“Tafsiru ma’sur” deganda, biror oyatning ma’nosini boshqa oyat yoki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari bilan, sahobiy yoki tobeindan naql qilingan so‘z bilan bayon etish tushuniladi. Bu yerda tobein so‘zini – agar ulamolar o‘rtasida tobeinning fikri ra’y deyilishi yoki ma’sur deyilishi ixtilofli bo‘lsa ham qo‘shib qo‘yildi. Chunki Ibn Jarir singari ba’zi mufassirlar tafsiri ma’surda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan va sahobalardan qilingan rivoyatlar bilan kifoyalanmasdan, balki tobeinlardan qilingan rivoyatlarni ham keltirganlar.
Tafsiri ma’surning vujudga kelish davri ikki bosqichdan iborat: birinchisi, rivoyat davri bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z sahobalariga Qur’oni karimning ba’zi oyatlari ma’nosidagi maxfiylikni ochib berganlar. Uni sahobai kiromlar zehnlarida saqlab, og‘izma-og‘iz bir-birlariga, keyinchalik tobeinlarga yetkazganlar.
O‘z navbatida, Qur’oni karimning ba’zi oyatlari ma’nosini sahobalar ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitganlariga qo‘shimcha ehtiyojga muvofiq ijtihod qilib tafsir qilganlar.
Tobeinlar ham o‘z davrida oyatlardagi ba’zi maxfiylikni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan va sahobalardan qilingan rivoyatlar ustiga o‘zlari ham ijtihod va ra’y bilan xalqqa tushuntirganlar.
Tafsirdagi shunday o‘zgarish va kengayish tabaa’ tobeinlarning (tobeinlardan keyingi avlod) davrida ham davom etdi.
Ikkinchisi tadvin davridir. Bu davrda birinchi bo‘lib tafsiri ma’sur (rivoyatlar asosida tafsir) yozildi. Lekin bu davrda yozilgan tafsir alohida kitob bo‘lmasdan, balki rivoyat qilingan hadislar kitobining bir bobi sifatida yozilgan edi. Qur’on tafsirini bir bob sifatida bo‘lsa ham birinchi yozgan kishi Madina imomi Al-imom Molik ibn Anas Al-Asbahiy edi.
Keyinchalik hadisdan tafsir ajratildi va alohida kitob sifatida yozildi. Qur’oni karim tafsirini alohida kitob shaklida birinchi bo‘lib yozgan kishi Ali ibn Abu Talha bo‘lib, uni Ibn Abbos roziyallohu anhudan qilingan rivoyat asosida yozdi.
Keyin Qur’onning bir juz’iga tafsir yozildi, uning muallifi Abu Ravq, undan keyin esa uch juz’iga Ibn Jurayjdan qilingan rivoyat asosida Muhammad ibn Savr tafsir yozdi.
Ibn Jarirning yozgan tafsiri esa tafsiri ma’surning eng mukammali bo‘ldi. Vaqt o‘tishi bilan tafsiri ma’surda ham isnodsiz rivoyatlar qilish boshlanib ketdi va sahih rivoyat bilan nosahihni ajratib bo‘lmay qoldi, hatto bu narsa yolg‘on rivoyatlarning ko‘payishiga ham sabab bo‘ldi.
Yuqorida aytilganlardan ma’lumki, tafsiri ma’sur Qur’oni karim oyatini Qur’on oyati, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnati, sahoba yoki tobeinlarning rivoyati bilan tafsir qilishdan iboratdir. Shunday ekan, Qur’onni Qur’on bilan yoki hadis bilan qilingan tafsir shubhasiz qabul qilinadi.
Agar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilgan rivoyatlarning isnodi yoki matni zaif bo‘lsa, uni qabul qilinmaydi, ya’ni marduddir.
Ammo sahobalar va tobeinlardan rivoyat qilingan hadislar bilan tafsir qilinga bo‘lsa, ularga xalal aralashgan bo‘ladi va zaif sanaladi. Chunki tafsir kitoblarida sahobiylar nomidan rivoyat qilingan ko‘plab hadislar borki, ular sahih emasdir. Ayniqsa Ibn Abbos roziyallohu va hazrat Ali roziyallohu anhu nomlaridan juda ko‘p yolg‘on hadislar rivoyat qilingan. Shuning uchun Imom Shofeiy rohimahulloh: “Ibn Abbosdan tafsir haqida yuztacha hadis rivoyat qilingan, xolos” deganlar. Demak, Ibn Abbos roziyallohu nomlariga nisbat berilib, juda ko‘p hadislar to‘qilgan. Tafsiri ma’surning zaif sanalishiga uchta sabab bor:
Tafsirda mavzu’ gaplarning paydo bo‘lishi, ularning hadisda paydo bo‘lishi bilan bir vaqtda boshlandi. Chunki tafsir bilan hadis bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lib, ular bir-biridan mustaqil bo‘lishi mumkin emas. Shuningdek, hadisda sahih, hasan, zaif, roviylari orasida ishonchli, shubhali, yolg‘onchilari bo‘lganidek, tafsirda ham va mufassirlar orasida ham shundaylari bor.
Mavzu’ hadis va tafsirlarning paydo bo‘lishi hijratning qirq birinchi yilidan boshlandi. Bu davrga kelib musulmonlar siyosiy jihatdan bir necha firqaga bo‘linib ketgan edilar. Buning ustiga qalbi kufr bilan to‘la, ammo zohirda o‘zini musulmon va dinparvar qilib ko‘rsatuvchi kimsalar paydo bo‘lib, bunday tafriqa zamoni ularning g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishga, dinda buzg‘unchilikni ko‘paytirishga, din ahllarini yo‘ldan ozdirishga qulay imkoniyat yaratib berdi. Natijada ko‘plab botil rivoyatlar to‘qildi, bu rivoyatlarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va sahoba roziyallohu anhumlarga nisbat berildi. Masalan: shialar o‘z mazhablarining afzal ekanini tushuntirish va hazrat Aliga nisbatan kishilar qalbida muhabbat paydo qilish, xavorijlar esa “ahli sunna val-jamoa”ni ayblash maqsadida Qur’ondan biror oyatni dalil keltirishga zo‘r berib urinar, buning uchun esa rivoyatlar to‘qib, bu rivoyatlarning nisbatini ishonchli bo‘lsin uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga yoki biror sahobiyga bog‘lab aytar, maqsadi esa bid’at va xurofot tarqatishdan boshqa narsa emas edi. Ayniqsa, mavzu’ rivoyatlarning juda ko‘pi hazrat Ali roziyallohu anhuga va Ibn Abbos roziyallohu anhuga nisbat berilgan edi. Bu ikki ulug‘ sahoba Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ahli baytlaridan bo‘lgani uchun musulmonlar hech shubha qilmasdan ishonardilar. Ammo e’tibor berib qaralsa, Ali rozihyallohu anhuga faqat shialar, Ibn Abbos roziyallohu anhuga faqat abbosiylar shunday nisbat berganlar.
Azizxo‘ja INOYATOV,
Buxoro tumanidagi “Chahor Bakr” jome masjidi imom-xatibi
Islom tarixidagi eng ulug‘, ma’naviy jihatdan eng ibratli kunlardan biri Ashuro kunnidir. Har yili muharram oyining o‘ninchi kuni nishonlanadigan bu sana nafaqat ro‘za tutish fazilati bilan, balki Alloh taoloning bandalariga ko‘rsatgan marhamati, Muso alayhissalom va uning qavmini najot etganligi bilan ham ahamiyatlidir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu kunga alohida e’tibor berganlar va ummatlarini ham uning fazilatlaridan bahramand bo‘lishga chorlaganlar. Ashuro kuni musulmonlar uchun ma’naviy poklanish, gunohlarga kafforat va sunnatni hayotga tatbiq etish imkonidir.
Bu kun musulmonlar uchun ro‘za tutish tavsiya etilgan kunlardan biri bo‘lib, ulamolarning ko‘pchiligi bu kunni ro‘za bilan o‘tkazishni mustahab deb hisoblaydi. Ashuro kuni ro‘za tutish sunnat amallardan biri bo‘lib, uning fazilati juda katta. Tasu’o (to‘qqizinchi) va Ashuro (o‘ninchi) kunlarida ro‘za tutish payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnatlardandir. Bu Allohning kunlaridan biri bo‘lib, U Zot o‘z bandalariga marhamat ko‘rsatgan, ya’ni U zot Kalimulloh Muso alayhissalom va Uning qavmi Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinining zulmidan najot etgan kundir.
Ashuro kunini ro‘za bilan o‘tkazishning asosiy sababi bu kunda Alloh taolo Muso alayhissalom va Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinidan najot etganidir. Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini juda ahamiyatli deb bilar edilar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biror kunni boshqalardan afzal deb ro‘za tutishga uringanlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun — Ashuro kuni va ushbu oy — Ramazon oyidan tashqari” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni Ashuro kuni ro‘za tutishga rag‘batlantirar va: “Ashuro kuni ro‘zasi o‘tgan bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”, der edilar (Imom Muslim rivoyati).
Musulmonlar bu sunnatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng amaliyotga tadbiq eta boshladilar. U kishi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rdilar va buning sababini so‘raganlarida, ular: “Bu yaxshi kun bo‘lib, Alloh ushbu kunda Bani Isroilni dushmanlaridan najot etgan, shuning uchun Muso alayhissalom ushbu kunni ro‘za bilan o‘tkazgan”, deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Men Musoga sizlardan ko‘ra yaqinroqman”, deb, o‘sha kuni ro‘za tutdilar va boshqalarga ham ro‘za tutishni buyurdilar.
Shu kundan boshlab bu amal sunnat sifatida amalga oshirila boshlandi va musulmonlar uchun o‘tgan yilning gunohlaridan poklanish, katta savob va fazilatga erishish imkoni sifatida qaraladi.
Ashuro kuni bu barcha musulmonlar uchun muhim sana hisoblanadi. Ko‘plab insonlar bu kunda ro‘za tutishga va ibodat qilishga intiladi.
Ko‘pchilik Ashuro kunini yagona holda ro‘za tutish mumkin emas, deb hisoblaydi. Ammo Azhar muassasasi o‘z fatvolaridan birida bu fikrni rad etgan. Unda ta’kidlanganidek, juma yoki shanba kuni Ashuro kuniga to‘g‘ri kelsa ham, uni alohida holda ro‘za tutish man qilingan emas.
Azhar ulamolarining ta’kidlashlaricha, imom Tahoviy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasiga izn berganlar va unga targ‘ib qilganlar. Lekin bu kun shanbaga to‘g‘ri kelsa, tutmanglar, demaganlar. Buning o‘ziyoq, Ashuro har qanday kunga to‘g‘ri kelsa ham ro‘za tutish mumkinligini ko‘rsatadi”.
Shuningdek, agar Ashuro yoki Arafa kuni juma yoki shanba kuniga to‘g‘ri kelsa yoki insonning odatdagi ro‘zali kuni bo‘lsa, bu holda ro‘za tutishda hech qanday mone’lik yo‘q.
Dorul-Ifto (Misr Fatvo hay’atining 2023 yil 26 iyuldagi 7756 raqamli Professor Doktor Shavqiy Ibrohim Allom fatvosida) ham Ashuro kunini ya’ni muharramning 10-kunini yagona holda ro‘za tutish joizligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, ixtilofdan qochish maqsadida, u bilan birga bir kun avval 9-kun yoki bir kun keyin 11-kun ro‘za tutish tavsiya etildi.
Misr Dorul-Ifto muassasasi ta’kidlashicha, muharramning 9-kunini ro‘za tutish qat’iy sunnatdir. Bu borada Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda keladi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘za tutganlarida, Payg‘ambarimizga yahudiy va nasroniylar bu kunni ulug‘lashlarini aytishgan. Shunda u zot: “Kelgusi yili, agar Alloh xohlasa, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutaman”, deganlar. Ibn Abbos aytadilar: kelgusi yil kelmasdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar. Bu hadisni Imom Muslim o‘z “Sahihlarida” keltirganlar.
Sunnatda Ashuro kuni ro‘zasi tutishning fazilati haqida bir qator rivoyatlar keltirilgan. Unga ko‘ra, muharram oyida ro‘za tutish tavsiya etilgan amallardan sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
“Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharram oyida tutiladigan ro‘zadir. Farz namozlardan keyingi eng afzal namoz kechasi o‘qiladigan (tahajjud) namozdir”.
Ashuro kunining fazilati shundaki, bu kun tutiladigan ro‘za o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi:
— Arafa kuni ro‘zasi haqida nima deysiz?
U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan va kelgusi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, dedilar.
— Ashuro kuni ro‘zasi haqida nima deysiz? deb so‘radilar.
U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, deb javob berdilar.
Shuningdek, Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biron kunni boshqalardan ko‘ra afzal deb ro‘za tutishga shunchalik intiqlik bilan intiqlik qilganlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun Ashuro kuni va ushbu oy Ramazon oyi bundan mustasno”.
Ulamolarimiz Ashuro kunida ahli oilaga ko‘proq sarf qilish, ya’ni ularni quvonchli qilish, rizqda kenglik qilishning tavsiya etilgan amallardan ekanini ta’kidlaydilar. Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislariga asoslanadi:
“Kimki Ashuro kunida o‘z ahliga (oila a’zolariga) kenglik qilsa, Alloh taolo unga butun yili kenglik beradi”.
Xulosa o‘rnida shuni eslash joizki, Ashuro kuni bu bir kunlik ro‘za orqali butun bir yillik gunohlardan poklanish umidi berilgan, Allohning maxsus marhamati to‘kilgan muqaddas kundir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biri bo‘lgan ushbu ro‘zani tutmoq, uni 9-kuni yoki 11-kun bilan birga ado etmoq musulmon kishi uchun katta ajru savob manbaidir.
Shuningdek, bu kunda ahli oilaga shodlik ulashish, rizqda kenglik qilish ham sunnatga uyg‘un amallardan hisoblanadi. Demak, Ashuro kuni ibodat, muhabbat va ma’naviy yangilanish kunidir. Undan oqilona foydalangan kishi na dunyoda, na oxiratda ziyon ko‘rmaydi.
Dilshod Aliyev,
"Boloi Hovuz" masjidi imomi.