Qur’oni karimda xurmo mevasi jannat ne’matlari qatorida zikr etilgan. «Mevalar, xurmo va anorlar bordir» (Rahmon, 68).
Xurmo mevasi shirin ta’mi va o‘ziga xos oziqlik xususiyatlari bois doim suyib yeyilgan. Mutaxassislarning fikricha, bir dona xurmo va bir piyola sut insonning oziq moddalarga bo‘lgan bir kunlik ehtiyojini qondirar ekan.
Xurmoda inson salomatligi uchun zarur o‘ndan ortiq modda borligi aniqlangan. Ulardan biri hazmi yengil va tez singiydigan shakar – fruktoza tanamizga quvvat manbaidir. U shakar, glyukoza kabi qonda qand mikdorini ko‘paytirib yubormaydi. Xurmoda, shuningdek, A, B1, B2, B3 va B6 darmondorilar, natriy, magniy, temir, sera, kaliy, fosfor kabi minerallar, yog‘ va oqsillar ko‘p.
Xurmoning ikki foizdan ko‘p qismini oqsil tashkil etadi. Oqsil tananing kasalliklarga qarshi immunitetini mustahkamlaydi. A darmondorisi ko‘z mushaklari, immun tizimi, suyak, to‘qima va tishlar uchun kerakli, B1 asab tizimi ishini yaxshilaydi, B2 esa oqsil, uglevod va yog‘larni parchalash, hujayralar yangilanishida xizmat qiladi.
Shifokorlar homilali, yosh bolali ayollarga fruktozasi ko‘p oziqlar yeyishni tavsiya etadi. Chunki fruktoza holdan toygan tanaga kuch bag‘ishlaydi, sutni ko‘paytiradi. Bu vaqtda onaning kaliyga ehtiyoji keskin ortadi. Xurmoda kaliy ko‘p. Kaliy ayol tanasida suv muvozanatini saqlab turadi. Kaliy miyaga kislorod yetkazishga yordamlashadi. Kaliy buyraklarni chiqitlar va zaharli moddalardan tozalashda, qon bosimini me’yorida saqlab turishda juda foydalidir.
Xurmo yoyish kamqonlikning oldini oladi. Suyaklar sog‘lom shakllanishida xurmodagi kalsiy va fosfat katta foyda beradi. Muntazam xurmo yeb turish suyaklar zaiflashuvi, mo‘rtlashuvidan himoya kiladi.
Asabiylik va ruhiy zo‘riqish (stress) hollarida xurmo samarali ta’sir qilishi isbotlangan. Chunki xurmoda B6 darmondorisi ko‘p.
Mo‘minjon SAYDALIYEV tayyorladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Makka shahridagi hamyurtlarimiz istiqomat qilayotgan mehmonxonada ziyoratchilarga go‘zal va manfaatli ma’ruza qildilar.
Samimiy va fayzli ruhda o‘tgan muloqot davomida Muftiy hazratlari Yer yuzidagi eng muqaddas shahar — Makkai mukarrama va insoniyat qalbining qiblasi bo‘lgan Ka’bai muazzamaning fazilatlari haqida so‘zlab berdilar.
Ma’ruzada Makka shahri Haq taolo tomonidan tanlab olingani, Ka’bai muazzama esa «Baytulloh», ya’ni Allohning uyi, deya sharaflangani oyat va hadislar bilan tushuntirib berildi.
Muftiy hazratlari dunyoda millionlab mo‘min-musulmonlar faqat bir binoga — Ka’baga qarab namoz o‘qishining asl mohiyatiga to‘xtaldilar. Darhaqiqat, jaziramada, kimsasiz sahroda Ibrohim alayhissalom o‘g‘li Ismoil alayhissalom bilan og‘ir toshlarni ko‘tarib, Ka’bani qurganlar. Ammo ular bu ulug‘ ishni tugatib, Allohning amrini ado etdik, deya kibrlanmasdan, aksincha: «Ey Robbimiz! Bizdan qabul qilgin...» deya yig‘lab duo qilganlarini ta’sirli shaklda so‘zlab berildi.
Manfaatli suhbat davomida bo‘lg‘usi hojilarga Ibrohim alayhissalom kabi amallarining qabul bo‘lishini so‘rab duolar qilishlari, hoji bo‘lish biror martaba emasligi, balki haj gunohlardan poklanish va ajru mukofotlarga erishish fursati ekanini eslatib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida Alloh taolodan yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, yoshlarimiz ilm-ma’rifatli va Davlatimiz Rahbarining xayrli islohotlari bardavom bo‘lishi uchun duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati