Tabobatda oshqovoq “mitti dorixona” deyilsa, urug‘i shu dorixonaning yuragi hisoblanadi. Unda inson organizmi uchun zarur deyarli barcha moddalar mavjud. Ayniqsa, boshqa meva va sabzavotlarda kam uchraydigan rux moddasi oshqovoq urug‘i tarkibida ko‘p. Bu modda tanada yetishmasa, yangi hujayralar, jumladan, quvvat hujayralari shakllanmaydi, shikastlanganlari qayta tiklanmaydi, odam tez qariydi. Ayniqsa, bolalar va o‘smirlarda aqliy va jismoniy rivojlanish sustlashadi, bepushtlik yuz berishi mumkin. Mutaxassislar fikricha, tanasida rux miqdori yetarli kishilar ichkilikka berilishdan ancha himoyalangan bo‘larkan.
Qovoq urug‘i yosh bolalar ichagida urchiydigan tasmasimon va dumaloq gijjalar, askarida va ostritsalarga qarshi eng foydali vosita hisoblanadi. Oldinlari urug‘ chaqilib, shundoq yeyilgan. Keyinchalik urug‘ kukun, qaynatma va yog‘ holida ham iste’mol qilinadigan bo‘ldi.
Tozalangan va quritilgan, lekin qovurilmagan 150–300 gramm qovoq urug‘ining mag‘zi hovonchada tuyiladi. Bunda mag‘izni qoplab turgan kulrang-ko‘kimtir parda saqlanishi kerak. Chunki gijjalarni yo‘qotuvchi kukurbitin va tanaga quvvat bo‘luvchi ruh asosan shu parda tarkibida bo‘ladi. Suv qo‘shib, bo‘tqa qilinadi. Unga ozroq asal yoki qiyom ham qo‘shish mumkin. Ertalab och qoringa bir choyqoshiqdan ichiladi. Uch soat o‘tgach, ich suruvchi dori beriladi. Keyin huqna qilinadi.
Urug‘dan qaynatma tayyorlashda 120-150 gramm mag‘zi yanchilib, ustiga ikki barobar miqdorda suv quyiladi. Qaynar holatga yetkazmasdan, ikki soat tutib turiladi. To‘ppasi siqib olingan suvli malham bir choyqoshiqdan ichiladi. Qovoq yog‘i yuqumli kasalliklarga chidamlilikni oshiradi, o‘pka va nafas yo‘li yallig‘lanishining oldini oladi, ichki a’zolarni tozalaydi, buyrak, quvuq va jigar ishini yaxshilaydi. Sariq, jigar qurushi, oshqozon-ichak, teri kasalliklari va chillayarani (ekzema) davolashda ishlatiladi. Teri qurishining oldini oladi, ko‘z kasalliklari, masalan, uzoqni ko‘ra olmaslik nuqsonida tavsiya etiladi. Erkaklarda uchraydigan prostatitni va prostata bezi adenomasini davolashda muhim vosita hisoblanadi.
Kasalliklarni davolashda qovoq yog‘ini ovqatlanishdan yarim soat oldin yoki ikki soat keyin bir choyqoshiqdan uch mahal ichish kerak. O‘ttiz-qirq besh kun ichilgach, ikki oy tanaffus qilinadi. So‘ng shu yo‘sinda yana qayta ichish tavsiya etiladi. Qovoqning quritilgan va yanchib maydalangan bandi qaynatmasi ikki choyqoshiqdan kuniga uch martadan ichilsa, siydik haydab, badan shishini ketkizadi.
Qovoq guli qaynatmasi esa qand kasalida bo‘g‘imlarda hosil bo‘ladigan hamda asab bilan bog‘liq (trofik) yaralarni bitiruvchi xususiyatga ega. Bunda qaynatma latta yoki paxtaga shimdirilib, yara ustiga qo‘yiladi. Soyada quritilgan gul kukuni jarohatga sepilsa, foyda qiladi. Malhamni tez tayyorlash maqsadida qovoq gulini so‘litib, duxovkada quritib olish ham mumkin.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasida "Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish" mavzusidagi davra suhbati o‘tkazildi. Unda Toshkent shahar Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish markazi mutaxassisi Asomiddin Ibragimov bugungi kundagi yuqumli kasalliklarning xavfi, ulardan himoyalanish usullari haqida ma’ruza qilib berdi.
Islom dini ta’limotlarida ham inson salomatligiga sabab bo‘luvchi narsalarga buyurilgan. O‘z navbatida, salomatlikka zarar yetkazuvchi narsalardan saqlanish targ‘ib qilingan.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Allohdan yaqiynni va mustahkam sog‘likni so‘ranglar. Zero, odamlarga yaqiyn va mustahkam sog‘likdan ko‘ra yaxshi narsa berilmagan», deganlarini eshitdim” (Imom Termiziy rivoyati).
Yana bir hadisi sharifga ko‘ra esa, avval tuyani bog‘lab, ya’ni sababni yuzaga chiqarib, so‘ngra Allohga tavakkal qilishga chaqirilganmiz. Shunga binoan salomatligimiz borasida qayg‘urib, uning ehtiyotini qilish mandub amallar sirasidan.
– Ayni paytda yurtimizda 27 turdagi yuqumli kasallik nomi ma’lum bo‘lib, ularning aksariga qarshi davo choralari bor, – dedi shifokor A.Ibragimov. – Hozircha butkul tuzatish imkoni bo‘lmagan ayrim kasallik turlarining viruslarini kamaytirish va muzlatib qo‘yish amaliyoti qo‘llanadi. Davlatimiz tomonidan keyingi paytlarda gepatit S va boshqa shu turdagi kasalliklarga qarshi bepul dori vositalari ham tarqatilmoqda. Lekin eng yaxshisi, kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olishdir. Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish shuning uchun ham juda muhim sanaladi. Zero, Yaratganning bizga beradigan har qanday in’omi salomatlik ne’mati bilan birga tatiydi.
Qiziqarli o‘tgan davra suhbatida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati