frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ko‘zi ojiz,  qalb  “ko‘z”i ochiq qori

28.12.2017   11307   4 min.
Ko‘zi ojiz,  qalb  “ko‘z”i ochiq qori

Qur’oni karim qiroati haqida so‘z borganda , Qur’on ilmida nomi chiqqan yetuk olimlar yodga keladi.  Ularning mashhurlaridan biri– qorilar sayyidi,  shayx, imom Abu Muhammad ibn Farruh Shotibiydir.

Imom Shotibiy Qur’oni karim qiroati va tajvidi, qur’oniy ilmlar sohasida shuhrat topgan olimdir.  Shuningdek,  u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarining ham bilimdoni sanaladi. Agar uning oldida Imom Buxoriy va Imom Muslim  “Sahih” to‘plamlari yoki Imom Molikning “Muvatto” asaridan hadis o‘qilsa,  kitobga qaramay,  o‘qilgandagi xatolarni yoddan aytar va yo‘l-yo‘lakay kotiblar yo‘l qo‘ygan juz’iy kamchiliklarini ham to‘g‘rilab qo‘yardi.  Imom Shotibiy arab tili grammatikasi bo‘yicha ham taniqli ulamolardan edi.

Shotibiy juda zakovatli bo‘lgan, diniy ilmlardan tashqari, she’riyat sohasida ham yaxshigina iqtidori bo‘lgan.  Ibodatlarni kichik ko‘ngil va tavoze’ bilan ado qilgan , qalbi doimo Allohning zikri bilan uyg‘oq bo‘lgan. Manbalarda uning ko‘zlari ojizligiga qaramay, qalb ko‘zlari ochiq, zohid va karomatli valiy bo‘lgani zikr etiladi2.

Majlislarda Shotibiy ilm va dinga manfaati bo‘lmagan behuda so‘zlardan tiyilardi. Qur’on qiroatiga kirishmoqchi bo‘lsa, sunnatga muvofiq holda tahoratli bo‘lar, pokiza kiyimlarini kiyar edi.

Abu Amr ibn Saloh  “Tabaqot ash-Shofi’iya” asarida yozishicha, Abu Muhammad Shotibiy o‘z vatanida, Abdulloh Abul Os Nafariy huzurida Qur’oni karimni to‘la yod olgan va undan yetti qiroatni o‘rgangan. Qadimiy Andalusiyaning Valensiya shahriga ko‘chib o‘tgach, ikkinchi ustozi Abulhasan ibn Huzayldan qiroat ilmiga oid “Taysir” kitobi bo‘yicha ta’lim olgan. Yana Shotibiyning Abul Hasan ibn Na’ma, Abu Abdulloh ibn Saoda, Abu Muhammad ibn Omir, Abu Abdulloh ibn Abdurrahim, Alim ibn Abdulaziz kabi davrining yetuk qiroat ustozlaridan ham ta’lim olgani aytiladi. Haj qilish uchun Makkaga borganida esa, Abu Tohir Silfiydan ham ilm o‘rgangan3. Keyin Shotibiy Abu Abdulloh Muhammad ibn Hamidga shogird bo‘lib, mashhur tilshunos Sibavayhning “Komil” va Ibn Qutaybaning “Adab ul-kotib” kitobini o‘qigan. Shundan keyin Iskandariyada Abu Tohir Salafiy va boshqalar suhbatida bo‘lgan. Bundan tashqari, Shotibiyning yana o‘ndan ortiq ustozi bo‘lgani ma’lum4.

Voziy al-Fozil Shotibiyni Misrdagi madrasada talabalarga Qur’on, hadis, nahv va sarfdan dars berishga taklif qiladi va unga barcha qulay sharoitlarni yaratib beradi. U umri oxirigacha ana shu «Foziliya» madrasasida talabalarga qiroatdan dars berdi. U vataniga qaytib kelmadi, chunki u yerning olimlari nomi olamga mashhur Shotibiyga hasad qilib, u haqda turli fitnalar uyushtirishlari xavotiri bor edi. Olim faqirlikda kun kechirganiga qaramay, qanoatni qo‘ldan bermadi5.

Shotibiyni dunyoga uning ilmiy merosi tanitdi. U asarlarini arab tilida, asosan, nazmda bitdi. Ularning o‘qilishi va yod olinishi oson bo‘lgani bois, asrlar davomida madrasalarda asosiy darslik bo‘lib xizmat qildi. Jumladan, bir necha asr Buxoro madrasalarida uning «Hirz al-amoniy va vajh at-tahoniy» asari o‘qitib kelingan. Asar 1173 baytdan iborat manzuma bo‘lib, radifi «lom» harfi bilan tugaydi. Rivoyat qilinishicha, olim mazkur asarini yozib bo‘lganidan so‘ng Ka’bani o‘n ikki ming marta tavof etgan va har aylanishda: “Yo Alloh, asarimni xalqqa foydali et” deya duo qilgan ekan. Manbalarda uning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni tushida ko‘rgani ham naql qilinadi. U Rasulullohga mazkur kitobini ko‘rsatibdi. U zot kitobni qo‘llariga olib, «Yaxshi kitob bo‘libdi, kim uni o‘qisa, jannatga kirsin», deb duo qilibdilar6. Bundan tashqari, Shotibiyning qiroat ilmiga bag‘ishlangan o‘nga yaqin asari mavjud va ular hozirgacha qayta-qayta nashr qilinmoqda.

Ibn Hallikon bunday deydi: “Shotibiy behuda, befoyda va ortiqcha gapirmasdi, faqat zarurat yuzasidan so‘ralgan narsaga javob berardi. U kishi bemor bo‘lib qolsa, kasalligi haqida hech kimga shikoyat qilmas va sezdirmasdi. Agarda u kishining sog‘ligidan so‘ralsa, u: «Allohga shukr, sog‘ligim yaxshi», deb qo‘yardi.

Shotibiy 590 hijriy yilning 28-jumadul oxir oyida (1194 yil 20 iyun) Misrda vafot qildi7. Shotibiyning qabri Qohiraning Vafora qishlog‘ida, uning maqbarasi mashhur ziyoratgohga aylangan. Taniqli qiroat olimi Jazariy u haqda bunday deydi: “Men Shotibiyning qabrini bir necha marta o‘z shogirdlarim bilan ziyorat qildim. U kishi qabri oldida turib, shogirdlarim bilan qilgan duoyim ijobat bo‘ldi»8.

 

O‘MI Matbuot xizmati

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   36183   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari