Islom ummatini zalolat yo'liga boshlayotgan “Hizb ut-tahrir” siyosiy guruhining rahnamolari o'zlarining botil g'oyalarini dalil bilan qo'llab-quvvatlash uchun Qur'oni karim va hadisi shariflarni noto'g'ri talqin qilishadi.
Jumladan, “Hizb ut-tahrir” nashrlaridan biri bo'lgan “Siyosiy fikrlar” kitobida, “Hizb ut-tahrir”ni tashkil etish, aslida, Islom ummatiga Qur'oni karimning Oli Imron surasi 104-oyatining qat'iy talabi bilan farz deb, da'vo qilishadi.
وَلْتَكُن مِّنكُمْ أُمَّةٌ يَدْعُونَ إِلَى الْخَيْرِ وَيَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنكَرِ وَأُولَٰئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ
“Sizlardan yaxshilikka da'vat etadigan, amri ma'ruf va nahiy munkar ishlarini olib boradigan (bir) ummat bo'lsin!”
Mazkur oyatda kelgan “Ummat” lafzi, jamoat ma'nosida kelgan bo'lib, “Hizb ut-tahrir” rahnamolari o'zlariga nisbat berishadi. Oyatda majhul (noma'lum) siyg'ada “bir ummat” deyilgan, usha ummat bizmiz deyishadi. Vaholanki, Hizb ut-tahrir firqasi hammaga ma'lum bo'lgan siyosiy radikal jamoa. Ushbu oyat nozil bo'lganiga 1400 yil bo'lgan, bu adashgan firqaning tashkil etilganiga hali 100 yil ham bo'lgani yo'q. Ular bu oyat aynan bizga nozil bo'lgan, deya nohaq da'vo qilishadi.
Demak, ularning da'vosi rost bo'lsa 1400 yil davomida Islom ummati bu oyatga amal qilmay “Hizb ut-tahrir” jamoasini tashkil topishini kutib yotgan ekanda! Qolaversa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrida ham, sahobalar davrida ham, keyinroq, ummaviylaru abbosiylar davrida ham, qo'yingki, usmoniylar davrida ham, hech bir zamonda musulmon olimlar tarafidan ushbu oyatga amal qilish maqsadida, alohida bir jamoa tuzilib, unga amir saylash masalasi ko'tarilmagan.
Tafsir kitoblariga nazar tashlar ekanmiz, mufassirlar bu oyatni quyidagicha tafsir qilishgan:
Imom Tabariy o'zining “Tafsiri Tabariy” asarida mazkur oyat xususida Zahhokdan: “Ular (usha oyada zikri kelgan jamoa) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xos sahobalari, xos roviylaridir” deb rivoyat qilgan.
Bu oyat, roviylar tomonidan rivoyat qilingan sahih hadislar orqali tafsir qilingan. Oyat tafsirlarini jamlab umumiy tahlil qilib aytish mumkinki, sahoba va roviylardan iborat bo'lgan, Islom ummatining ilm ahlidan bo'lgan xos da'vatchilari, hamda ularning davomchisi bo'lgan ulamolar jamoasi. Ko'rinib turibdiki, o'tmishda o'tgan salafi solihlarimiz oyatdagi “Ummat” lafzini kelajakda paydo bo'lishi mumkin bo'lgan botil firqalarning birortasiga nisbat bermagan.
Hulosa qilib aytish mumkinki, “Hizb ut-tahrir” kabi adashgan firqalar o'zlarining jirkanch g'oyalarini keng yoyish maqsadida Qur'oni karim va hadisi shariflarni noto'g'ri talqin qilish orqali yolg'on da'vo bilan chiqmoqdalar. Ularning botil da'volariga qarshi chiqib, Islom ummatini bu xavfdan ogohlantirish, har bir ilm ahli zimmasidagi dolzarb vazifadir.
O'ljayev Umarali - Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari davomida Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida juma namozini ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga “Muruvvatli bo‘lish — oliy fazilat!” mavzusida manfaatli ma’ruza qilib berdilar.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, muruvvat — mehr-shafqat, saxovat va muhtojlarga yordam berish kabi eng go‘zal insoniy fazilatlardan sanaladi. O‘zini saxovatli deb bilgan inson o‘z manfaatini o‘zgalardan ustun qo‘ymasligi, keksalar holidan xabar olishi, yiqilganni suyash orqali qalban xotirjamlik topadi.
Shuningdek, bugungi tezkor zamonda bir-birimizga bag‘rikeng bo‘lish jamiyatda tinchlik, baraka hamda hamjihatlikni barqaror qilishi, ushbu oliy fazilatni o‘zimizda shakllantirib, farzandlarimizga meros qoldirish har birimizning burchimiz ekanligi alohida uqtirildi.
Fayzli suhbat yakunida yurtimizga tinchlik-omonlik va xonadonlarimizga baraka tilab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati