Bir tanishim yaqinda boshidan o‘tgan ko‘ngilsiz voqealardan so‘z ochib qoldi: “Onam qazo qildilar... Ta’ziya marosimlarini o‘tkazib ishga chiqdim. Kasbdoshlarimdan biri meni ko‘rdi-yu yuzimga bir muddat tikilib:
– Voy-bo‘y, muncha ozib ketibsiz, ayriliq sizni ancha cho‘ktiribdi. Rang-ro‘yingiz ham bir ahvol. Jigaringiz ham og‘rirdi-a? Do‘xtirga bir ko‘rining, bunaqada yiqilib qolasiz! – dedi.
Bu gaplar yuragimga tig‘dek botdi. Yerga qaradim, o‘pkam to‘lib, ko‘zimga yosh keldi. Judolik o‘tida yongan yuragimga yana qalov tashlangan edi. Xonamga jimgina yo‘l oldim. Qo‘shni xonadan kuchli qahqaha eshitildi. Bu qadrdon dugonamning ovozi edi. Vujudim titrab ketdi. Onam hayotligida u biznikiga ko‘p kelgan. Onamning pazandaligi, chevarligi, qo‘li ochiqligi, mehmondo‘stligini maqtab chakagi yopilmas edi. Bayramlarda onaginam dugonamga kichkina bo‘lsa ham sovg‘a hozirlab qo‘yardi, uning haqiga duolar qilardi. Vaqti kelib onam to‘shakka mixlanib qoldi, o‘shanda negadir dugonamni so‘radi. Balki sog‘ingandir, balki bir ko‘ngildosh izlagandir. Harholda uni so‘rab-so‘rab qo‘ydi. Bu vaqtda dugonam dunyo tashvishlari bilan yelib-yugurardi. Ta’ziyaga ham kelolmadi. Keyin bilsam, Toshkentga to‘yga ketgan ekan. Balki u xabarsizdir…”
Suhbatdoshimga taskin berdim. So‘ng hayotimizda tez-tez kuzatiladigan bu kabi holatlar haqida o‘yga toldim. Haqiqatan, ba’zida birovlarning so‘zi u yoqda tursin, xatti-harakatlari, qiliqlari ham ko‘ngilga beixtiyor ozor beradi. Samimiyat esa kishiga katta kuch, iroda baxsh etadi. Yaxshi so‘zda mehr, anchayin bir qudrat bor. Aytaylik, mahzun yuzli, bemorlikni boshdan kechirgan tanishingizni ko‘rdingiz. Kun sayin rangi tiniqib, salomatligi yaxshilanib borayotganini chin dildan aytdingiz – uning ko‘ngliga yaxshi tilaklar indirdingiz. Aslida, o‘zi bu qadar sog‘lom, kuch-g‘ayratga to‘la emasdir. Lekin siz uni umidsizlik iskanjasidan qutqarib olasiz. Arzimasday ko‘ringan mehr-oqibatingiz xayrli bo‘ladi, inshoalloh.
Atrofga razm solib, hayotni kuzating. Dabdabayu as’asalar ichra yurgan kimsalarga, turmush tashvishlari bilan andarmon odamlarga e’tibor bering. Oqibat va oqibatsizlikning turfa manzaralarini, ko‘ngil so‘ralmagan fursatlarning izlarini ilg‘aysiz. Juda kichkina bo‘lsa-da, vaqtida berilgan ko‘mak, chin yurakdan aytilgan oddiygina lutfu karam, tamasiz xayrixohlik ham daldaga muhtoj ko‘ngillarga mustahkam tayanch bo‘lishini his etasiz.
Ma’mura ABDURAHIMOVA
Tumandagi “Mulla Jumaboy” jome masjidida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishda qoziyot mas’ullari, bosh imom-xatiblar, hojilar va mahalla raislari jam bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan iyul oyining “Obodonlashtirish va mehr-saxovat oyligi” deb e’lon qilinishi munosabati bilan tumanda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, imom-xatiblar va masjid qavmi boshchiligida ko‘chalar, masjid atroflari tozalandi. Shuningdek, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning hovli-joylarida hashar yo‘li bilan obodonlashtirish ishlari olib borildi.
Ishchi guruh a’zolari To‘rtko‘l tumanidagi 10 ta masjid va 20 ta mahallaga biriktirilib, quyidagi xayrli amallar bajarildi:
Hojilarni jalb etgan holda mahallalardagi muammoli oilalar holidan xabar olindi;
Homiylar ko‘magida 120 ta ehtiyojmand xonadonga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi;
Ko‘makka muhtoj oilalarning farzandlariga yangi o‘quv yili uchun maktab formalari tarqatildi;
Imom-xatiblarning faoliyati o‘rganilib, masjid boshqaruvi va ma’rifiy ishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, hududda diniy-ma’rifiy muhitni sog‘lomlashtirish va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati