Kino san’ati tarbiya vositalari ichida eng ta’sirchan sohalardan sanaladi. Ayniqsa, madaniyatlar to‘qnashuvi va mafkuralar o‘rtasidagi kurash avjiga chiqqan, yoshlarning qalbi va ongini egallash uchun turli kuchlar o‘rtasida raqobat keskin tus olgan pallada eng ommaviy san’at bo‘lgan kino beqiyos targ‘ibot vositalaridan biriga aylandi. Shu boisdan bu san’at har doim davlatimiz e’tiborida bo‘lib kelmoqda. “O‘zbekkino” milliy agentligi va uning tizimidagi ijodiy tashkilotlarning samarali faoliyat yuritishi borasida farmonlar, qarorlar qabul qilinadi, har yili soha rivoji uchun davlat budjetdan juda katta miqdorda mablag‘ ajratiladi. Xususan, Prezidentimizning 2017 yil 7 avgustdagi “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda kino san’ati va kinoindustriyasini izchil taraqqiy ettirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida muhim huquqiy hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.
Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida milliy kino san’ati va kinoindustriyamizni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va bu borada mavjud muammolarni hal etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda hududlarda kinoteatrlar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq ishlar ham atroflicha muhokama qilindi. 1996 yilga qadar mamlakatimizda mavjud bo‘lgan 342 ta qishki va yozgi kinoteatrlarning 323 tasi o‘tgan yillar mobaynida xususiylashtirilib yuborilgani, ularning asosiy qismi savdo majmuasi, to‘yxona, bozorga aylanib ketgani, bugungi kunda mulkchilik shakli turlicha bo‘lgan 176 ta kinoteatrdan 8 tasi avariya holatida ekani, 65 tasi jiddiy ta’mirtalab bo‘lib, qolganlarining deyarli yarmi faoliyat ko‘rsatmayotgani aytildi.
Darhaqiqat, kinoteatrlar xususiylashtirilib yuborilmasdan faoliyatini zamon talablariga moslashtirib borganida bugungi kunga kelib tom ma’noda ma’rifat va ma’naviyat markaziga aylangan bo‘lar edi. Zotan, u yerda faqat badiiy filmlar namoyish etilmaydi. Ma’rifiy anjumanlar, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bo‘lgan hujjatli filmlar, sahna asarlari ham namoyish etiladi. O‘sha, xususiylashtirib yuborilgan kinoteatrlar o‘rnida uning o‘rnini bosadigan hech nima qurilmadi. Natijada hozirda ko‘plab qishloq va tumanlarda katta yig‘inlar o‘tkaziladigan binolar yo‘q. Borlari ham kinoteatrlarda bo‘lgan sharoitga ega emas.
Davlatimiz rahbari Yoshlarimizni istiqlol g‘oyasi ruhida tarbiyalashga ko‘maklashadigan, boy tariximiz, buyuk ajdodlarimizning betimsol jasorati, zamondoshlarimizning fidokorona mehnatini aks ettiradigan, ularni yorqin obrazlarda tasvirlagan filmlar ko‘rish haqidagi orzularini amalga oshirish yo‘lida barcha kuch va imkoniyatlarini ishga solishlari lozimligini ta’kidladi.
Shuni ham tan olish kerakki, kinoindustriyasi har doim OAV nigohida tanqid qilishga o‘ng‘ay soha bo‘lib kelgan. Xususan, “O‘zbekkino” milliy agentligida ishlangan badiiy filmlar bilan xususiy kinostudiyalarda ishlangan filmlarni farqlamaydigan qalamkashlar ikkalasini aralashtirib urib ketaveradi va tanqidiy fikrlariga “O‘zbekkino”ni mo‘ljal qilib oladi.
Lekin, insof bilan aytganda, mamlakatimiz kinoindustriyasi faoliyati kamchiliklardan ham xoli emas. Ana shunday xato va kamchiliklarni ko‘rsatib bergan davlatimiz rahbari soha mutaxassislariga murojaat qilar ekan, “Nega Imom Buxoriy haqida film yo‘q? Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Imom Nasafiy haqida nega film ishlanmayapti? Biz Islom sivilizatsiya markazini quryapmiz. Islomni tarannum etish juda katta tarbiya vositasi. Filmlar ishlansa, uni masjidlarda ham ko‘rsatsa bo‘ladi. Biz shu orqali Buxoriy, Termiziy, Moturidiy va Nasafiy bobolarimizning qilgan ishlarini odamlarga yetkazamiz. Birinchidan, ongimiz o‘zgaradi. Ikkinchidan, biz o‘z ustimizda ishlash orqali atrofimizda muhit yaratamiz va odamlarni yomon illatlardan saqlab, ijodga yo‘naltiramiz. Eng asosiysi, biz o‘zligimizni anglamas ekanmiz, aytilgan gaplarni me’yoriga yetkaza olmaymiz”, dedi.
Binobarin, koreyslarning “Saroy javohiri” degan tabib ayol haqidagi serialini rosa maza qilib tomosha qildik. Chunki serial katta mahorat bilan ishlangan. Hatto uni ko‘rib ba’zilar tabiblik ham qilayotganini eshitdik. Ma’lum bo‘lishicha, tarixda Tangem degan tabib ayol bo‘lmagan ekan, u umumlashma obraz ekan. 2013 yil olmonlar “Lekar: Uchenik Avitsenni” degan film ishladi. Filmni shu qadar katta mahorat bilan ishlaganki, hech qachon hayotda bo‘lmagan, Ibn Sinoni ko‘rmagan odamni Ibn Sinoga shogird tushib tabobat ilmida undan ham ilgarilab ketganiga tomoshabinni ishontirib qo‘ygan. Bizda rostakam tabibning o‘zi bor. Ammo u haqida ishlangan kino yo‘q.
Hollivudda ishlangan “Sheryurak”, “Gladiator”, “Vatanparvar” va shu kabi mashhur kinolarning bosh qahramonlari prototiplari bizning vatanimizda haqiqatan yashab o‘tgan Tomir ona, Shiroq, Spitamen, Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur, Bobur Mirzo, Namoz Bahodir, Do‘kchi Eshon, General Jo‘rabeklarning tizzasidan ham kelmaydi. Ammo bizning kinoijodkorlar ular haqida olgan filmlar Hollivudda ishlangan filmlarning to‘pig‘iga ham yetmaydi.
Prezidentimiz tilga olgan Buxoriy, Termiziy, Moturidiy, Nasafiy... kabi mo‘tabar zotlarning siymosini kinoda jonlantirish esa yanada katta mas’uliyat, professionalizmni talab qiladi.
Shuning uchun ham davlat ajratadigan ijodiy grantlar uchun o‘tkaziladigan tanlovlarda xususiy studiyalarning ishtiroki o‘ziga xos sog‘lom ijodiy raqobatni yuzaga keltiradi, dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida barcha sohalar qatori milliy kinoindustriyamizni ham innovatsion yondashuvlar asosida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi.
Biz buyuk xalqimizni ulug‘lamoqchi, O‘zbekiston nomini butun dunyoga tarannum etmoqchi ekanmiz, bu ishni birinchi navbatda kino san’ati yordamida amalga oshirishimiz kerak. Aynan kino san’ati orqali jahon ekranlarini zabt etishimiz mumkin. Buning uchun yana bir bor kuch va imkoniyatlar, ijodiy salohiyatni ishga solishimiz kerak, dedi pirovardida davlatimiz rahbari.
Haqiqatan, turk kinoijodkorlari ishlagan Aziz Mahmud Xudoyi va boshqa ulug‘lar haqidagi kinolarni tomosha qilgan odam juda qattiq ta’sirlanadi. Ko‘p vaqtlar o‘sha film ta’sirida yuradi, o‘sha azizlarning ziyoratlariga borgisi keladi, imkonini topganlar boradi ham. Bu haqda kechagi “Sarhisob” tanlovi yig‘ilishida muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ham to‘xtalib o‘tdilar. Biz ham ana shunday ta’sirchan kinolar ishlasak – ham o‘tgan ajdodlarimizning ruhini shod etamiz, ham xalqimizning, yoshlarimizning tarbiyasini yuksaltiramiz hamda Vatanimizga ziyorat turizmiga keluvchilarning soni ko‘payishiga hissa qo‘shamiz.
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov