Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

29.12.2017 y. Umrning qadri

26.12.2017   7816   10 min.
29.12.2017 y. Umrning qadri

 بسم الله الرحمن الرحيم

Umrning qadri

 

         Muhtaram birodarlar! Mana 2017 yil ham nihoyasiga yetib, umrimizdan yana bir yili ortda qoldi. Zero, Alloh taolo bu dunyo hayotini va undagi barcha narsalar, jumladan sizu biz insonlarni ham foniy qilib yaratdi. Alloh taolodan boshqa hech narsa boqiy emasligini Qur’oni karimda bayon qildi:

كُلُّ مَنْ عَلَيْهَا فَانٍ وَ يَبْقَى وَجْهُ رَبِّكَ ذُو الْجَلَالِ وَالْإِكْرَامِ   (سُورَةُ الرّحمَنِ/26-27).

ya’ni: (Yer) yuzidagi barcha mavjudot foniydir. Ulug‘lik va Ikrom sohibi bo‘lmish Rabbingizning “yuzi” boqiy qolur” (Ar-Rahmon surasi, 26-27-oyatlar). Darhaqiqat, umrimizning bir qismi bo‘lmish o‘tkazgan bu yilimizda qanchalik xayrli va savobli ishlarni qilganimiz yoki gunoh va xatolarga yo‘l qo‘yganligimiz endi, oxiratda o‘zimizga hujjat bo‘ladi. Yaxshilik bilan o‘tkazgan bo‘lsak, alhamdu lillah, ammo gunoh va xatolarni ko‘p qilgan bo‘lsak, ularni to‘g‘rilab olish uchun hali imkonimiz bor. Zero, insonning umri nihoyasiga yetgach kamchiliklarni to‘g‘rilashning imkoni qolmaydi. Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:

وَهُمْ يَصْطَرِخُونَ فِيهَا رَبَّنَا أَخْرِجْنَا نَعْمَلْ صَالِحًا غَيْرَ الَّذِي كُنَّا نَعْمَلُ أَوَلَمْ نُعَمِّرْكُمْ مَا يَتَذَكَّرُ فِيهِ مَنْ تَذَكَّرَ وَجَاءَكُمُ النَّذِيرُ فَذُوقُوا فَمَا لِلظَّالِمِينَ مِنْ نَصِيرٍ  (سُورَةُ الفاطر/37).

ya’ni: “Ular u joyda: “Parvardigoro, bizlarni (azobdan) chiqargin – bizlar qilib o‘tgan amallarimizdan boshqacha yaxshi (amallarni) qilaylik!” – deb faryod qilurlar. Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi (payg‘ambar) ham kelgan edi-ku! Bas, endi (jazolaringizni) totaveringiz! Zolimlar (kofirlar) uchun yordamchi bo‘lmas” (Fotir surasi, 37-oyat). Umrni g‘animat bilish haqida Payg‘ambarimiz s.a.v.dan ko‘plab hadislar, sahobalardan asarlar vorid bo‘lgan. Abdulloh ibn Umar r.a. aytadilar:

عَن عَبدِ الله بنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنهُمَا قَالَ، أَخَذَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِمَنْكِبِي، فَقَالَ: "كُنْ فِي الدُّنْيَا كَأَنَّكَ غَرِيبٌ أَوْ عَابِرُ سَبِيلٍ" وَ كَانَ ابْنُ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنهُمَا، يَقُولُ: "إِذَا أَمْسَيْتَ فَلاَ تَنْتَظِرِ الصَّبَاحَ، وَإِذَا أَصْبَحْتَ فَلاَ تَنْتَظِرِ المَسَاءَ، وَخُذْ مِنْ صِحَّتِكَ لِمَرَضِكَ وَمِنْ حَيَاتِكَ لِمَوتِكَ" (رواه الإمام البخاري).

ya’ni: Rasululloh s.a.v. mening yelkamdan tutib shunday dedilar: “Dunyoda go‘yo g‘aribdek yoki yo‘lovchidek bo‘l”. Shundan so‘ng Ibn Umar r.a. ham: “Kech kirsa tongni kutib o‘tirma, tong otsa kech kirishini kutib o‘tirma, sog‘lik vaqtingda bemorligingda qilaolmaydigan ishlaringni qilib qol, tirikligingda vafotingdan keyin asqotadigan amallarni qilib qol”, deb yurar edi (Imom Buxoriy rivoyati). Ibn Abbos r.a.dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat qiladilar:

روي عن ابن عباس رضي الله عنهما أن النبي صلى الله عليه وسلم قال لرجل يعظه:اغْتَنِمْ خَمْسًا قَبْلَ خَمْسٍ: شَبَابَكَ قَبْلَ هِرَمِكَ، وَصِحَّتَكَ قَبْلَ سَقَمِكَ، وَغِنَاءَكَ قَبْلَ فَقْرِكَ، وَفَرَاغَكَ قَبْلَ شُغْلِكَ،
 وَحَيَاتَكَ قَبْلَ مَوْتِكَ“) رواه الإمام الحاكم.(

ya’ni: Rasululloh (s.a.v.) bir odamga nasihat qilib turib unga:
“Sen besh narsani besh narsadan avval g‘animat bilgin: yoshligingni qariligindan avval, salomatligingni kasal bo‘lishingdan avval, boyligingni faqirligingdan avval, bo‘sh vaqtingni bir ishga mashg‘ul bo‘lmasingdan avval va hayotligingni  o‘limingdan avval g‘animat bilgin”, - dedilar (Imom Hokim rivoyati).

         Ushbu hadisni birinchi va beshinchi nasihatlarini kengroq sharh qilamiz.

Birinchi: “Yoshlik, o‘spirinlik davrini keksayib, munkillab qolishdan avval g‘animat bilmoqlik”. Yoshlikda qilingan ishlar puxta, mustahkam bo‘ladi, ibodatlarning savobi ham ortiq bo‘ladi. Shuning uchun ham hamma zamonda mamlakatning kelajakdagi mustahkamligi, uning kuch-qudrati, taraqqiyoti usha mamlakat yoshlarining salohiyati bilan chambarchas bog‘langan. “Yoshlikda olingan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”, deyiladi hadisda.

Beshinchi: Tiriklikni o‘lim kelishidan oldin g‘animat bilmoqlik”. Alloh taolo insonni dunyoga keltirib, unga Payg‘ambar yuborib, unga shariat ahkomlarni yetkazdi. O‘z navbatida shariat ko‘rsatmalariga amal qilgan kishilarga ulug‘ savoblarni va’da qildi. Shariat qoidalarga amal qilish – qilmaslik Alloh uchun hech qanday foyda yoki zarar keltirmaydi. Bas shunday ekan, inson hayotida Allohning amriga nechog‘lik itoat etsa, kelajakda oxirati ham obod bo‘ladi. Oqil inson - hayotiy dunyodan oxirati uchun foydalanib qolgan kishidir. Alloh taolo Qur’oni karimda:

 

الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا وَهُوَ الْعَزِيزُ الْغَفُورُ  (سُورَةُ الملك/2).

ya’ni: “(U) sizlarning qaysi biringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan zotdir. U Aziz (qudratli) va G‘afur (kechirimli)dir.”,- deb marhamat qiladi (Mulk surasi, 2-oyat).

Muhtaram azizlar! Mo‘min kishi dunyoning o‘tkinchiligini, oxirat hayotining abadiy ekanligini hech qachon esidan chiqarmasligi, ayni paytda Alloh bergan umrini dunyo va oxirati uchun foydali bo‘lgan amallar bilan o‘tkazishga harakat qilmog‘i, dunyoning yolg‘onchi hoyu-havaslariga aldanib, gunoh va ma’siyatlar bilan o‘tkazishdan ehtiyot bo‘lmog‘i lozim. Hozirgi kunda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning ko‘payib ketishiga sabab bo‘layotgan omillardan biri ularning oxirat kunida bo‘ladigan voqe’liklarni tafakkur qilmasliklari, qilayotgan jinoyatlarining oqibati dunyo-yu oxiratda ularga foyda bermasligi, aksincha bu amallar ularga xasrat va nadomat bo‘lishlini anglamayotganidandir.

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish
va turli zararli odat va ta’sirlardan ehtiyotlab saqlash hozirgi zamonning eng dolzarb masalasidir. Zero, aql va tanani muhofaza qilib, uni ehtiyotlab saqlash har bir inson uchun ham farz, ham qarz amaldir. Shundagina inson Alloh va uning Rasuli hamda rahbarlari buyrug‘iga itoat qiladigan, irodali, iymonli, aqlli, sog‘lom, odob-axloqli, jismonan barkamol, o‘z diniga himmatli, xalqiga fidokor, yurt manfaatini ko‘zlovchi, Vatanni sevuvchi va ardoqlovchi, hammaga barobar yaxshilikni ravo ko‘ruvchi, mas’uliyatni to‘la his qiluvchi, inson bo‘lishi mumkin.

Ayni shu ma’no va mazmun Alloh taboka va taoloning qo‘yidagi oyati karimasida mujassamdir:

وَالَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ لَنُكَفِّرَنَّ عَنْهُمْ سَيِّئَاتِهِمْ وَلَنَجْزِيَنَّهُمْ أَحْسَنَ الَّذِي كَانُوا يَعْمَلُونَ

 (سُورَةُ العنكبوت/7).

ya’ni, “Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarning gunohlarini, albatta, o‘chirurmiz va ularni qilib o‘tgan chiroyli amallari bilan mukofotlagaymiz” (Ankabut surasi, 7-oyat).

 

Ilova

Milodiy sana haqida

 

Muhtaram azizlar! Milodiy yil deganda quyoshning chiqib-botishi bilan hisoblanadigan shamsiy sanani anglamog‘imiz kerak. Mana shu quyosh nuri yil davomida qachon kuchayadi, qachon kamayadi, shunga qarab, dehqonlar bahor, yoz, kuz, qish fasllariga e’tibor berib, o‘z dehqonchiliklarini qachon boshlab, qachon yig‘ishtirib olish lozimligini belgilab keladilar. Shamsiy-milodiy sana hisobidagi 12 oyni har bir xalq o‘z tilida nomlagan. Masalan, biz ko‘proq arabcha, o‘zbekcha, ruscha nomlarini qo‘llaymiz: Hamal, Savr, Javzo, Saraton, Asad, Sunbula, Mezon, Aqrab, Qavs, Jadiy, Dalv va Hut kabi nomlar xalqimizga azaldan tanish. Yanvar, fevral, mart, aprel, may, iyun, iyul, avgust, sentyabr, oktyabr, noyabr va dekabr oylari keng istemolda ekani ham barchaga ma’lum. Mazkur oylar nomining xristian dini bilan bog‘liq joyi yo‘q.

Lekin xalqimiz ichida “Yangi yilni, ya’ni 1-yanvar kunini kutib olish, bayram qilish, bir-birini tabrik qilish musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydi, u xristianlarning bayrami” kabi gaplarni gapirib yuruvchilar ham bor. 1 yanvar xristianlarning bayrami emas, balki shamsiy-milodiy sana bilan yil hisobini yurituvchi xalqlarning hammasi uchun yil boshi sifatida qarshi olinadigan kun. Vaholanki, xristianlarning “Rodjestvo” kuni 25 dekabr yoki 7 yanvarga to‘g‘ri keladi. 1-yanvarni esa barcha dunyo xalqlari qatori biz ham yilning yangilanishi sifatida kutib olamiz va bir yil davomida qo‘lga kiritgan yutuq va kamchiliklarimizni birma-bir sarhisob qilib olamiz. Biz yangi yilni musulmoncha e’tiqod bilan kutib olamiz. Hatto dinimiz ta’limoti bo‘yicha har bir kunni qarshi olishda “Mana shu yorug‘ kunga salomat yetkizganingga shukr” – deb Alloh taologa hamdu sanolar aytishimiz lozim.

“Bayonun lin-nas” nomli kitobda bu xususda musulmonlar uchun ancha kenglik borligi qayd etilgan. Dalil sifatida “Rum” surasining
1-5 oyatlari va hadisi shariflardan keltirilib, ikki hayitdan boshqa ma’lum kunlarda barhaq payg‘ambarlar hayotida yuz bergan muhim voqea va sanalarni bayram qilish va bayramlar diniy hamda dunyoviy sabablar munosabati bilan nishonlash durustligi zikr etilgan.

Binobarin, yangi milodiy-shamsiy yilni diniy bayram sifatida emas, yilning yangilanishi, umrimizga umr qo‘shilishi, eski yilda qilib ulgurmagan xayrli ishlarimizni yangi yilda qilish uchun yaxshi niyatlar bilan kutib olishimiz aqlan va shar’an joizdir.

 

Alloh taolo kirib kelayotgan yangi 2018 yilni barchamizga xayrli va muborak aylab, yurtimizga tinchlik, xonadonlarimizga qut-baraka nasib aylasin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Ummatimga tahdid qilingan narsa keladi

11.07.2025   4526   4 min.
Ummatimga tahdid qilingan narsa keladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ أَبِي مُوسَى t قَالَ: صَلَّيْنَا الْمَغْرِبَ مَعَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، ثُمَّ قُلْنَا نَجْلِسُ حَتَّى نُصَلِّيَ الْعِشَاءَ، فَخَرَجَ عَلَيْنَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: مَا زِلْتُمْ هَاهُنَا، قُلْنَا: نَعَمْ يَا رَسُولَ اللهِ، قُلْنَا نَجْلِسُ حَتَّى نُصَلِّيَ الْعِشَاءَ، قَالَ: أَحْسَنْتُمْ أَوْ أَصَبْتُمْ، ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ إِلَى السَّمَاءِ وَكَانَ كَثِيرًا مَا يَفْعَلُهُ فَقَالَ: النُّجُومُ أَمَنَةٌ لِلسَّمَاءِ فَإِذَا ذَهَبَتِ النُّجُومُ أُتِيَ السَّمَاءَ مَا تُوعَدُ، وَأَنَا أَمَنَةٌ لِأَصْحَابِي فَإِذَا ذَهَبْتُ أُتِيَ أَصْحَابِي مَا يُوعَدُونَ، وَأَصْحَابِي أَمَنَةٌ لِأُمَّتِي فَإِذَا ذَهَبَتْ أَصْحَابِي أُتِيَ أُمَّتِي مَا يُوعَدُونَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Shom namozini o‘qidik. So‘ngra «Xuftonni o‘qigunimizcha o‘tirib turaylik», dedik. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga chiqdilar va:

«Hali ham shu yerdamisizlar?» dedilar.

«Ha, yo Allohning Rasuli. Xuftonni o‘qigunimizcha o‘tirib turaylik, dedik», deb javob berdik.

«Yaxshi qilibsizlar» yoki «To‘g‘ri qilibsizlar», dedilar u zot. So‘ngra boshlarini osmonga ko‘tardilar. Ko‘pincha shunday qilar edilar. Ke­yin u zot:

«Yulduzlar osmon uchun omonlikdir. Qachon yulduzlar ketsa, osmonga unga tahdid qilingan narsa keladi. Men sahobalarim uchun omonlikdirman. Qachon men ketsam, sahobalarimga ularga tahdid qilingan narsa keladi. Sahobalarim ummatim uchun omonlikdirlar. Qachon sahobalarim ketsalar, ummatimga ularga tahdid qilingan narsa keladir», dedilar».

Muslim rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida bo‘ladigan suhbatlardan birining mazmuni haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlari o‘sha paytdagi Islom jamiyatining qalbi – yuragi ekanligi hammaga ma’lum. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning shaxslari musulmonlarga o‘rnak bo‘lganidek, u zotning masjidlari ham o‘zga masjidlarga o‘rnakdir. Islom jamiyatida har bir masjid o‘z qavmidan tashkil topgan kichik jamiyatning tinimsiz urib turgan yuragi bo‘lishi kerak.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mazkur suhbatda sahobai kiromlarga ajoyib o‘xshatish ila o‘zlarining fazllarini bayon qilib bermoqdalar:

«Yulduzlar osmon uchun omonlikdir».

Yulduzlar osmonda tursalar, osmon omon bo‘ladi. Ular osmonning omonlik ishonchlaridir.

«Qachon yulduzlar ketsa, osmonga unga tahdid qilingan narsa keladi».

Osmonga tahdid qilingan narsa uning nizomining buzilishi va qiyomat qoim bo‘lishidir.

«Men sahobalarim uchun omonlikdirman».

Osmon yulduzlar bilan omon turganidek, sahobai kiromlar ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan tinch-omon yashar ekanlar.

«Qachon men ketsam, sahobalarimga ularga tahdid qilingan narsa keladi».

Sahobai kiromlarga tahdid qilingan narsa ularning oralarida xilof va kelishmovchiliklar kelib chiqishidir.

«Sahobalarim ummatim uchun omonlikdirlar».

Osmon yuduzlar bilan, sahobai kiromlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan tinch-omon yashaganlaridek, Islom ummati ham sahobai kiromlar bilan tinch yashar ekanlar.

«Qachon sahobalarim ketsalar, ummatimga ularga tahdid qilingan narsa keladir».

Islom ummatiga tahdid qilingan narsa havoi nafsga ergashish va molu dunyoga o‘ch bo‘lish kabi nuqsonlarga mubtalo bo‘lishdir.

Ushbu hadisi sharifdan sahobai kiromlarning fazllari qanchalik ulug‘ ekanligini bilib olishimiz kerak. Ana shunday ulug‘ fazl egalari bo‘lgan zotlarni hurmatlash va ulardan o‘rnak olish musulmon ummatining burchidir.


«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi