Savol: Safarda to‘rt rakatli farz namozlari ikki rakat o‘qilishini bilamiz. Manzilga mashinada tez yetib olish mumkin bo‘lgani bois bu namozlarni to‘liq o‘qisa bo‘ladimi? Shu haqda ma’lumot bersangiz.
(Andijon viloyati, Jalolobod tumani).
Javob: Anas ibn Molik roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Madinada peshinni to‘rt, asrni Zulhulayfada ikki rakat o‘qidim”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Ushbu rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam safarni qasd qilgan bo‘lsalar ham, Madinadan ketishga ulgurmaganlari uchun peshinni to‘rt rakat qilganlar va shahardan chiqib Zulhulayfa degan joyda asrni qasr qilganlar.
Musofir kishi to‘rt rakatli farz namozlarni qasr, ya’ni, ikki rakat qilib o‘qishi hanafiy mazhabida vojib, uni to‘rt rakat o‘qisa, gunohkor bo‘ladi (“Muxtasari Viqoya”). Chunki to‘rt rakatli farz namozlarning ikki rakati musofirga farzdir (“Hidoya”, “Fatovoi Hindiya”). Bu degani, agar uni to‘liq o‘qib birinchi qa’dada adashib o‘tirmasa, oxirgi qa’dada o‘tirmagani uchun namozi buziladi, deganidir. Musofirning belgilangan masofani tez yo sekin bosib o‘tishiga qaralmaydi va tezyurar ulovlardagi kishi ham qasr qilib o‘qiydi.
Musofir o‘z yurtining uylaridan o‘rtacha piyoda yurishda uch kunu uch kechalik (kamida 90 kilometr) masofani qasd qilib, shahri yoki qishlog‘ining chetidagi uylardan ajragan odamdir. Shaharga tutashgan qishloq bo‘lsa, o‘shandan o‘tishi bilan uning musofirligi boshlanadi (“Al-Mavsu’atul fiqhiya”).
“So‘ragan edingiz” kitobidan
Bugun 17 iyun 2026 yil Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining 2025-2026- o‘quv yili bitiruvchi kurs talabalari uchun yakuniy attestatsiya imtihonlari Umumta’lim fanlari: O‘zbekiston tarixi, Milliy g‘oya hamda O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi fanlari bo‘yicha boshlandi.
Mazkur imtihonlarda Yakuniy attestatsiya komissiyasi raisi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi, Ulamolar kengashi a’zosi Rahmatillo domla Usmonov ishtirok etib, bitiruvchi talabalarga muvaffaqiyat tiladilar hamda ularning kelgusidagi ilmiy-ma’rifiy faoliyatiga oid tavsiya va nasihatlar berdilar.
Yakuniy attestatsiya imtihonlari belgilangan tartib va mezonlar asosida davom etmoqda.