Qadim zamonda bir podsho vazirlikka munosib nomzod qidira boshladi. Eng yaxshi nomzodni tanlash uchun bir sinov o‘ylab topdi. Saltanatidagi eng katta darvozani qal’aga keltirishlarini buyurdi. Bu ulkan temir eshikni ko‘rganlar hayratdan yoqa ushladi.
Saroy a’yonlari, turli amaldorlar, donishmandlar yig‘ilgan majlisda podsho shunday dedi:
– Katta darvozani ko‘rgan bo‘lsalaring kerak. Uni bekorga olib kelmadim. Uning eshigini ocha bilgan kishini vazir lavozimiga tayinlayman.
A’yonlar darvozaga yaqin ham bormadi. Shuncha odamning oldida sharmanda bo‘lishni o‘zlariga ep ko‘rmay, bu yog‘i nima bo‘lar ekan deb kuzata boshladi. Donoligi bilan nom qozongan ba’zi bir kishilar darvozani bir qur aylanib ko‘rdilar-u, ammo eshikni ochishga harakat qilmadilar. Ko‘pchilikning hafsalasi pir bo‘ldi: donishmandlar voz kechgan ishga urinishdan ne naf!
Biroq shu choq bir yasovul podshodan izn so‘radi. Ruxsat olgach, dadil borib dastani tortdi: eshik osongina ochildi. Darvoza hatto qulflanmagan ham ekan. Shunchaki o‘z holicha yopib qo‘yilgan ekan.
Yasovul o‘ziga ishonchi, dadilligi tufayli yuksak martabaga erishdi.
Hayotda aynan shunday vaziyat uchrashi amrimahol bo‘lsa-da, shunga o‘xshash holatlarga duch kelib turamiz. Tavakkalchilik, ikkilanmay olg‘a qadam tashlash bizga muvaffaqiyat keltirsa, jur’atsizligu qat’iyatsizlik afsus va attanglarga sabab bo‘ladi.
Orif TOLIB tayyorladi
Amerikaning nufuzli “National Geographic” jurnalining elektron va bosma shakllarida Buyuk Ipak yo‘lida O‘zbekistonning tutgan o‘rniga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Material muallifi Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva haqida hikoya qilib, ularni qadimiy Ipak yo‘lining eng muhim shaharlari va zamonaviy sayyohlik yo‘nalishlari sifatida talqin etgan.
Maqolada O‘zbekistondagi turizm rivoji, xorijlik sayyohlar sonining ortishi, yangi obyektlar qurilishi hamda shaharlar o‘rtasida tezyurar temiryo‘l qatnovining yo‘lga qo‘yilishiga alohida e’tibor qaratilgan.
Toshkentning Chorsu bozori Ipak yo‘li savdo an’analari bugungacha saqlanib qolgan maskan, Samarqand esa Registon maydoni va qadimiy Ulug‘bek rasadxonasi bilan ilm-fan hamda islom madaniyatining tarixiy markazi sifatida ta’riflanadi.
Nashrda Buxoro faol turistik o‘zgarishlar jarayonini boshdan kechirayotgan shahar sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, Xiva o‘tmish ruhiyati ayniqsa kuchli seziladigan joy deya ta’kidlangan.
Shuningdek, Ipak yo‘li me’morchiligi uslubida barpo etilayotgan yangi sayyohlik loyihalariga e’tibor qaratilib, tarixiy muhitni asrab qolish yuzasidan bo‘layotgan bahs-munozaralar ham tilga olingan.
Umuman olganda, materialda O‘zbekiston o‘z tarixiy merosini asragan holda zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirib, dunyoga qayta yuz ochayotgan mamlakat sifatida e’tirof etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati