Inna lillahi va inna ilayhi roji’un”) aytadi, so‘ng chetga o‘tib, namoz o‘qiydi, ortidan “(Allohdan) sabr va namoz ila yordam so‘rangizlar”, oyatini tilovat qiladi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, oyatdagi “salot”dan murod shariatdagi namozdir. Ammo ba’zi mufassirlar “salot”ning lug‘atdagi ma’nosini nazarda tutishib, bu oyatda murod duo ekanini ham aytishgan.

Mujohid (rahimahulloh) esa oyatdagi “sabr”dan murod ro‘zadir, deganlar. Chunki ramazon sabr oyi deyiladi. Zero, ro‘za shahvatlardan to‘sadi va zuhdni orttiradi. Namoz esa yomon va buzuq ishlardan qaytaradi, kishi qalbiga xushu’ soladi.

Imom Faxriddin Roziy ham oyatdagi “sabr”dan murod ro‘za, deydilar. Chunki ro‘zador odam ochlik va chanqoqlikka sabrli bo‘ladi. Nafsini, me’dasini va farjini shahvatdan tiygan kimsadan dunyo g‘ami, dilxiraligi uzoqlashadi. Bunga namoz ham qo‘shilgach, qalb ma’rifatulloh nuri bilan munavvar bo‘ladi. Ro‘za namozdan oldin zikr qilinyapti. Chunki ro‘za kishidan noloyiq narsalarni ketkazadi. Namoz esa kishida kerakli narsalarni hosil qiladi.

Ozorlarga sabr qilish, toat-ibodatda bo‘lish bilan nafsning orzu-havaslari jilovlanadi, qaysarligi yo‘qoladi, bu payg‘ambarlar va solih zotlarning xulqlaridandir.

Sabr juda ulug‘ fazilat, uning oxiri hilmdir. Kishi sabrni o‘z fazilatiga aylantirishi bilan xulqi ham o‘z-o‘zidan halimlashib-muloyimlashib boradi.

Sha’biy (rahimahulloh) aytishicha, Hazrat Ali (karramallohu vajhahu): “Sabr imon uchun tanadagi bosh kabi zarurdir”, deganlar.

Darhaqiqat, u (namoz) og‘irdir. Mufassirlar oyatdagi “ho” (“u”) ko‘rsatgich olmoshidan murod namozmi yoki sabrmi, degan masalada turli fikrlar aytishgan. Ba’zilari “ho”dan murod namozdir, deyishgan. Zero, namoz o‘qish nafsga ro‘za tutishdan ko‘ra og‘irroq keladi. Chunki ro‘zada faqatgina nafsoniy shahvatlardan (kunduzi) tiyilish buyurilgan. Ya’ni, ro‘zadorga yeyish-ichish va jinsiy munosabat taqiqlangan, xolos. Gunoh bo‘lmagan mavzuda gaplashish, yurish-turish kabi xohishlardan ro‘zador qaytarilmagan. Namoz o‘qiyotgan kishiga esa, namoz amallaridan boshqa narsa qilish mumkin emas. Namozda barcha a’zolar butun orzu va shahvatlardan to‘siladi. Shunday bo‘lgach, namoz nafsga og‘ir tuyuladi.

Ayrim mufassirlar fikriga ko‘ra, oyatdagi “ho”dan murod ham namoz, ham sabrdir.

“Xoshi’un” so‘zi “tavozeli”, “kamtarin” kabi ma’nolarni bildiruvchi “xoshi’” so‘zining ko‘pligidir. Xushu’ nafsiy holatdir. A’zolardagi sokinlik va tavoze nafsda paydo bo‘ladi. Qatoda (rahimahulloh) aytadi: “Xushu’ qalbda bo‘ladi. Namozda qo‘rqish va nazarni o‘ngu so‘ldan to‘sish xushu’dir”.

Ibrohim Naxa’iy A’mashga (rahimahullohi alayhimo): “Bilgin, xushu’ qattiq, quruq narsalar yeyish, qalin va dag‘al kiyim­lar kiyish, boshini egib yurish emas. Xushu’ sharafli kishini ham, oddiy odamni ham haqda teng ko‘rishdir. Alloh senga buyurgan barcha farzlarda itoat qilishingdir”, degan.

Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) boshini quyi solib ketayotgan yosh yigitga: “Ey falonchi, boshingni ko‘tar, chunki xushu’ qalbdagidan boshqa narsa emas”, deganlar.

Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) aytadi: “Xushu’ qalbda, musulmonlarga yumshoq muomala qilish, namozda o‘ngu so‘lga qaramaslikdir”.

Imom Faxriddin Roziy aytadi: “Oyatdan murod shu – namoz xushu’ qilmagan kimsalarga juda og‘ir keladi. Chunki namoz o‘qiganida biror savobga, uni tark qilganida esa, qandaydir jazoga loyiq bo‘lishiga ishonmagani uchun unga bu ish mashaqqat bo‘lib tuyuladi. Ammo qalbi xushu’ga to‘la itoatlilarga esa, namoz o‘qishning foydalari ko‘p ekani, o‘qimaslik katta zarar ekaniga mustahkam ishonchlari bois bu ibodat hech og‘ir kelmaydi. Zero, u namoz o‘qish bilan katta ajr-savob, ulug‘ ne’matlarga ega bo‘lishiga ishonadi”.

 

Imom Qurtubiy va Imom Faxriddin­ Roziy tafsirlari asosida

No‘mon Abdulmajid

tayyorladi.

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Talaba ta’tilni qanday o‘tkazish kerak?

23.06.2025   1957   1 min.
Talaba ta’tilni qanday o‘tkazish kerak?

O‘quv yili tugab, ota-onani ziyorat qilish, ularning xizmatiga borish vaqti kelgach, darslar tugab, imtihonlardan forig‘ bo‘lgach, «Endi butunlay bo‘shman, ilmdan forig‘ bo‘ldim», deb tasavvur qilmang. Ota-onaning xizmatida bo‘lib, duolarini oling. Ta’til payti ham siz uchun muhim bir vaqt hisoblanadi. 

Ota-onangiz, aka-ukangiz, opa-singlingiz, qarindosh-urug‘laringiz nimalarni o‘rganganingizga, odobingiz qanday bo‘lganiga qiziqishadi. «O‘g‘limiz nimalarni o‘rganib keldi ekan-a, ustozlaridan nimalarni ta’lim oldi ekan» deb, havas ko‘zlari bilan qaray boshlashadi. Ana shunda siz ularni odobingiz, kamtarligingiz, xizmatingiz bilan xushnud qilsangiz, nafaqat o‘zingizni, balki ustozlaringizni, nafaqat ustozlaringizni, balki Islom dinini ham barchaga sevdirasiz.

Buning natijasi o‘laroq odamlarda din ilmiga rag‘bat oshib, ular ham farzandlarini ahli ilm qilishga, qori qilishga shoshib qoladilar. Aksincha, namozlar qazo bo‘la boshlasa, xulq-atvor yomon bo‘lsa, «Bu bola o‘qib yurib shu ahvolda bo‘lsa, bundan ko‘ra o‘qimaganimiz yaxshi ekan», deyishadi. Odamlarning ilm olishdan hafsalasi pir bo‘ladi, ustozlarni hurmat qilmay qo‘yishadi. Bu holatda dinga foydangiz emas, zararingiz ko‘proq tegadi. Bunday tolibi ilmlardan Alloh taoloning O‘zi asrasin!

Bir narsani yaxshi bilib oling: siz makonlar, holatlar o‘zgarishi bilan o‘zgarib qolavermang. Holatlar sizni o‘zgartirmasin, siz holatlarni o‘zgartiring. Doimo istiqomatda bo‘ling, sabot bilan turing. Alloh taolo har holatda ham sizni ko‘rib turganini aslo yodingizdan chiqarmang.

 «Talabalik davrini qanday o‘tkazmoq kerak?» kitobidan