Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Sentabr, 2025   |   6 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:58
Quyosh
06:17
Peshin
12:19
Asr
16:24
Shom
18:14
Xufton
19:26
Bismillah
28 Sentabr, 2025, 6 Rabi`us soni, 1447

“Mitti dorixona”ning xosiyatlari

27.12.2017   18177   2 min.
“Mitti dorixona”ning xosiyatlari

Tabobatda oshqovoq “mitti dorixona” deyilsa, urug‘i shu dorixonaning yuragi hisoblanadi. Unda inson organizmi uchun zarur deyarli barcha moddalar mavjud.  Ayniqsa, boshqa meva va sabzavotlarda kam uchraydigan rux moddasi oshqovoq urug‘i tarkibida ko‘p. Bu modda tanada yetishmasa, yangi hujayralar, jumladan, quvvat hujayralari shakllanmaydi, shikastlanganlari qayta tiklanmaydi, odam tez qariydi. Ayniqsa, bolalar va o‘smirlarda aqliy va jismoniy rivojlanish sustlashadi, bepushtlik yuz berishi mumkin. Mutaxassislar fikricha, tanasida rux miqdori yetarli kishilar ichkilikka berilishdan ancha himoyalangan bo‘larkan.

Qovoq urug‘i yosh bolalar ichagida urchiydigan tasmasimon va dumaloq gijjalar, askarida va ostritsalarga qarshi eng foydali vosita hisoblanadi. Oldinlari urug‘ chaqilib, shundoq yeyilgan. Keyinchalik urug‘ kukun, qaynatma va yog‘ holida ham iste’mol qilinadigan bo‘ldi.

Tozalangan va quritilgan, lekin qovurilmagan 150–300 gramm qovoq urug‘ining mag‘zi hovonchada tuyiladi. Bunda mag‘izni qoplab turgan kulrang-ko‘kimtir parda saqlanishi kerak. Chunki gijjalarni yo‘qotuvchi kukurbitin va tanaga quvvat bo‘luvchi ruh asosan shu parda tarkibida bo‘ladi. Suv qo‘shib, bo‘tqa qilinadi. Unga ozroq asal yoki qiyom ham qo‘shish mumkin. Ertalab och qoringa bir choyqoshiqdan ichiladi. Uch soat o‘tgach, ich suruvchi dori beriladi. Keyin huqna qilinadi.

Urug‘dan qaynatma tayyorlashda 120-150 gramm mag‘zi yanchilib, ustiga ikki barobar miqdorda suv quyiladi. Qaynar holatga yetkazmasdan, ikki soat tutib turiladi. To‘ppasi siqib olingan suvli malham bir choyqoshiqdan ichiladi. Qovoq yog‘i yuqumli kasalliklarga chidamlilikni oshiradi, o‘pka va nafas yo‘li yallig‘lanishining oldini oladi, ichki a’zolarni tozalaydi, buyrak, quvuq va jigar ishini yaxshilaydi. Sariq, jigar qurushi, oshqozon-ichak, teri kasalliklari va chillayarani (ekzema) davolashda ishlatiladi. Teri qurishining oldini oladi, ko‘z kasalliklari, masalan, uzoqni ko‘ra olmaslik nuqsonida tavsiya etiladi. Erkaklarda uchraydigan prostatitni va prostata bezi adenomasini davolashda muhim vosita hisoblanadi.

Kasalliklarni davolashda qovoq yog‘ini ovqatlanishdan yarim soat oldin yoki ikki soat keyin bir choyqoshiqdan uch mahal ichish kerak. O‘ttiz-qirq besh kun ichilgach, ikki oy tanaffus qilinadi. So‘ng shu yo‘sinda yana qayta ichish tavsiya etiladi. Qovoqning quritilgan va yanchib maydalangan bandi qaynatmasi ikki choyqoshiqdan kuniga uch martadan ichilsa, siydik haydab, badan shishini ketkizadi.

Qovoq guli qaynatmasi esa qand kasalida bo‘g‘imlarda hosil bo‘ladigan hamda asab bilan bog‘liq (trofik) yaralarni bitiruvchi xususiyatga ega. Bunda qaynatma latta yoki paxtaga shimdirilib, yara ustiga qo‘yiladi. Soyada quritilgan gul kukuni jarohatga sepilsa, foyda qiladi. Malhamni tez tayyorlash maqsadida qovoq gulini so‘litib, duxovkada quritib olish ham mumkin.

O‘MI Matbuot xizmati

Tabobat
Boshqa maqolalar

Qur’oni karim tafsir qilinishga muhtojmi?

26.09.2025   2232   2 min.
Qur’oni karim tafsir qilinishga muhtojmi?

Qur’oni karim oyatlarini tafsir, sharhlashga ehtiyoj bormi? Binobarin Qur’oni karimning qator oyatlarida Alloh taolo oyatlarni tushunish va fahmlash oson, yengil ekanligi ta’kidlangan-ku? Bundan go‘yoki Qur’on oyatlarini tushuntirishga hojat yo‘qdek ko‘rinadi. Biroq, oyatlar diqqat bilan o‘rganilsa, Qur’oni karimda ikki xil hodisa va narsalar bayon etilishi ma’lum bo‘ladi.

Ulardan biri oddiy voqelikka taalluqli bo‘lib, oldingi payg‘ambarlar, ularning xalqlari bilan bog‘liq tarixiy voqealar, Allohning ne’matlari, osmon va yerning yaratilishi, ilohiy qudrat va hikmat, do‘zax azoblari haqidagi hamda boshqa xabarlarni o‘z ichiga oladi.

Ikkinchisi esa, shariat ahkomlari, ixtilofli masalalarni o‘z ichiga oladi.

Qur’onda zikr (dars, va’z, nasihat) deb nomlangan birinchi turdagi mavzuni, shubhasiz, tushunish oson, hatto savodsiz dehqon ham undan o‘zi manfaat topishi mumkin. Bu haqda Qur’oni karimda bunday deyilgan:

وَلَقَدۡ يَسَّرۡنَا ٱلۡقُرۡءَانَ لِلذِّكۡرِ فَهَلۡ مِن مُّدَّكِرٖ

"Biz Qur’onni zikr (eslatma) uchun oson qilib qo‘ydik. Bas, eslatma oluvchi bormi?!" (Qamar surasi, 22-oyat).

Oyatdagi "Zikr uchun" so‘zi asosiy diqqatini Qur’ondan o‘rganishga qaratadi va faqat shu maqsadda oson, degan ma’noni anglatadi, lekin hech qanday holatda bu osonlik qonunlar va ta’limotlarning talqini bilan bog‘liq emas. Agar bu turdagi narsalar va hodisalarning ta’birini har kim bilsa edi, Alloh taolo Payg‘ambarimizga Kitobni o‘rgatish va tushuntirish vazifasini yuklamagan bo‘lardi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, Qur’on oyatlarini tushuntirish, sharhlashda Payg‘ambar alayhissalomga muhtoj bo‘linadi. Alloh taolo bu haqda bunday marhamat qiladi:

وَتِلۡكَ ٱلۡأَمۡثَٰلُ نَضۡرِبُهَا لِلنَّاسِۖ وَمَا يَعۡقِلُهَآ إِلَّا ٱلۡعَٰلِمُونَ

"Ushbu misollarni Biz odamlar (ibrat olishlari) uchun ayturmiz. (Lekin) ularni faqat olimlargina anglagaylar" (Ankabut surasi, 43-oyat).

Shunday qilib, birinchi turga oid oyatlarni tushunish osonligi, Qur’ondagi amrlarning qonuniy va amaliy xulosalarini aniqlab beradigan payg‘ambarga ehtiyojni istisno qilmaydi.


"Islom shariatida sunnatning o‘rni" kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi