Qur’on va Tavrotda yoki Qur’on va Injilda kelgan bir xil mavzuni olib, ularni muqoyasa qilib ko‘rsak, maslakda (bayon qilish usulida) jiddiy ixtiloflar borligini ko‘ramiz. Masalan, Odam alayhissalom qissasini olaylik. Bu qissa Tavrotda ham kelgan. Qur’onda esa juda ko‘p joyda kelgan bo‘lib, eng uzun va keng bayon etilgani “Baqara” va “A’rof” suralaridadir. Lekin bu suralarda ham jannatni qayerdaligi, Odam va Havvoga yeyish man’ etilgan daraxtning nomi, qaysi hayvonning sababi bilan Shayton jannatga kirib olib, Odam va Havvoni xato qildirishga imkon topgani, Odam va Havvo jannatdan chiqarilgandan so‘ng qaysi yerga tushganlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot yo‘q. Tavrotga nazar solgan kishi esa Odam va Havvo yaratilgan jannat Adanning (Adan – Somali davlati, Qizil dengiz va Ammon dengizi oralig‘idagi yer) sharqida joylashgani, Alloh ularga yeyishni man’ etgan daraxt jannatning o‘rtasida bo‘lib, uning “hayot daraxti yoki yaxshilikni va yomonlikni bildiruvchgi daraxt” deb nomlanishi, Shaytonning jannatga kirishiga ilon yordam bergani, shuning uchun Alloh uni qorni bilan yuradigan va tuproq yalaydigan qilib jazolagani, Havvoni va uning zurriyotini esa qornida bola ko‘tarib, mashaqqat bilan tug‘ish jazosiga mahkum ekanini va boshqa shunga o‘xshash hodisalarni batafsil bilib oladi.
Shuningdek, Qur’oni karimda Iso alayhissalomning qissasi, uning mo‘jizalari haqida “Maryam”, “Oli Imron” va “Moida” suralarida mo‘jazgina xabarlar mavjud bo‘lsa ham, bu suralarda Iso alayhissalomning nasabi, qanday tug‘ilgani, qayerda tug‘ilgani, Maryamga tuhmat qilgan odamning nomi, Osmondan tushgan dasturxondagi taomning navi, Iso alayhissalom kasalni davolagan va o‘likni tiriltirgan vaqtdagi hodisalar haqida batafsil aytilmagan. Ammo bu ma’lumotlar Matto, Mark va Luka Injillarida mufassal bayon etilgan.
Musulmonlar o‘z kitoblarida berilgan ma’lumotlarning mo‘jaz ekanini, boshqa din ahllarining kitoblarida esa bu ma’lumotlar mufassal berilganini ko‘rib, o‘zlarining bilimlarini va mukammallashtirish maqsadida ulardan ba’zi rivoyatlarni iqtibos qilib olishlari mumkinmi yoki yo‘qmi? Qur’on tafsirlariga isroiliyotlar qachondan boshlab kirib kelgan? Isroiliyotlardan tafsirda foydalanishning chegarasi nima bilan belgilanadi? Ana shu savollarga javob berishga harakat qilamiz.
Ma’lumki, Qur’oni karim tafsiriga isroiliyotlarning kirib kelishi sahobalar davridan boshlangan edi. Buning birinchi sababi yuqorida aytib o‘tilganidek, Qur’onning juda ko‘p oyatlaridagi qissalarning Tavrot vqa Injilda keltirilgan qissalariga muvofaqati bo‘lsa, ikkinchi sababi Qur’onning mo‘jazligi, Tavrot va Injilning ayni xabarga mufassalligi edi. Uchunchi sababi esa sahobalar zamonida tafsir uchun asosiy masdarlardan biri ahli kitoblar edi. Mufassir sahoba Qur’oni karimdagi biror qissaga kelganda, bu qissani batafsilroq tushuntirishga mayl qilardi va islomni yangi qabul qilib, musulmonlar bilan birga yashayotgan yahudiy yoki nasroniydan eshitishga majbur bo‘lardi. Chunki sahobaning Qur’on oyatidagi qissalar haqidagi savoliga yahudiy yoki nasroniydan boshqa odam javob bera olmas edi.
Azizxo‘ja INOYATOV,
Buxoro tumanidagi “Chor Bakr” jome masjidi imom-xatibi
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati