Qadim zamonda bir podsho vazirlikka munosib nomzod qidira boshladi. Eng yaxshi nomzodni tanlash uchun bir sinov o‘ylab topdi. Saltanatidagi eng katta darvozani qal’aga keltirishlarini buyurdi. Bu ulkan temir eshikni ko‘rganlar hayratdan yoqa ushladi.
Saroy a’yonlari, turli amaldorlar, donishmandlar yig‘ilgan majlisda podsho shunday dedi:
– Katta darvozani ko‘rgan bo‘lsalaring kerak. Uni bekorga olib kelmadim. Uning eshigini ocha bilgan kishini vazir lavozimiga tayinlayman.
A’yonlar darvozaga yaqin ham bormadi. Shuncha odamning oldida sharmanda bo‘lishni o‘zlariga ep ko‘rmay, bu yog‘i nima bo‘lar ekan deb kuzata boshladi. Donoligi bilan nom qozongan ba’zi bir kishilar darvozani bir qur aylanib ko‘rdilar-u, ammo eshikni ochishga harakat qilmadilar. Ko‘pchilikning hafsalasi pir bo‘ldi: donishmandlar voz kechgan ishga urinishdan ne naf!
Biroq shu choq bir yasovul podshodan izn so‘radi. Ruxsat olgach, dadil borib dastani tortdi: eshik osongina ochildi. Darvoza hatto qulflanmagan ham ekan. Shunchaki o‘z holicha yopib qo‘yilgan ekan.
Yasovul o‘ziga ishonchi, dadilligi tufayli yuksak martabaga erishdi.
Hayotda aynan shunday vaziyat uchrashi amrimahol bo‘lsa-da, shunga o‘xshash holatlarga duch kelib turamiz. Tavakkalchilik, ikkilanmay olg‘a qadam tashlash bizga muvaffaqiyat keltirsa, jur’atsizligu qat’iyatsizlik afsus va attanglarga sabab bo‘ladi.
Orif TOLIB tayyorladi
1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Yaxshi so‘z sadaqadir", dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
2. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Har bir yaxshilik sadaqadir", dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Yo‘ldan aziyat yetkazovchi narsalarni olib tashlash sadaqadir", dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
4. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Birodaring yuziga tabassum bilan qarashing sadaqadir", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
5. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish (Amru ma’ruf va nahiy a’nil munkar) sadaqadir", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
6. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yo‘lidan adashganga yo‘l ko‘rsatish sadaqadir", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
7. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Chelagingdagi suvdan birodaringni chelagiga quyib berishing sadaqadir", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
8. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ko‘zi ojiz kishiga yordam berishing sadaqa", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
9. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ko‘ringanga salom berish sadaqadir", dedilar.
10. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Salomga alik olish sadaqadir", dedilar.
11. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim birodarining oldiga zimmasidagi haqni ado etish uchun yurib borsa, har bir qadamiga sadaqa yoziladi", dedilar.
12. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Alloh azza va jallani zikr qilish sadaqadir", dedilar.
Davron NURMUHAMMAD